Saida Mirziyoyeva davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatini tanqid qildi

  • 21 may 2019, 13:00
  • 987
  • O‘zbekiston
  • Saida Mirziyoyeva davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatini tanqid qildi
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi sahifasida davlat organlari matbuot xizmatlariga aloqador post qoldirdi.

    «Assalomu alaykum.

    Ushbu postda dolzarb mavzu - davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatiga doir fikrlarim bilan bo‘lishmoqchiman. Bu mavzu jurnalistlar tomonidan tez-tez ko‘tarilmoqda va axborot sohasi uchun muhim ahamiyatga ega.

    Mutaxassislarning bu boradagi fikrlari va xorijiy amaliyotni o‘rganib, mamlakatimiz vazirlik va idoralari matbuot xizmatlarining faoliyati, afsuski, sust darajada qolayotganini qayd etishga majburmiz.

    Matbuot xizmatlarining ishi sustligi va ko‘pgina davlat organlari rahbarlari OAV bilan muloqot qilish zaruriyatini anglab yetmagani oqibatida mamlakatimiz aholisining islohotlar borishi to‘g‘risida xabardorligi past, ularni yetarli darajada idrok etmayapti hamda Prezident va hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning mohiyati va tafsilotlarini to‘laligicha anglamayapti. Davlatimiz tomonidan oshirilayotgan keng miqyosli ishlar mamlakat ichida ham, xorijda ham yetarli darajada yoritilmay, sezilmay qolmoqda.

    Oqibatda, bunday vaziyat tekshirilmagan axborot, asossiz mish-mish va uydirmalarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda, ular keng tarqalib, matbuot xizmatlari tomonidan munosabatsiz qoldirilgan bir sharoitda aholi o‘rtasida tushunmovchilik va norozilik keltirib chiqarishi mumkin.

    Vaziyat matbuot xizmatlari kadrlar salohiyati cheklangani, ularning moddiy-texnik jihozlanishi va xodimlari malakasi darajasi pastligi bilan yanada keskinlashmoqda.

    Ko‘rib turganingizdek, oldimizda turgan muammo jiddiy va keng qamrovli. O‘ylaymanki, bu amaldagi hujjatlarga qo‘shimcha ravishda kompleksli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etadi.

    Xususan, matbuot xizmatlarining davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida samarali faoliyatini ta’minlash, matbuot kotibi mavqeini oshirish, muntazam ravishda malaka oshirish kurslarini tashkil etish lozim va hokazo.

    Biz bu boradagi ishlarni boshlaganmiz. Jumladan, tegishli takliflar ishlab chiqish va normativ-huquqiy hujjatni tayyorlash bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan.

    Bunday chora-tadbirlarning qabul qilinishi mamlakatimiz axborot sohasini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga, shuningdek, eng muhimi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot asoslarini salmoqli darajada mustahkamlashga xizmat qiladi», - deb yozadi u.

    Bundan oldin, Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi o‘quvchilari bilan muloqotining ilk yakunlarini sarhisob qilgandi.

    Фикрлар

    » » Saida Mirziyoyeva davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatini tanqid qildi