Mourinyo Vinnisius bilan mojaro ortidan tanqidlarga javob berdi

Chempionlar ligasida «Real»ga qarshi bahs atrofidagi mojaro ortidan «Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyo keskin tanqidlar nishoniga aylandi. U jamoasini oqlab, «Benfika»ni irqchilikda ayblash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Shu bilan birga, Mourinyo «Real» hujumchisi Vinnisius Juniorning gol urilgandan keyingi bayramini provokatsion deb baholab, futbolchining harakatlarini qoraladi. O‘yin davomida Vinnisius «Benfika» futbolchisi Janluka Prestianchini irqchilikda ayblagani ham vaziyatni yanada keskinlashtirdi, UEFA esa hodisa yuzasidan tekshiruv boshladi.
Mourinyoni tanqid qilganlar orasida «Bavariya» bosh murabbiyi Vensan Kompani ham bor. Portugaliyalik mutaxassis esa bu mavzu bo‘yicha batafsil gapirishdan bosh tortdi: «Buni izohlashni xohlamayman. Qiyin bo‘ldi — qaysi darajada ekanini ochiqlamayman, ammo hammaga oson bo‘lmadi», — dedi u O Jogo nashriga.
«Real» va «Benfika» o‘rtasidagi javob uchrashuvi 25 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!