09:57 / 18.04.2019
3 787

Prezident sog‘liqni saqlash sohasiga aloqador yangi qaror imzoladi

Prezident sog‘liqni saqlash sohasiga aloqador yangi qaror imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Belgilanishicha:

a) sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalari davlat va xususiy sherik o‘rtasida quyidagi bir yoki bir necha shakllarni birlashtirish orqali amalga oshiriladi:

sog‘liqni saqlash sohasida jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, yaratish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish;

sog‘liqni saqlash sohasida tovarlarni yetkazish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;

v) bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanadi. Bunda u uch yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak;

g) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan ob’ektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasida sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya kiritadigan investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Jamg‘arma davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil qilinadigan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 yanvardagi “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2718-son qaroriga asosan ochilgan kredit liniyalarining tanlanmagan mablag‘lari hisobidan vakolatli tijorat banklariga 10 yil muddatgacha, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR plyus 2 foizga teng, umumiy miqdori 200 million AQSh dollarigacha bo‘lgan kredit liniyalarini ochadi.

Belgilab qo‘yilishicha, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasida imtiyozli kreditlash tijorat banklari tomonidan:

faqatgina import qilinadigan zamonaviy tibbiy uskunalar va inventarlarni sotib olish uchun – chet el valyutasida kiritiladigan investitsiya umumiy hajmining 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, 8 yilgacha bo‘lgan muddatga qayta moliyalashtiruvchi bankning marjasi bilan birga yillik 1 foiz miqdorida;

investor tomonidan kiritiladigan investitsiyalar umumiy hajmining 80 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida xususiy, shu jumladan, xorijiy investitsiya kiritish sharti bilan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Adliya vazirligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan birgalikda bir oy muddatda va keyinchalik har yili davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish maqsadida davlat tibbiyot muassasalarining yer uchastkalari, binolari yoki ularning qismlari va xonalari, shuningdek, samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan davlat tibbiyot muassasalari hamda sog‘liqni saqlash sohasida ustuvor yo‘nalishga ega bo‘lgan tibbiy va qo‘shimcha xizmatlar ro‘yxatini shakllantiradi va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli ixtisoslashgan veb-saytlarga joylashtiradi;

ikki oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik bitimlarining namunaviy shakllarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

uch oy muddatda sog‘liqni saqlash sohasida, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ishtirokida amalga oshiriladigan birlamchi ahamiyatga ega bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining konsepsiyasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;

2019 yil 15 avgustga qadar davlat-xususiy sheriklik bitimlarini tuzish huquqini beruvchi tender e’lon qiladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident sog‘liqni saqlash sohasiga aloqador yangi qaror imzoladi