09:00 / 01.11.2021
1 857

Ro‘ziqul Berdiyev: "Bir qadam qoldi, jamoamga ishonchim bor"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Bir qadam qoldi, jamoamga ishonchim bor"
O‘zbek klublarining Osiyo maydonlarida muvaffaqiyat qozonishi futbolimiz uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda bizda bunday imkoniyat bor.

Bilasiz, “Nasaf” klubi 5 noyabr kuni Bahraynda “Al-Muharraq” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Hammamizni e’tiborimiz bo‘lajak o‘yinga qaratilgan. “Nasaf” esa Manamadagi uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti.

Bu jamoa o‘z tarixida ikkinchi bor OFK Kubogini yutish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Mazkur final oldidan “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyev Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

- 2011 yili OFK Kubogini yutgan “Nasaf” oradan 10 yil o‘tib, yana finalga chiqqani bu taqdir hazilimi? Bunga munosabatingiz qanday?
- Tarix takrorlanayotganidan juda xursandmiz. Yana bir xursand qilayotgani shuki, o‘zim haqimda gapirsam, o‘shanda yordamchi murabbiy edim. Anatoliy Demyanenkoga yaqindan ko‘maklashardim. Hozir qo‘l ostimdagi yigitlar bilan finalga yo‘l oldik. Oxirgi yillarda jamoamiz o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, tarbiyalanuvchilariga e’tiborni to‘g‘ri yo‘nalishda olib borganining mevasi deb bilaman. U tarkib bilan hozirgi tarkibni katta farqi bor.

Birinchidan, o‘sha yilgi tarkibda hatto, ikkita tarkibdan ham ko‘proq o‘yinchilar bor edi, hammasi tajribali futbolchilar edi. U paytda yosh o‘yinchilar deyarli kam edi. Bugungi jamoamizga kelsak, O‘zbekiston miqyosida oladigan bo‘lsak yoshroq jamoa hisoblanamiz. Shuning uchun bundan ikki hissa xursandmiz. Futbolimiz yuzini kichikroq musobaqada bo‘lsa ham ko‘rsatib beryapmiz. Bundan tashqari, yosh jamoamiz tajriba orttiryapti. Qolaversa, yurtimiz futboliga ozmi-ko‘pmi, g‘alabalar kerak. O‘ylaymanki, bunday yurishimizdan O‘zbekistondagi muxlislar xursand bo‘lishyapti.

Bir qadam qoldi va biz oxirigacha kurashamiz. Balki bu safar o‘yini bo‘lgani uchun sal qiyinroq o‘tishi mumkin. Ammo jamoamga ishonchim bor. Xalqimizni xursand qilish uchun bor kuchimiz va imkoniyatimizni ishga solamiz. Yana shuni ham qo‘shimcha qilmoqchimanki, 10 yil avval OFK Kubogini yutishimizda marhum Mirabror Usmonov ham katta tashabbus ko‘rsatgandi. Qolaversa, o‘sha paytdagi viloyat hokimi marhum Nuriddin Zayniyevning ham hissasi katta bo‘lgan. Umuman, klub rahbariyati ham qo‘llab-quvvatlagan.

- “Nasaf”ning finalga qadar bosib o‘tgan yo‘liga qarasak, dastlab guruhda Markaziy Osiyo klublarini katta qiyinchiliksiz yengib o‘tdi. Keyingi bosqichlarda o‘z maydonida o‘ynab g‘alabalar qozondi. “Nasaf”ni endi o‘zingiz aytganingizdek, mehmondagi uchrashuv kutyapti. Jamoa OFK Kubogini o‘z uyida o‘tkazib o‘rganib qolmadimi?

- Jamoam ancha o‘sishga erishdi. Albatta, ko‘p klublar bilan o‘z uyimizda o‘ynadik. Qayerdadir qoqilishimiz mumkin edi, ruhiy yoki jismoniy tayyorgarlik tarafidan. Lekin bu narsaga yo‘l qo‘ymadik. Bu nimadan dalolat? Jamoamning barqaror o‘ynayotganidan va ruhiy tarafdan ham ancha o‘sganini ko‘rsa bo‘ladi. Chunki yosh tarkib bilan qayerdadir yomon o‘ynab yutqazib qo‘yish hech gap emasdi. Xudoga shukr, bu holat yuz bermadi. Tojikistondagi guruh bosqichi ham oson bo‘lmasdi. Turkmanistonni yaxshi jamoasi bor edi. Tojikiston klubi esa o‘z maydonida o‘ynayotgandi. Biroz xatolarga yo‘l qo‘yganimizda balki hozir finalga yetib kelmagan bo‘lardik. Shuningdek, o‘z maydonimizdagi uchrashuvlarni yaxshi tashkil qilmaganimizda yoki ruhiy tarafdan tayyorgarligimiz sayoz bo‘lganida qayerdadir qoqilishimiz mumkin edi. Taktika tarafdan ham ancha o‘sishga erishdik. O‘ylaymanki, o‘sishda davom etamiz. Bitta o‘yin uchun bor kuchimiz va strategiyamizni o‘ylab topib, ijobiy natija uchun kurashamiz.

- “Nasaf”ning OFK Kubogidagi o‘yinlarini tahlil qilyapmiz. Agar o‘tkazib yuborgan gollariga qarasak, bu raqibning tajovuzkorligi, kuchliligidan emas, balki jamoangizning o‘ziga-o‘zi xato qilganidan keyin gollar o‘tkazib yuborilganiga guvoh bo‘ldik. “Nasaf”ning bu musobaqada raqiblaridan ustun ekanligi ko‘rinyapti. Endi shunday xulosa paydo bo‘lyapti: “Nasaf”ning darajasi Osiyo Chempionlar ligasiga mosmi yoki OFK Kubogining saviyasi pasayganmi?

- Yo‘q, OFK Kubogining saviyasi tushgan demagan bo‘lardim. 10 yil oldin ham o‘zim bunga guvoh bo‘lganman. Uning saviyasi va darajasini yaxshi bilaman. Undan avval Viktor Kumikov bilan birga ishlaganimizda ham o‘sha musobaqada qatnashgandik. Keyin Anatoliy Demyanenko bilan ishtirok etdik. Jamoalar kuchsizlandi deb o‘ylamayman. O‘shanda Tailand jamoasi bilan o‘ynaganimizda ham ancha qiynalgandik. Penaltilar seriyasida yutganmiz. Yaqinda Gonkong jamoasi bilan o‘ynadik. Ko‘pchilik kuchsiz deyishdi-yu, lekin amalda ular kuchliligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. Bu musobaqada kuchsiz klub nima uchun bo‘lmaydi?

Chunki OFK Kubogida ham har bir mamlakatning eng yetakchi jamoalari qatnashadi. Shunday ekan, har bir davlatning eng yaxshi klubi kuchsiz bo‘lmaydi. Albatta, Osiyo Chempionlar ligasining darajasi ancha yuqori. Agar biz o‘sishda davom etsak, jamoamizni saqlab qolib, o‘yinimizni yanada yaxshiroq tashkil qilib borsak, menimcha, o‘sha darajaga ham chiqishimiz mumkin. Xatolarimiz to‘g‘risida aytdingiz, bu har bir jamoada uchrab turadi. Ammo oxirgi o‘yindagi xatoimiz ancha qimmatga tushishi mumkin edi. Lekin bu hol birinchi marta takrorlanmayapti.

Bizda tez-tez uchrab turibdi. Afsuski, yigitlarga xatolarga yo‘l qo‘ymaslik haqida aytganim bilan baribir takrorlanib turibdi. Menimcha, biroz ruhiyat bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. O‘sha yarim finalning tanaffus paytida ham yigitlarga aniq ko‘rsatmalar bergandim, oldingi o‘yinlarni misollar bilan aytgandim. Baribir yana biroz bo‘shashishga yo‘l qo‘ydik. Asosiysi, yana o‘zimizda kuch topa oldik. O‘yinga qaytdik va g‘alaba qozondik.

- “Li Man” safida “Nasaf”ga ancha muammolarni tug‘dirgan legioner futbolchi Gilni jamoangiz safida ko‘rishni xohlagan bo‘larmidingiz?
- Tajribali o‘yinchilar bizga ham asqotardi. U Gonkongning eng boy klubida o‘ynayapti. Ularni talablari juda yuqori bo‘lsa, biz bajara olmaymiz. Ammo o‘yin tomonidan olib qarasak, bizga ancha yordami tegardi. Uni hujum chizig‘ida ancha sermahsulligi bor. Gil menga jamoaviy o‘yinga ham tez kirishib ketadigandek ko‘rindi.

- Shuningdek, 10 yil oldingi g‘alabada Demyanenkoni Demyanenko qilgan bu Ro‘ziqul Berdiyev bo‘lgan, degan gaplarni ham eshitganman. Bunga qanday izoh berasiz?
- Yo‘q, menimcha bu gap noo‘rin. Chunki Demyanenkoning salohiyati ham, hurmati ham har qanday jamoani boshqarishga yetadi. Lekin unga yordamimiz ko‘p tekkanini o‘zi ham menga aytardi. Birinchi kelganida o‘zbek futbolchilarini yaxshi bilmayman, sen seleksiya ishlarida yaxshi qatnashishing kerak, menga 20 ga yaqin futbolchilar ro‘yxatini ko‘rsatishing kerak, deb aytgandi. O‘shanda unga yaqindan yordam bergandim. Mahalliy o‘yinchilarning barchasini o‘zim taklif qilgandim. Masalan, Gevorkyanni “Nasaf”ga o‘tishi uchun “Paxtakor” bilan muzokaralarni o‘zim olib borgandim. To‘g‘ri, jamoani o‘yinga tayyorlash va tarkib tanlashda biz bilan ham maslahatlashardi. Baribir oxirgi tarkibni o‘zi tanlardi. Demyanenko menga yaqindan yordam berding deya o‘zi ham aytardi. Mashg‘ulotlarda ham o‘z tashabbusimizni ko‘rsatib turardik. Lekin Anatoliy Demyanenko asosiy rolda barchasini o‘zi hal qilardi.

- “Nasaf”ning finalga chiqqani uchun kamida 750 ming AQSH dollarini klub hisobida bor deb turamiz. Agar jamoangiz finalda yutsa, rahbariyat tarafidan qanday bonuslar berilishi bizni qiziqtiryapti...
- Turnirda qatnashishimizni boshlaganimizda klubning moliyaviy tomondan qancha miqdorda pul ishlashimizni bilardik. Lekin biz yigitlar bilan gaplashib olganmiz va musobaqada yutish uchun bor kuch hamda e’tiborimizni qaratganmiz. Qancha bonus olamiz va bizga qancha tegishi xususida muhokama qilmaganmiz. Ammo rahbariyat va hokimiyat tarafidan yaxshi motivatsiya berilyapti. O‘ylaymanki, futbolchilar mehnatiga yarasha rag‘batlantiriladi. Chunki rahbariyatni ham, hokimiyatni ham e’tibori ancha jiddiy. Yana bir asosiy masala bu kelasi yil uchun OCHLga kvota olishdir. Pul yoki boshqasidan ham ko‘ra, kvotalarimizning oshishi futbolimiz uchun juda muhim.

- “Al-Muharraq”ni ham o‘rganyapsiz, fikringiz qanday?
- Albatta. Ularning yarim finaldagi o‘yinini ko‘rdim. U yerda ham ikkita iordaniyalik bor. Keyin marokashlik himoyachi ham to‘p suradi. Hujumchisi ham xorijlik va nigeriyalik futbolchisini ham ko‘rdik. Har bir chiziqda legionerlar to‘p suradi. Mahalliy o‘yinchilarning ko‘pchiligi terma jamoa a’zolari. Raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini yigitlarga yetkazamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Bir qadam qoldi, jamoamga ishonchim bor"