Vilyarreal Espanolni yengib, gol seriyasini davom ettirdi

La Liganing 23-turida «Vilyarreal» — «Espanol» uchrashuvi noodatiy ssenariyda kechdi: 87-daqiqagacha har ikki jamoa umumiy hisobda atigi uch marta darvozaga aniq zarba yo‘llagan bo‘lsa-da, tablo 4:0 ni ko‘rsatib turdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Bahs boshida «Espanol» chap qanotdan uzatmani qabul qilgan Omar el-Hilali sakkiz metrdan to‘rni ishg‘ol qildi, biroq hujumdagi qoida buzilishi qayd etilib, gol bekor qilindi. 35-daqiqada esa «Vilyarreal» hisobni ochdi: qanotdan oshirilgan to‘p Tejjon Byukenendan Georg Mikautadzega yetib bordi va hujumchi burilib turib zarbasi bilan to‘pni o‘ng yuqori burchakka joyladi — 1:0. Oradan ko‘p o‘tmay Alberto Moleyro jarima maydonchasiga yorib kirib markazga pas uzatdi, Xose Salinas to‘pni kesaman deb o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi — 2:0.
Ikkinchi bo‘lim boshida Moleyro markazdan oldinga Nikolya Pepeni chiqarib yubordi, hujumchi chap tomonga biroz siljib jarima maydonchasiga kirgach, 15 metrdan pastdan aniq zarba bilan farqni oshirdi — 3:0. 55-daqiqada esa Moleyro bu safar o‘zi yakunlab, 12 metrdan uzoq burchakka aniq tepdi — 4:0.
Uchrashuv so‘ngida «Espanol» kamida bitta javob golini urishga erishdi: burchak zarbasidan keyin Leandro Kabrera bosh bilan hisobni 4:1 ko‘rinishiga keltirdi. Shu tariqa «Vilyarreal» g‘alaba bilan «Atletiko»ga ochkolar bo‘yicha yetib oldi va uchinchi o‘rin uchun kurashni kuchaytirdi, «Espanol» esa ketma-ket to‘rtinchi mag‘lubiyatini qabul qilib, oltinchi pog‘onada qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!