Rossiyaning “Sport-Ekspress” nashri jurnalisti Yevgeniy Belousov Namanganning “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Andrey Antanasovich Kanchelskisdan intervyu oldi.
Suhbat ancha qiziqarli tarzda kechib, intervyu davomida “lochinlar” ustozi ko‘plab masalalarga to‘xtalib o‘tdi. "Navbahor" klubi matbuot xizmati ushbu intervyuni taqdim etdi.
BeINSports kanali Andrey Kanchelskisni Angliya Premer-ligasining barcha tarixlaridagi eng yaxshi rossiyalik legioneri deb topdi. Mahoratli yarim himoyachi Kanchelskis “Manchester Yunayted” tarkibiga 1991 yilda “Shaxtyor”dan qo‘shilgandi. Ikki yildan so‘ng esa u “qizil iblislar”ga 26 yillik tanaffusdan keyin chempionlik unvonini qo‘lga kiritishlariga yordam berdi.
Andrey Kanchelskis mankunianliklar safidagi to‘rt yillik faoliyati davomida 7 ta sovrinni qo‘lga kiritdi, 145 o‘yinda 48 ta golga mualliflik qildi.
Umuman olganda, Kanchelskis “Tumanli Albion”da jami 11 yil faoliyat yuritdi hamda MYUdan tashqari, “Everton” va “Glazgo Reynjers” muxlislari qalbidan ham joy oldi, shuningdek, “Sautgempton” hamda “Manchester Siti” jamoalarida ham to‘p surishga ulgurdi.
Britaniya futboli bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Andrey Antanasovich ayni paytda Namanganning “Navbahor” jamoasini boshqarmoqda va O‘zbekiston Superligasi to‘xtatilgan hozirgi vaqtda klub qarorgohida legionerlar bilan birgalikda karantin qoidalariga amal qilgan holda istiqomat qilmoqda.
- Andrey Antanasovich, umuman olganda kunni qanday o‘tkazyapsiz?
- Klub bazasidagi legionerlar bilan stol tennisi, shaxmat, shashka, narda o‘ynayapmiz. Bir-birimiz bilan suhbatlashyapmiz. Yigitlarda PlayStation bor va ular FIFA o‘yinini o‘ynaydilar, men esa boshqotirmalarni yechyapman. Tez kunlar ichida yangi boshqotirma gazetalarini buyurtma qilishimga to‘g‘ri keladi.
- Shogirdlaringiz sizni virtual futbol o‘ynashga o‘rgatishdimi?
- Yo‘q, bu shunchaki kulgili. Ammo yigitlar shu bilan chalg‘ishmoqda. Menga esa qarta yoki shaxmat o‘ynash qiziqarliroq. Yig‘in davomida bir futbolchi bilan shaxmat o‘ynadim. Garchi u 30 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, osongina mot qilishga muvaffaq bo‘ldim. Yaqinda esa Yashin to‘g‘risida qiziqarli filmni tomosha qildim.
– O‘sha kartina sizga yoqdimi?
- Ha, Danila Kozlovskiyning “Murabbiy” filmidan ancha yaxshi. “Murabbiy” umuman kulgili chiqqan. Yashin to‘g‘risida esa yaxshi film olishibdi va bor haqiqatni ko‘rsatishibdi. Lev Ivanovich bilan uchrashganman. Ammo undan faqat dastxat olganman, xolos.
Yashin bilan suhbatlashish qiziqarli bo‘lardi. O‘shandayoq uning futbol afsonasi ekanligi va bizning darvozabonlar maktabini yuqori darajaga olib chiqqanligini tushunib yetgandim.
- Belarus chempionatini kuzatyapsizmi?
- O‘zimni chalg‘itish uchun kuzatyapman. Jonli tarzda birorta futbol bahsini tomosha qilish qiziqarli, baribir. Sergey Gurenko murabbiylik qilayotgan Minskning “Dinamo” klubi ishtirokidagi 3ta o‘yinni ko‘rdim. Menimcha, Gurenko yangi jamoani shakllantirmoqda. Shuning uchun tarkibga mahoratli futbolchilarni jalb etish imkoniyati yo‘q, menimcha.
- BeINSports kanali sizni APL tarixidagi eng yaxshi legioner, deya e’tirof etdi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
- Bu juda yoqimli holat. Hozir odamlarning bo‘sh vaqtlari ko‘payib qoldi. Shu bois, ko‘pchilik qo‘ng‘iroq qilib, APLda eng yaxshi rossiyalik legioner deb e’tirof etilganim bilan tabriklashdi. Meni shunga loyiq ko‘rishgani uchun barchaga rahmat aytaman.
- Buyuk Britaniyadagi faoliyatingizni iliq xotiralar bilan eslasangiz kerak?
- Albatta, Angliyani ijobiy xotiralar bilan yodga olaman, ayniqsa, “Manchester Yunayted”ni. “Old Trafford” stadionida ilk marta maydonga tushganligimni eslayman. Ilk o‘yinimdayoq meni uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb topishgandi. “Chelsi”ga qarshi kechgan Angliya kubogi bahsidan oldin Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta IIning o‘zi jamoamizga omad tilagandi. Bunday damlarni esa unutib bo‘lmaydi!
To‘g‘ri, qiyin davrlar ham bo‘lgan, ammo futbolda barchasi silliq kechmaydi. Yashin to‘g‘risidagi filmda birgina xato oqibatida dunyo qanday ostin-ustun bo‘lib ketishiga guvoh bo‘ldik. Hattoki, Lev Yashin ham 20 daqiqa davomida antiqahramonga aylandi. Bunga esa doimo tayyor bo‘lish kerak.
Italiyadagi faoliyatim ham yomon kechmagandi. Biroq keyinchalik jarohat oldim. Shotlandiyadagi futbolchilik davrimning ham har bir mavsumini eslay olaman.
- MYU va “Glazgo Reynjers” muxlislari sizni iliq xotiralar bilan eslashadi...
- Ushbu klublarning ishqibozlari bilan ko‘p suhbatlashganmiz. Ishsizligimda Britaniyaga tez-tez tashrif buyurardim. Meni u yerda doimo a’lo darajada kutib olishardi. Hattoki, joriy mavsumda “Manchester Yunayted” va “Everton”ning fan-klublari vakillari ham meni Angliyaga taklif etishdi. Mazkur jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarda ajoyib muhit hukm suradi. Ayni paytda “Navbahor”da ishlayapman va shu bois, u yerga safar uyushtira olmayapman. Shunday bo‘lsa-da, sobiq SSSRdan yangi dunyoga yo‘l olgan hayotimning o‘sha damlarini iliq xotiralar bilan yodga olaman. O‘shanda garchi sobiq ittifoq kommunisti deb hisoblashsa-da, meni Angliyada iliq kutib olishgandi.
- MYUdagi yangi jamoadoshlaringiz ingliz tilini bilmasligingizdan foydalanib, Fergyusonga yomon so‘zlar bilan murojaat etishga undashgani rostmi?
- Ha, bu rost (kuladi). O‘shanda men bilan yangi jamoadoshlarim hazillashishgandi. O‘zim ham o‘sha paytda bunday iboralarni ishlatmaslik kerakligini tushunmagandim. Lekin asosiysi, murabbiyning o‘zi o‘sha hazildan kulib yuborgandi. Umuman olganda, Fergyuson va Lobanovskiy doimo o‘z xatolarini tan olishgan. Bu esa ularning buyuk shaxslar bo‘lishganini bildiradi.
Kiyevning “Dinamo”sidan “Shaxtyor”ga, keyin esa “Manchester Yunayted” tarkibiga qo‘shilganimdan so‘ng, Valeriy Vasilevich Lobanovskiy bilan Moskvada ko‘rishib qoldik. O‘shanda Valeriy Vasilevich garchi o‘zi Kiyevdan ketishimni xohlamagan bo‘lsa-da, “Dinamo”dan ketib, to‘g‘ri yo‘l tutganligimni tan olgandi.
MYUni tark etganimdan keyin esa cer Aleks Fergyuson butun jamoa oldida mendan kechirim so‘rashga tayyor ekanligini bildirgandi.
- Nima uchun sizdan keyin birorta rossiyalik o‘yinchi Angliyada uzoq muddat o‘ynay olmadi?
- Sobiq ittifoq parchalanganidan so‘ng, biz o‘sha paytdagi barcha meros – tizim, g‘oya va an’analardan ham mahrum bo‘ldik. Buyuk futbolchilar yetishib chiqqan sport maktablari va internatlarini yopdik.
Oldinlari bizning terma jamoadan cho‘chishardi. Futbolchi 30 yoshidayoq faxriyga aylanardi. Hozir esa 40 yoshgacha to‘p tepishmoqda va faxriylar yoshlardan ko‘ra yaxshiroq o‘ynashmoqda.
- Yuriy Jirkov “Zenit”da o‘ynashda davom etmoqda. Ammo u Angliyaga xuddi Roman Pavlyuchenko singari Yevro-2008 musobaqasining bronza medali sohibi sifatida ketgandi. Bir yildan so‘ng, ular safiga Andrey Arshavin hamda Diniyar Bilyaletdinov qo‘shilishdi. Ularning Angliyadagi faoliyatlari borasida nima deya olasiz?
- Mazkur futbolchilar Angliyada yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Axir, biz ularning natijalarini eslaymiz-ku! Ularning barchasi sobiq ittifoq parchalanganidan so‘ng, saqlanib qolgan sport maktablarining tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi. Ayni paytda shunday avlod yo‘q va yaqin vaqt ichida ham bo‘lishi dargumon.
- BeIN Sport kanali reytingida 2-pog‘onada qayd etilgan Andrey Arshavin sizning bu boradagi yetakchiligingiz adolatli ekanligini tan oldi va “Everton”ga o‘tib, “MYU”da Devid Bekxemga yo‘l ochib berganligingizni ta’kidladi...
- Bekxem o‘shanda men “Manchester Yunayted”dan ketmaganimda, maydonga tusha olmasligini yozgandi. Devidning o‘ynashiga yo‘l ochib berganligim yoqimli holat (kuladi). Natijada meni Rossiyadan ko‘ra, Angliyada ko‘proq tanishadi.
- Hozirgi paytdagi rossiyalik futbolchilar avlodida APLda o‘ynash potensiali bormi?
- Hozircha shunday futbolchini ko‘rmayapman. Albatta, vatandoshlarimning APLda o‘ynashlarini istayman. Ammo, menimcha, hozir hech kim Angliyaga ketmasa kerak. Ayni paytda biz bir joyda depsinib turibmiz.
Rossiyada jahon chempionati o‘tkazilgan yili 11 ta professional futbol jamoalari o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Yaqinda “Luch” klubi ham tugatildi. O‘sha jamoalardagi futbolchilarni qayerga joylashtirish kerak?
Umid qilamanki, mamlakatimiz futboli rahbarlari barcha muammolarni koronavirusga to‘nkash bilan muammoni hal etib bo‘lmasligini tushunishadi. Ayni paytda yosh futbolchilarni faqat pul qiziqtiradi.Vaholanki, hozir ular futbol to‘g‘risida o‘ylashlari kerak. Klub rahbarlari esa birgina muvaffaqiyatli o‘yinidan so‘ng, yosh o‘yinchilarni supertalant, deya erkalatib yuborishmoqda va ularga salbiy ta’sir o‘tkazishmoqda.
- “Navbahor”dagi shogirdingiz Ivan Solovyov “Sport-Ekspress” gazetasiga bergan intervyusida “Zenit”ga o‘tayotganida futbol agenti Denis Laxter uning nomidan barcha ko‘tarma pullari – 1,3 million yevroni o‘zlashtirganligini tan olgandi...
- Bunday firibgarlarni umuman futbolga yaqinlashtirmaslik kerak! Bizda esa aksincha, futbolchilarni yangi klubga taklif etishadi. Agentlar butun mamlakat bo‘ylab, aylanib yurishadi hamda klub rahbariyati va ommaga o‘zlari taklif etishayotgan yangi o‘yinchilar borasida ertak aytib berishadi.
- O‘tgan yilning yozida mahoratli hujumchi Fyodor Chalovning SSKAdan “Kristal Pelas” tarkibiga qo‘shilishiga bir bahya qolgandi. Sizningcha, u Angliyada o‘ynab keta olarmidi?
- “Kristal Pelas” Londonning boy an’analarga ega bo‘lgan klublaridan biri. Ushbu jamoada Roy Xojson bosh murabbiy sifatida faoliyat olib bormoqda va uning tarkibidan mahoratli futbolchilar joy olishgan. Fyodorning o‘rnida bo‘lganimda, o‘sha transferni amalga oshirish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilardim. Axir SSKA va APL turlicha olam.
O‘z vaqtida men ham tavakkalga qo‘l urganman. Axir, “Shaxtyor”da ham o‘zimni juda yaxshi his qilardim. O‘shanda Donetskda 2 xonali kvartiram bor edi hamda menga “Volga” avtomobili berishgandi. Shuningdek, MYUdagiga qaraganda, “Shaxtyor”da ko‘proq maosh olardim. Shunday bo‘lsa-da, tavakkal qilishga ahd qildim va bu ishim o‘zini oqladi.
– “Rostov” jamoasiga ajoyib tarzda moslashib olgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov ham tavakkalga qo‘l ursa bo‘ladimi?
- Bo‘lmasam-chi? Eldor yaxshi o‘yin namoyish eta oladigan futbolchi. Shuningdek, undan oldin yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Odil Ahmedov “Anji” hamda “Krasnodar” klublarida ajoyib o‘yin namoyish etgandi.
Odil Ahmedov namanganlik va bu yerda sun’iy qoplamali maydonga ega bo‘lgan bolalar futbol maktabini ochdi. Yaqinda esa mahalliy shifoxonalarga yordam berdi.
- 2020 yil yakunida Odil Ahmedovning Xitoyning “Shanxay SIPG” klubi bilan tuzilgan shartnomasi muddati yakunlanadi. Shundan so‘ng, uni o‘zi tug‘ilib-o‘sgan viloyatining bosh jamoasi “Navbahor”ga taklif etasizmi?
- (Kuladi.) Menda bir nafar Ahmedov bor (Odilning ukasi, “Navbahor” sardori Azimjon Ahmedov nazarda tutilmoqda). Uning yoniga akasini ham olib kelishimni taklif qilyapsizmi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
- Nima deb o‘ylaysiz, izolyatsiya (o‘zini yakkalash) holatida hali uzoq qolamizmi?
- Barcha issiq havodan umid qilmoqda. Boisi, 25 darajadan ortiq issiqda koronavirusning o‘lishini ta’kidlashmoqda. Yoz faslida esa bu yerda havo harorati ancha issiq bo‘ladi. Koronavirus to‘xtaganidan so‘ng, global, shu jumladan, futbolga oid masalalarni ham hal etishsa kerak.
- Albatta, hech kim kasalxonalari to‘lib ketgan Italiya, Ispaniya va AQSHning taqdirini takrorlashni xohlamaydi...
- Ayni paytda xalqning ko‘ngliga futbol sig‘maydi. Asosiysi – koronavirusga chalinmaslik va ushbu xastalikdan odamlarni himoya qilish. Shunga qaramay, to‘rt devor orasida bo‘lishiga qaramay, albatta, sport bilan shug‘ullanish shart. Biz ham karantinda bo‘lishimizga qaramay, yakka tartibda mashg‘ulotlar olib boryapmiz.
- Yaqinlaringiz bilan tez-tez gaplashib turibsizmi?
- Onam hozir Ukrainada karantin qoidalariga amal qilyaptilar. Qizim Moskvada, o‘g‘lim Gretsiyada, men esa O‘zbekistondaman. Biz doimo videoaloqa orqali gaplashib turibmiz. Terma jamoalar o‘yini sababli, tanaffus yuzaga kelganida, Rossiyaga ketishni rejalashtirgandim. Keyin esa koronavirus pandemiyasi boshlandi. Shu bois, jamoa bilan qolishga qaror qildim.
Gigiyenaga rioya qilmoq va ehtiyot bo‘lish lozim. Shu vaqt oralig‘ida sabr qilish kerak. Butun dunyoda tibbiyot xodimlari charchoq nimaligini bilmay, mehnat qilib, insonlarning hayotlarini saqlashga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. Barchamiz ularni qo‘llab-quvvatlashimiz shart. Umid qilamanki, eng yaxshi olimlar tez kunlar ichida koronavirusga qarshi vaksinani o‘ylab topishadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...