22:09 / 16.02.2017
3 846

Biz nega JChlarga bora olmaganmiz?!

Biz nega JChlarga bora olmaganmiz?!

“Baxtli onlarda qayg‘uli kunlaringni eslab tur, shoyad shu bilan baxtli onlaring yanada cho‘zilsa…” L.Tolstoy

Menga farqi yo‘q, do‘ppilar osmonga irg‘itilayotgan paytda, men o‘sha do‘ppini otmaslikka, yaxshisi, uni bir chetga qo‘yib, kelajak haqida o‘ylagim kelmoqda. Bahrayn bilan kechgan bahsdan keyingi kayfiyatimni-da yuz sakson gradusga o‘zgartirib, moziyning achchiq sahifalaridan bir nimalar izlashga kirishmoqchiman. Zero, bu sahifalar mening hayotimda tinmasdan takrorlanaverib, asabimni tarang qilib qo‘ygan. Ha, besh marta takrorlangan. Demakki, uning haqiqatligi, to‘g‘riligi va hech qanday tasodif emasligi turgan gapga aylangan. Oltinchi marta takrorlanmasligi uchun ham hozir gapirmasam bo‘lmaydi. Keyin kech bo‘ladi.

Sarlavhamizda keltirilgan savol sizni ham bezovta qilgan-ku, to‘g‘rimi? Ushbu sahna ko‘rinishlarining takrori sizni ham ajablantirgan-ku? Ha, bu aslida oson savoldek ko‘rinsa-da, javobi anchayin murakkabligini ham bilasiz. Barcha sabablarni sanab o‘tish orqaligini uning javobi mukammal ko‘rinishga kelishi mumkinligini-da bilasiz. Keling, shu haqiqatlarni bilsangiz, ushbu savolga birgalikda javob topib ko‘raylik. Qanday sabab va omillar mundial maydonlarida to‘p surishimizga to‘sqinlik qilaveradi?


ChEMPIONATIMIZ ZAIF

Mana shu haqiqat bilan boshlaymiz-a?! Zero, milliy chempionat terma jamoaning ko‘zgusi hisoblanadi. Ispaniya, Italiya, Fransiya, Germaniya va Angliya chempionatlarining kuchini bilamiz va ularning terma jamoalari ham yuqori saviyada yashab kelishganini kuzatganmiz. Milliy chempionat butun dunyoda shu vazifani bajaradi o‘zi – uning kuchi terma jamoada yaqqol aks etishi kerak. Bir paytlar bu kriteriyadan Braziliya mustasno sanalardi. Hozir ular ham qo‘shilib ketishdi. Onda-sondagi uchqunchalar (Bolgariya, Senegal, Gresiya va hok) hisobga kirmaydi, albatta.

Milliy chempionatimiz 90-yillarda hozirgiga qaraganda kuchliroq edi va tan olish kerakki, o‘sha paytlari terma jamoamiz ham kuchliroq o‘ynagan. Oliy ligamiz salohiyati yildan yilga tushib ketar ekan, mahalliy yulduzlarning porlashi ham kamayib ketaveradi. Buni ko‘ryapmiz. Bir paytlari Rossiya premer-ligasini to‘ldirib tashlagandik. Endi esa bir-ikki hamyurtimiz o‘yiniga mahliyomiz. Ular ham aslida tasodifiyroq natijalar.

Osiyo mintaqasidan JChga borishga odatlangan yurtlarga qaraylik. Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya va Eron (Shimoliy Koreyaga o‘xshagan “lesterchalar” bu erda misol bo‘la olmaydi). Mana shu mamlakatlarning milliy chempionati ham qit’amizda eng peshqadamlardan. Menimcha, Osiyochalik milliy chempionat saviyasi terma jamoaga ta’sir o‘tkazadigan qit’a bo‘lmasa kerak. Shu bois, yildan yilga saviyasi oqsayotgan oliy ligamizni qutqarib qolmasak, ertaga uning badalini terma jamoamiz orqali to‘laymiz. Juda qattiq to‘laymiz. Ishonavering!


MURABBIYLARIMIZ MALAKASIZ

Yo‘q, yo‘q, murabbiylarimizning malakasiga til tekkizish niyatimiz yo‘q. Bu erda saviya darajasi terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqishga qodirlik kriteriyasi bilan o‘lchanmoqda. Terma jamoamiz boshida juda ko‘p murabbiylar bo‘lishgan. Qaysilaridir juda kuchli bo‘lgandir ehtimol, lekin o‘sha kuchlilar bemavrid olib tashlangan yo Xitoydan kattaroq pul berishsa ketib qolishgan. Lekin ana shu insonlarni ham qo‘shib sanaganda xolis aytadigan bo‘lsak, terma jamoamizni mundialga olib chiqishga arzirli murabbiy ko‘rmaganman men. Bu shaxsiy fikrim, albatta.

Mundial katta musobaqa, u erga tasodifan chiqib bo‘lmaydi. U erlarga borish uchun mutaxassisda katta tajriba, katta ilm va mukammal ish rejasi bo‘lishi kerak. Afsuski, yigirma yillik futbolimizga ko‘z yugurtiradigan bo‘lsak, termamizni eng yirik musobaqaga olib borishga haqiqatan ham arziydigan insonni topa olmaymiz. Ularning aksari klublarimiz darajasida biror bir natijani qo‘lga kiritishlari mumkindir, ammo terma jamoa masalasi, bo‘lib ham JCh yo‘llanmasidek og‘ir vazifani uddalash salohiyatida ko‘rilmaydilar. Agar siz kimgadir umid qilgan bo‘lsangiz yo kimnidir bu nomga haqli bo‘lgan, desangiz, fikrlarimiz turfa xil ekan. Lekin siz tomonda turganlar juda kamligini ham bilaman.


LEGIONERLARIMIZ DANGASA

Ha, men aynan shu legionerlarimizdan ko‘p bora xafa bo‘lib ketganman. Hozir-ku, ularsiz terma jamoani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu xafagarchilik asrimiz avvalarida ko‘zga tashlangan edi. Ayniqsa, Maks xususida. Shaskix juda kuchli futbolchi. U jahon yulduzlari safida tursa ham arziydi. Tabiiyki, Kiev “Dinamo”si safida o‘ynab ketish har kimga emas. Mana shunday hujumchimiz bor edi bizning, esingizda bor-a? Ana shu hujumchimizni ko‘p tanqid qilganmiz. Yaxshi o‘ynay olmayapti, deb emas, jonini berib o‘ynamayapti, deb. Chindan ham Maks u qadar ko‘p ter to‘kmasdi terma jamoada. U bilardi, O‘zbekistonga kelganida tengi yo‘qligini, yayov yurib ham boshqa hujumchilardan yaxshiroq o‘ynashini ham yaxshi bilardi. Yomon tomoni, o‘zini shunday tutardi u.

Shaskix eng yomon o‘ynagan o‘yinida ham Irismetov yo Hamidullaevdan zo‘r edi. U shuni bilardi va bilganini ko‘rsatib qo‘yardi. Uni biz boshqa hujumchilarga taqqoslamasdik, o‘ziga taqqoslardik va Kievdagi Shaskixni topa olmay xalak bo‘laverardik.

O‘sha paytlari Shirshov ham legioner edi. O‘sha Shirshovga taqqoslardik qolganlarni. Ko‘p legionerlarimiz o‘tgan asrning oxiri va joriy asrimiz boshlarida o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashganida yo o‘z darajalarida o‘ynab berishganida, hech qursa JCh-2002ga borishimiz kerak edi. O‘sha davr legionerlar maktabi juda kuchli bo‘lgani bois, ularga shu talabni qo‘yish adolatsizlik bo‘lmasdi menimcha. Afsuski, ularning asri ham bizga nursiz xotiralarni qoldirib ketdi.


O‘RTOQLIK O‘YINLARI KAM

Endi bu… eski muammo. Hozir bizga bir qator o‘yinlarni qalashtirib tashlaydiganlar va “bular o‘rtoqlik o‘yini bo‘lmay nima?” deydiganlar ham bordir. Biroq, o‘rtoqlik o‘yinlaridan ma’no bo‘lish kerak, undan ko‘zlangan maqsad bo‘lish kerak va asosiysi, oldindan jiddiy bir reja asosida bo‘lmog‘i darkor. Bizda esa o‘rtoqlik o‘yinlari xo‘jako‘rsinga o‘tkazilishi hech kimga sir emas. Yo bunda murabbiylarning tayinli rejasi yo‘q, yo tayinli rejaning qolipiga tushadigan o‘yinlarni o‘tkazishning imkoni yo‘q. Xullas, yaqinda shu masaladagi muammolar yana boshlanmasaydi, degan xavotir ichida, mavzuni to‘xtatib, darhol keyingisiga o‘tib ketamiz.


AYBDOR MUTASADDILAR

Mutasaddilarning aybi boshqalarnikiga qaraganda ko‘proq ko‘zga tashlanadi bu o‘rinda. O‘rtoqlik o‘yinlaridan tortib, terma jamoaning boshidan tirnog‘iga qadar mas’ul shaxslar o‘shalardir. Beshta jahon chempionati saralash bahslarida qatnashgan bo‘lsak, murabbiylarni tayinlash masalasida juda ko‘p oqsaganmiz. Tavakkaliga ish olib borish uslubi haligacha hukmron. To‘g‘ri, muxlis xalqi xorijdan salohiyatli murabbiy kelishini istaydi. O‘FF esa chamamda, o‘rtamiyonasidan ko‘ra o‘zimizning yaxshilar yaxshimasmi, deydi-da, yilning eng yaxshi murabbiylari bilan cheklanadi. Bu narsa har mundial saralashida takrorlanadi. Qizig‘i, natijasiz qolganimizdan so‘ng, shu eski qarashlarga nisbatan ayovsiz tanqid toshlari otiladi. Bu toshlar haqiqiy toshlardan ancha farqli shekilli, hech kimning boshini yormaydi. Engashib qolishga o‘rganishgan, shekilli?!

Bu yil ham shunga qarab ketyapmiz. Samvel Babayan jamoani qutqarib qoldi. Gap bo‘lishi mumkinmas. Biroq, keyingi o‘yinlar juda og‘ir bo‘lishini bilgan holimizda hozir murabbiyni ham, o‘zimizni ham qiyin ahvolga solib, termani unga topshirsak kerak, deb o‘ylayman. Tamom.

Men bu o‘rinda aslo va aslo pessimistlik qilmayapman, men guvoh bo‘lgan achchiq moziyimdan tajriba orttirgan holda so‘zlayapman bu dardlarni. Shu bois, jerkib tashlashga, hadeb qora ranglarni ko‘rishni bas qil, deyishga oshiqmang. Ertaga Eron va Koreyalarga qarshi saf tortganimizda, 20 yillik qarashlarimizning takroridan yana pand emasak bo‘ldi edi, degan xavotirim bor ichimda. Qiziq, pand esak ham xulosalanmaymiz. “Uchinchi bosqich” nomli qissadan hissalar olmaymiz. Nega???

Sababi, bu qissadan hissalar olish uchun mutasaddilarimizning kamida besh yil oldindan puxta ishlangan rejalari bo‘lmog‘i lozim. Uzoq yillik sa’y harakatlargina o‘z hosilini berishi mumkin bunaqa turnirlarda. Bu haqiqat-ku, to‘g‘rimi? Bizda esa “kuyasan” deb ming marta aytilgan sutni og‘izga olib kelish va kuygandan keyin puflash odati saqlanib qolgan. Oh, qo‘rqamanki, to‘rt yil oldingi ssenariylar takrorlanmasa edi…

OMAD

Ensangiz qotmasin, omad kuchlilarga kulib boqadi-ku, deb. To‘g‘ri, omad kuchlilarning do‘sti. Buni inkor qilmaymiz va hozir ham fikrimizni shu o‘lchov orqali isbotlashga urinamiz. Biz rostan ham bir paytlar kuchli bo‘lganmiz. 1994 yilgi ertagimiz bejiz bo‘lmagan har holda. Raqobati mislsiz darajada kuchli bo‘lgan chempionat tarbiyalanuvchilari o‘sha yillari jahon chempionatiga chiqishsa bo‘lardi. Arzishardi. Afsuski, AQShdagi mundialga mustaqilligimizdan avvalroq qur’a tashlab bo‘lingan-da, biz kech qolgan edik.

Ishonchim komilki, biz 1994 yilgi JChga chiqa olardik. Chunki o‘shandagi tarkibimiz, murabbiylar shtabi, futbolga bo‘lgan munosabatlarimiz, hatto milliy chempionatimiz saviyasi ham mundialga arziydigan salohiyatga ega edi. Afsuski, o‘shanda bizga omad kulib boqmagan. Ko‘ryapsizmi, ba’zida omad kuchlilarni ham chetlab o‘tadi.

… Jiddiy mavzuni hazilroq ohangda yakunlashga qaror qildim baribir. Har holda, bayramda yig‘lash yaxshi emas. Latifa aytib beraman yaxshisi: Quyoshli kun. Hech qayerda loy yo‘q, hamma-yoq yashnab yotibdi. Petya ismli bolakay uyidan qalin kurtkasini kiyib, yomg‘irpo‘shini ko‘targancha chiqib ketayotgan ekan, onasi to‘xtatibdi: “Xoy bola, yomg‘ir yog‘mayogan bo‘lsa, hech qayerda loy bo‘lmasa, sen nega bunaqa kiyinib olding?” Bolakay: “Men topaman!!!” deb javob bergan ekan.

Uzr! Biz ham izlab-izlab topdik.

Xayrulla HAMIDOV

Manba: maydon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Biz nega JChlarga bora olmaganmiz?!