
FIFA 2026-yili bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Jahon chempionati uchun tayyorlangan rasmiy posterni ommaga taqdim etdi. Bu afishada turli milliy terma jamoalardan eng munosib, eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilar saralab joylangani aytilib, jamiyat diqqatini tortdi.
Oldingi turlarda yo‘llanma olgan jamoalar tarkibidan tanlangan sportchilar orasida o‘z namoyishkorona o‘yini bilan muxlislar muhabbatiga sazovor bo‘lgan Eldor Shomurodov ham borligi alohida ta’kidlandi. FIFA posteriga o‘zbek hujumchisining kiritilishi jamoamizning so‘nggi yillardagi o‘sish va rivojlanishining yana bir dalili sifatida qabul qilindi.
Poster uchun saralangan futbolchilar ro‘yxati yirik turnir yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan mamlakatlardan tuzilgan. Hozircha 42 ta davlat AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etish huquqini rasman tasdiqlagan.
Shomurodovning o‘sish dinamikasi va terma jamoaga qo‘shgan hissasi esa alohida e’tirofga loyiq. U milliy jamoa safida 83 ta o‘yinda qatnashib, 43 ta gol urgan va 12 ta g‘alabaga ta’sir qilgan assistlar bilan o‘z nomini zarhal harflar bilan bitib ulgurgan. Bugungi kunda ham Eldor milliy jamoa tarixida eng samarali to‘purar sifatida mutlaq rekordchi hisoblanadi.
Tajribali hujumchining FIFA tomonidan tayyorlangan global afishada aks etishi nafaqat ishtiyoqmand muxlislar, balki butun futbol hamjamiyati uchun ruhlantiruvchi voqea sifatida qabul qilindi. Bu tashabbus O‘zbekiston futboli xalqaro maydonda yanada ko‘proq tanilib, e’tirof etilayotganidan darak beradi.

Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.