Huawei protsessorlar yaratishda Mur qonunidan Tau qonuniga oʻtmoqda

Huawei kompaniyasi mobil yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqishda ellik yildan beri amal qilib kelayotgan Mur qonunidan voz kechib, Tau masshtablash qonuniga oʻtishini eʼlon qildi. Mur qonuniga koʻra, mikrosxemadagi tranzistorlar soni har ikki yilda ikki baravar koʻpayishi kerak edi. Biroq, tranzistorlar oʻlchamining haddan tashqari kichrayishi kremniyning jismoniy cheklovlari, tok sizib chiqishi va qizib ketish kabi kvant muammolarini keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
TSMC va Samsung kabi ishlab chiqaruvchilar 3 nm va 2 nm texnologik jarayonlarga eʼtibor qaratayotgan bir paytda, Huawei butunlay boshqacha yoʻlni tanladi. Tau masshtablash qonuni anʼanaviy geometrik kichraytirish oʻrniga, vaqt boʻyicha signalni optimallashtirishga asoslanadi. Bu usul maʼlumotlarning chip boʻylab harakatlanish vaqtini qisqartiradi va tranzistorlarni subnanometr darajasigacha kichraytirish zaruratini yoʻqotadi.
Ushbu texnologik yechim smartfonlarga sunʼiy intellekt bilan bogʻliq murakkab vazifalarni ortiqcha qizib ketmasdan va batareya quvvatini tejagan holda bajarish imkonini beradi. Huawei mutaxassislarining taʼkidlashicha, Tau qonuni asosidagi chiplar energiya samaradorligi boʻyicha anʼanaviy usullardan qolishmaydi.
Avvalroq kompaniya rahbari He Tingbo Kirin 5G protsessorlari unumdorligini oshirish uchun "Logic Folding" (mantiqiy taxlash) texnologiyasidan foydalanish rejalarini maʼlum qilgan edi. Yangi avlod Kirin SoC chiplari 2026-yilning kuzida taqdim etilishi kutilmoqda. Shuningdek, Huawei sanksiyalarni chetlab oʻtgan holda 1,4 nm darajasidagi chiplarni yaratish ustida ish olib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!