Mbappe Ronaldu bilan do‘stligi haqida ochiq gapirdi...

«Real Madrid» hujumchisi Kilian Mbappe futbol olami afsonalaridan biri Krishtianu Ronaldu bilan munosabatlari haqida samimiy fikr bildirdi. Fransiyalik yulduzning so‘zlariga ko‘ra, bolalikdan o‘ziga namuna deb bilgan futbolchi bugun uning yaqin do‘stiga aylangan.
Mbappe VENITE FAIR nashriga bergan intervyusida Ronaldu bilan tez-tez muloqot qilib turishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, portugaliyalik yulduz «Real»dagi ilk yilida unga katta yordam bergan. Bu esa Mbappe uchun nafaqat sport, balki shaxsiy jihatdan ham muhim qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan.
«Krishtianu endi mening do‘stim. Men kumirim bo‘lgan insonning do‘stimga aylanishi juda ajoyib. Biz ko‘p muloqot qilamiz, u «Real»dagi birinchi yilimda menga ko‘p yordam berdi. Munosabatlarimiz juda yaxshi», — dedi Mbappe.
Bu so‘zlar futbol muxlislari uchun alohida qiziqarli. Chunki Krishtianu Ronaldu uzoq yillar davomida «Real Madrid» ramzlaridan biriga aylangan, klub tarixida o‘chmas iz qoldirgan futbolchi hisoblanadi. Mbappe esa aynan shu klubda yangi davr yulduzi sifatida katta umidlar bilan harakat qilmoqda.
Fransiyalik hujumchi 2024 yilda «PSJ»dan erkin agent sifatida «Real» safiga kelib qo‘shilgan edi. Uning Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Demak, Mbappe oldida «qaymoqranglilar» safida katta tarix yozish uchun hali yetarli vaqt bor.
Bu mavsumda Kilian Mbappe «Real» tarkibida barcha turnirlarda 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, 41 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu raqamlar uning Madriddagi moslashuvi juda yuqori darajada kechayotganini ko‘rsatadi.
Ronalduning maslahatlari va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi Mbappe uchun qo‘shimcha kuch bo‘layotgani aniq. Axir o‘zi orzu qilgan klubga kelib, o‘sha klub afsonasidan yo‘l-yo‘riq olish har bir futbolchi uchun katta motivatsiya bo‘ladi.
Qisqasi, Mbappe va Ronaldu o‘rtasidagi munosabat futbolda avlodlar almashinuvining chiroyli ko‘rinishiga o‘xshaydi. Bir davr afsonasi ikkinchi davr yulduziga maslahat bermoqda. Muxlislar esa endi Mbappedan «Real»da yanada katta gollar, hal qiluvchi o‘yinlar va tarixiy lahzalar kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!