date

Abduqodir Husanovga Yevropaning grand klublari qiziqmoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Angliyaning “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov Yevropa futbolida tobora katta e’tibor markaziga aylanib bormoqda. Endi esa uning o‘yinini nafaqat muxlislar, balki futbol afsonalari ham yuqori baholamoqda.

“Manchester Siti” va Shotlandiya terma jamoasining sobiq markaziy himoyachisi Kolin Xendri o‘zbekistonlik futbolchi haqida juda iliq fikr bildirdi. Taҗribali ekspert Husanovni “alohida iqtidor” deb atab, u yaqin kelajakda Yevropaning eng yirik klublari uchun asosiy transfer nishonlaridan biriga aylanishini ta’kidladi.

Xendrining fikricha, 22 yoshli himoyachining “Manchester Siti”dagi jadal rivojlanishi allaqachon Madridning “Real” klubi diqqatini tortgan.

Joriy mavsum Abduqodir Husanov uchun haqiqiy burilish yiliga aylandi. U 2025 yil yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan Angliyaga ko‘chib o‘tganidan keyin qisqa vaqt ichida Pep Gvardiola jamoasining muhim figuralaridan biriga aylanishga muvaffaq bo‘ldi.

Ayniqsa, Natan Ake va Jon Stounz kabi himoyachilarning jarohatlari paytida Husanov jamoadagi bo‘shliqni munosib to‘ldirib, asosiy tarkibdagi o‘rnini mustahkamlab oldi.

Mutaxassislar uning himoyadagi ishonchli harakatlari, vaziyatni tez o‘qiy olishi, kuchli jismoniy tayyorgarligi va sovuqqonligiga yuqori baho bermoqda.

Kolin Xendri ham aynan shu jihatlarga alohida to‘xtaldi.

“Bilaman, Abduqodir “Chelsi”ga qarshi debyut o‘yinida xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Lekin shundan keyin uni har safar kuzatganimda, u o‘zining juda yuqori darajadagi sifatlarini namoyon qildi.

Balkim, avvalgi yillarda “Manchester Siti” himoyasi kuchliroq bo‘lgandir, ammo Husanov hali yana o‘sishi mumkin bo‘lgan futbolchi. Uni ko‘plab klublar sotib olishni xohlaydi. Biroq “Siti”dan o‘yinchini olib ketish oson emas.

“Real Madrid”, “Barselona” va “Bavariya” kabi klublar ham unga qiziqish bildirmoqda. Chunki u haqiqatan ham alohida iqtidor egasi”, — dedi Xendri City Xtra nashriga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, “Manchester Siti” rahbariyati ham o‘zbekistonlik himoyachini klubning kelajakdagi muhim loyihasi sifatida ko‘rmoqda.

Ayni vaqtda Husanovning shartnomasi 2029 yilgacha amal qiladi. Klub rahbarlari, jumladan sport direktori Ugu Viana uni sotilmaydigan muhim futbolchilardan biri deb hisoblayotgani aytilmoqda.

Hatto so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, klub Husanovning tez o‘sishini inobatga olgan holda uning shartnoma shartlarini yaxshilash masalasini ham muhokama qilmoqda.

Joriy mavsumda Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida Angliya Premer-ligasi va boshqa musobaqalarda barqaror o‘yin namoyish qildi. Uning ishonchli harakatlari jamoaga chempionlik uchun kurashda muhim yordam bermoqda.

Mutaxassislar fikricha, agar o‘zbekistonlik himoyachi shu sur’atda rivojlanishda davom etsa, yaqin yillarda u nafaqat Angliya, balki butun Yevropa futbolidagi eng kuchli himoyachilardan biriga aylanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovga Yevropaning grand klublari qiziqmoqda