07:00 / 19.07.2021
4 003

Usmon Toshev Osiyo va Yevropa jamoalarining qulay takliflarini qabul qilmadi. Buning sababini bilasizmi?


“Buxoro” klubi boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan tajribali Usmon Toshev butun e’tiborini ushbu jamoasiga qaratgan. Lekin shuni alohida aytish kerak, bu mutaxassisga doim yangidan-yangi chorlovlar bo‘lib turibdi.

Shunga qaramay, Usmon Qudratovich qadrdon jamoasida ishlashni istadi. Murabbiy klubni pro-ligadan Superligaga qaytarmoqchi. U ayrim masalalar haqida gapirar ekan, avvaliga klub nomini nima uchun o‘zgartirganidan boshladi.

“Buxoro”ni “Nurafshon”ga o‘zgartirish tashabbusi mendan chiqdi”
- Albatta, klub nomini o‘zgartirish tashabbusi mendan chiqdi. Buni xalq ham xohlayotgandi. Boisi, oldingi “Nurafshon”ning yaxshi natijalari va o‘yinlari muxlislarning yodlarida saqlanib qolgan. “Buxoro”ga kelganimda birinchi bo‘lib shu savolni qo‘yganman. Rahbariyat ham buni yaxshi qabul qilib, “Nurafshon” nomiga qaytishimizga rozi bo‘ldi. O‘zimga ham agar Buxoroga qaytsam, bira to‘la “Nurafshon” nomini ham qaytarishni maqsad qilib qo‘ygandim.

“Tarkibda ko‘p o‘zgarishlar qilmaymiz”
- Hali hammasi aniq emas. Albatta, yig‘inlar davomida ko‘ryapmiz. Ammo hozircha bir qarorga kelganimiz yo‘q. Tarkib bo‘yicha bir qarorga kelganimizdan keyin albatta sizga aytaman. Lekin “Buxoro”dan ko‘pchilik ketmaydi. Shu bilan birga ko‘pchilik ham kelmaydi. Deyarli shu tarkib bilan ishlashga harakat qilamiz. Futbolchilar yomon emas, faqat ularga o‘rgatish kerak, nimani xohlayotganimni. Ular juda tartibli o‘yinchilar.

“Yashirmayman, takliflar hozir ham bor”
- Bilasizmi, yashirmayman, menga takliflar ayni paytda ham bor. Kerak bo‘lsa hozir ketishim ham mumkin. Oxirgi natijalardan keyin bir qancha takliflar tushdi. Faqat ayrim odamlar o‘zicha nimalardir gapirishlari mumkin. Ishonasizmi, turli terma jamoalar va klublarni boshqarish uchun menga takliflar kelib tushdi. Bu nafaqat Osiyo, balki Yevropadan ham. Lekin men “Buxoro”ni tanladim. Chunki bu o‘zimning jamoam. Klub tashkillashtirilayotganida o‘zim boshidan qatnashganman. Chunki ko‘ryapmanki, men ko‘proq “Buxoro”ga kerakman. Bu yerda odamlar jamoani yaxshi o‘rinlarda ko‘rishni xohlashyapti.

“Rossiyadan ham aniq taklif tushdi, ammo...”
- To‘g‘risi, menga Rossiya klubidan aniq va jiddiy taklif tushdi. Lekin men bu haqda endi ko‘p gapirmoqchi emasman. Chunki o‘z klubimda ishlashimga xalaqit berishi mumkin. Yuqorida aytganimdek, men ko‘proq “Buxoro”ga kerakli insonman. Hamma bu yerda yaxshi jamoa bo‘lishini xohlayapti. Ishdagi o‘zgarishlardan charchashgan. Tojikiston termasini tashlab Buxoroga qaytayotganimda hech kim bu qarorim noto‘g‘ri deb aytmadi. Hamma meni to‘g‘ri tushunib turgandi. Buxoro boshqacha zamin, buni tushunish uchun bu yerda tug‘ilish kerak. Biz “Buxoro”dagi ish orqali terma jamoalarimizga yana munosib o‘yinchilarni yetishtirishga qodirmiz. Bilasizmi, menga nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlardan ham 20-30 barovarga yaxshiroq takliflar kelib tushdi. U yerda faqat murabbiylik qilsam, bu yerda tashkiliy ishlarni ham qilaman. O‘zim “Buxoro”ni tanladim. Balki vaqti kelib boshqa chorlovlarni qabul qilarman. Ammo hozir men “Buxoro”ni tiklashim kerak. Men afsusda emasman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

“Men agent emasman”
- Agent emasman. Buning uchun tegishli litsenziya bo‘lishi lozim. Ayrimlar o‘zini agentman deyishadi, menimcha bundaylar ko‘p bo‘lsa kerak. Menda agentlik qilish uchun litsenziya yo‘q. Shunday ekan, men agent emas, murabbiyman. Faqat iqtidorli yoshlarga qandaydir maslahatlar berishim mumkin. Murabbiyning agent bo‘lib ishlashiga ruxsat yo‘q. Bu jiddiy masala. Agent bo‘lish uchun buning yuridik tomonlarini bilish va qonun-qoidalarini o‘zlashtirgan bo‘lishi muhim. Bu boshqa masala, oson ish emas.

“Natijani ko‘rdinglar, buni hech kim inkor qila olmaydi”
- Avvallari meni bu yoshlar bilan ishlagan, ularni tabiyalashni biladi, ammo kattalar bilan ishlamagan deyishardi. Keyin katta futbolchilar bilan ishlasam, bu yoshlar bilan ishlashi kerak, degan gaplar ham bo‘lardi. Xabaringiz bor-ku, uch yil Tojikiston milliy terma jamoasida ishladim. Natijani ko‘rdinglar. Buni hech kim inkor qira olmaydi. Endi shundan kelib chiqib o‘zingiz ayting, men terma jamoalarda ishlashga tayyormanmi-yo‘qmi? Bir odamni fikri, qat’iy dunyoqarishi, taktika, falsafasi va futbolni tushunadigan yo‘li bo‘lsa, qayerda ishlashini farqi yo‘q. Yodingizda bo‘lsa, ilgari U-16 terma jamoasida ishlagandim. O‘shanda biz birinchi o‘rinni olganmiz. Keyin meni oliy ligada ishlay olmaydi, deyishgan, mana u yerda ancha faoliyat ko‘rsatdim. Keyin terma jamoa dedilar, mana bu yerda ham ishladim, natija ko‘rsatdim. Yana nima kerak? O‘z vaqtida Valeriy Nepomnyashiyga O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham yordam berdim.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Usmon Toshev Osiyo va Yevropa jamoalarining qulay takliflarini qabul qilmadi. Buning sababini bilasizmi?