00:13 / 26.07.2022
1 601

«Zulm texnologiyasi»: natsistlar va kommunistlarning parlamentni egallashi

«Zulm texnologiyasi»: natsistlar va kommunistlarning parlamentni egallashi
Ma’lumki, Olmoniyaning siyosiy tarixida Veymar koalitsiyasi atalgan va respublikaviy konstitutsiyani ishlab chiqqan birlashma uchta partiyadan tashkil topgan edi: sotsial-demokratik partiya, liberal nemis demokratik partiyasi va katolik markaz. 1920 yildagi saylovlarda bu koalitsiya yutqazdi va 1928 yilgacha mamlakatni turli (o‘n ikkita) beqaror koalitsiyalar boshqarishdi.

Umuman, XIX asrning oxirgi choragidagi va XX asr boshidagi Ovro‘po jamiyatlari o‘sib borayotgan sotsialistik va kasaba uyushmalari harakatlariga ko‘nikolmayotgandilar. Olmoniyada Bismarkning bu harakatga qarshi olib borgan zug‘umi ham samarasiz ketdi. 1912 yilda sotsial-demokratik partiya Reyxstagning eng ulkan partiyasiga aylandi. Ishchilarning uyushishlaridan o‘zlari uchun va mavjud tartib uchun xavfni sezgan hukmron sinflar va korchalonlar vahimaga tusha boshladilar. Bu vahima Rossiyadagi Oktabr to‘ntarishi ta’sirida Olmoniyada yuz berayotgan 1918-1923 yillardagi katta-katta namoyishlar va ish tashlashlardan so‘ng yanada kuchaydi.

Bu taloto‘mlar odatda olomon uchun Olmoniyaning urushdagi mag‘lubiyati, monarxiyaning qulashi va respublikaning barpo etilishi bilan bog‘liqday tuyulardi. Veymar Respublikasi atalgan ilk demokratik tuzum xalqning ko‘ziga zaif ko‘rinardi. Umuman, demokratik tuzum xalqqa zulm o‘tkazmaydi, odamlarga ko‘proq erk beradi va insonga mas’uliyat ham yuklash barobarida fuqaroning qadr-qimmatini ko‘taradi, shuning uchun bu bunday qaraganda zaiflikday ko‘rinishi mumkin.

Ammo demokratiyaning kuchi xalqning ko‘zi tiyraligidadir. Hali odamday yashash ko‘nikmalariga ega bo‘lmagan, bir umr monarxlar qamchisi ostida yashagan xalqqa demokratiya xunuk ko‘rinishi tabiiydir. Ana shu hissiyotlar ta’sirida nemis xalqi «betartib», «zaif» Veymar Respublikasini yutqazib qo‘ydi va «tartib o‘rnatish», «kuchli saltanat qurish»ni va’da qilgan Gitlerga o‘z irodasini topshirdi. Ay, bu keyin olmonlarga va dunyoga qanchalar qimatga tushdi!

Ammo hali o‘sha paytda demokratik koalitsiya bir muncha kuchga ega edi. Kasaba uyushmalari ham Ovro‘poning qator mamlakatlarida insonparvar qonunlar qabul qilinishiga erishdilar. Olmoniyadagi 1928 yildagi saylovlarda «markschilar», sotsial demokratlarga (29,8%) va kommunistlarga (10,6%) berilgan ovozlarning umumiy soni 12,4 milliondan oshib ketgan edi.

Bu natijalar ta’sirida sotsial-demokratlar yana reyx hukumati tarkibiga kirdilar, ularning rahbarlaridan biri bo‘lgan German Myuller reyxkansler lavozimini oldi. Ammo avvalgi Veymar koalitsiyasini tiklashning imkoni bo‘lmadi.

Eng ayanchlisi, Moskovda Stalinning zug‘umi bilan barpo etilgan III Kommunistik Internatsional uch millionlik nemis kommunistlarining asosiy dushmani sotsial-demokratlar bo‘lishi kerak degan farmoyish chiqaradi. Natijada Stalinning bu Olmoniya kommunistlarini yakson etgan farmoyishi oqibatida Olmoniyada kommunistlar va sotsial-demokratlar hamkorligiga putur yetdi, ular zaiflashdilar va ayni paytda natsistlarga bu qo‘l keldi.

Ishchilarning bu ikki partiyasi bo‘linishi oqibatida natsizmning mavqei kuchaydi. Kommunist Stalinning niyati Olmoniyadagi demokratiyani tugatish edi, meningcha, Stalin uchun sotsial-demokratlardan ko‘ra natsistlarning afzal ekani o‘shandayoq ayon bo‘lgan edi. Stalin Kominternga natsistlarning hokimiyatga kelishi ishchilarning noroziligiga, qo‘zg‘olon ko‘tarishiga olib keladi va natijada Sovet Olmoniyasi tashkil topadi, deb tushuntirdi.

Gitler tezda tushundiki, yuzaga kelayotgan beqarorlik va parchalanish uning imkoniyatlarini kuchaytiradi. Natsistlar sotsial-demokratlarga tajovuzni kuchaytirdilar, ularni kommunistlarga qo‘shib, «qizillar» deb atay boshladilar.

Vaziyat yuzaga kelgan depressiya holati bilan yanada mushkullashdi. Ishsizlar soni yana ko‘paya boshladi va 3 million kishidan oshdi. Iqtisod asosan qisqa muddatli xorijiy investitsiyalar bilan ushlab turilgani uchun mamlakatning ahvoli omonat edi. Qarzlarni qaytarish muddati kelayotgan edi. Jahonda savdo ishiga putur yetpayotgandi, Nyu-York fond birjasida 1929 yil oktabrida aksiyalarning narxi tushib ketdi. Oqibatda Olmoniyada ham narxlar tushib ketdi, korxonalar bankrotlikka uchray boshladilar, fabrikalar, fermalar va firmalar yopila boshladi.

Iqtisodiy tanazzul ruhiy tanazzulni zuhur qildi. Urushdagi mag‘lubiyat, ish tashlashlar va namoyishlar ortida yetilayotgan inqilob va fuqarolar urushi xavfi, inflyatsiya – bularning bari barcha tabaqalarni tushkunlikka soldi: hech narsasi yo‘qlar yo‘qchilikdan dili vayron bo‘lsalar, borlar borini yo‘qotib qo‘yishdan xavotirga tushardilar. Yoshlar intiladigan kelajakni ko‘rmayotgandilar. Hamma narsa demokratik koalitsiya tuzumiga qarshi ko‘ndalang kela boshladi.

Olomon izchil tarzda mamlakatni demokratlar eplay olmadilar, degan xulosaga kelaverdi. Demokratlarning bir-biri bilan til topisholmasligi, murosaga kelolmasligi vaziyatni yanada jiddiylashtirdi... Tanish holat emasmi?! Rossiyada, Qirg‘izistonda va boshqa ayrim postkommunistik davlatlardagi ayni kundagi ahvolni eslaysan, kishi. Rossiyada so‘z erkinligi, maslak erkinligi kabi huquqlarga yo‘l berilgani oqibatida turli partiyalar, mustaqil ommaviy axborot vositalari yuzaga keldilar.

Ammo siyosiy tuzum kriminallashgani, ijtimoiy tabaqalanish kuchaygani, hokimiyat hech kimga hisob bermaydigan oligarxlar qo‘lida ekani ta’sirida iqtisod izdan chiqdi, pul qadrsizlandi, aholi qashshoqlashdi va endi xalq o‘ris demokratiyasining maqtanadigan so‘z erkinligini, demokratiyani yig‘ishtirib qo‘yishni, «tartib o‘rnatishga qodir», «kuchli hokimiyat»ni talab qilmoqda. U yoki bu tarzda monarxiya o‘rnatilishi uchun vaziyat paydo bo‘lmoqda. Xuddi shunday, Gurjistonda - Zviad Gamsaxurdia, Ozarboyjonda – Abulfayz Elchibey boshchiligidagi demokratik hukumatlar yana hokimiyatni sobiq kommunistlarga qaytarib berishga majbur bo‘lganlarini ko‘rdik-ku.

Olmoniyada ham asrimizning o‘ttizinchi yillari boshiga kelib shu vaziyat paydo bo‘ldi va jamiyat demokratiyani tushunmadi va himoya qilolmadi, oqibatda Gitlerning qo‘liga tushdi. Gitler baxtsizlik va tanazzul paytida o‘zini xush sezardi, u qo‘rquv va xavotir, qiyshiq tasavvurlar olamida qirol bo‘la olardi. U xalqqa iqtisodiy va ijtimoiy dasturlar va’da qilmadi, olomonni milliy tiklanishga, ma’naviy uyg‘onishga da’vat qildi, millatning milliy g‘ururini uyg‘otib, tarixiy taqdirini o‘z qo‘liga olishga chaqirdi.

Ayni paytda nemis kommunistlari ham Gitler kabi mavjud tizimni ayovsiz tanqid qilishga tushdilar va go‘llarcha kelajak ularniki ekanini ta’kidlay boshladilar. Ular ishchilarni boylarga qarshi «sinfiy kurash»ga chaqirdilarki, bundan xalq hayiqardi. Gitler esa millatni bo‘lmas edi, u biror bir tabaqaga alohida ayirib murojaat qilmas, butun xalqni milliy birlikka chaqirardi. Veymar demokratiyasining bir-biri bilan murosa qilolmay bahslashishlaridan toriqqan xalqqa Gitler ochiq-oydin dohiylikni taklif qilardi.

Hukumatlar, qo‘mitalar, uyushmalar bo‘lmaydi, endi yakkahokim fyurer bo‘ladi. Olomonning aksariyati uchun hamisha tuzumning farqi yo‘q, Makiavelli aytganiday, xalq bir narsani – uni kamroq ezishlarini xohlaydi. Agar Gitler qo‘mitalar, komissiyalarsiz baxtli qilsa, mayli Gitler tepamizda tura qolsin! – olomon shu taxlit fikrlaydi. Ammo avtoritar tuzum baxtli qilolmaydi. Nemislar Gitler boshlariga falokat keltirganda buni tushundilar va urushdan so‘ng Konrad Adenauer kabi millatparvarlar boshchiligida demokratiyani qurdilar.

Zero, faqat demokratik tuzumgina insonning qadrini ko‘taradi, uning irodasiga quloq soladi. Inson o‘z taqdirini so‘ramay birovga topshirishi kerak emas, o‘z irodasidan voz kechishi kerakmas. Odamday yashash uchun odamlar demokratiyaga, uning mangu munozaralar manzili bo‘lgan parlamentiga, tanqidga o‘ch mustaqil matbuotiga, jang maydonida qurol bilan emas, halol va muntazam o‘tkaziladigan saylovlarda g‘oyalar va dasturlar bilan hokimiyat talashuvchi siyosiy partiyalariga ko‘nikishlari kerak.

1930 yil bahorida o‘tgan mintaqaviy va mahalliy saylovlar natsistlarning ta’sir doirasi kengayganligini ko‘rsatdi, ammo bu hali Gitler kutayotgan g‘alaba uchun yetarli emas edi. Gitler jamiyatda yuzaga kelgan inqirozdan umidvor edi.

1930 yilning mart oyida budjet haqidagi uzoq bahslardan so‘ng Myullerning hukumati iste’foga chiqdi, sotsial-demokratlar o‘z vakillarini hukumatdan chaqirib oldilar. Ko‘pchilikni birlashtira oladigan guruh yo‘qligi tufayli prezident fon Gindenburg Veymar konstitutsiyasining 48-moddasida ko‘zda tutilgan kanslerni o‘z dekreti bilan tayinlash huquqidan foydalanishiga imkoniyat tug‘ildi. U tayinlagan kanslerni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlashi shart emas, ammo unga ishonchsizlik bildirishlari mumkin edi.

Unda prezident Reyxstagni tarqatib yuborishi va yangi saylovlarni o‘tkazishi mumkin bo‘lardi. Prezident atrofidagilar partiyalardan yuqori va parlamentdan mustaqil bo‘lgan «prezidentlik» hokimiyati o‘rnatishga moyil bo‘la boshladilar. Keyinchalik shunday bo‘ldi ham – partiyalardan yuqori va parlamentni qo‘g‘irchoq qilgan «prezident boshqaruvi» - fyurerning yakkahokimligiga olib keldi.

Gitlerning razil mohiyati Otto Shtrasser bilan bo‘lgan bahsida yana bir bor namoyon bo‘lgan edi. Shtrasser o‘zining «Sadoqat va xiyonat» nomli maqolasida g‘oya va dohiy o‘rtasida farq bo‘lishi kerakligini, g‘oya – boqiy, dohiy esa – g‘oyaning xizmatkorigina ekanini ta’kidlagan edi. «Bularning bari bo‘lmag‘ur gaplar, - dedi Gitler, - uning iddaosi shuki, siz partiyaning har bir a’zosiga g‘oya haqida fikrlash huquqini berasiz va hatto u dohiy g‘oyaga sodiqmi-yo‘qmi - hal qilishi mumkin ekan. Bu demokratiyaning eng razil ko‘rinishi va unga bizning oramizda o‘rin yo‘q. Biz uchun g‘oya va dohiy – bir butunlikdir va partiyaning har bir a’zosi dohiyning buyrug‘iga so‘zsiz itoat qilishi kerak».

Otto Shtrasserning: «Siz ochiqqa chiqish va o‘ng burjua partiyalari bilan yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun sotsial inqilobni bo‘g‘moqchimisiz?» – degan savoliga Gitler yanada qat’iy javob beradi: «Irqiy inqilobdan boshqa inqilob mavjud emas: siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy inqiloblar bo‘lishi mumkin emas, har doim va hamma yerda past tabaqaning, past irqning oliy hokim irq bilan kurashi mavjud va, agar oliy irq o‘z hayoti qonunlarini pisand qilmasa, yutqazadi».

Keyingi kuni Otto Shtrasser sanoatchi kapitalistlarning mulkini tortib olish masalasini qo‘yganda Gitler g‘azabga minadi: «Demokratiya tufayli dunyo vayrona bo‘ldi, shunga qaramay siz uni iqtisodga ham tatbiq etmoqchisiz… Kapitalistlar o‘z qobiliyatlari tufayli yuqoriga ko‘tarilganlar, shunday tanlanish asosida – ularning yuqoriga ko‘tarilishi oliy irq ekanini isbotlaydi – ular yuqorida turish huquqiga egadir».

1930 yilning 16 iyulida reyxskansler Bryuning favqulodda vakolatlariga tayanib Reyxstagni tarqatib yubordi va 14 sentabrga yangi saylovlarni tayin qildi. Nihoyat Gitler siyosiy kurashga kirishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Demokratiyaning g‘animi bo‘lgan Gitler targ‘ibot bo‘limining boshlig‘i Gebbels bilan birga «munozarachi», «bo‘linishib yotgan» demokratlarga qarshi bo‘lgan harakatchan, yaxlit, shiddatli partiyani oyoqqa turg‘azishga kirishdi.

Gitler shovqinni xush ko‘rardi. Suratlar, shiorlar, fan kashfiyotlari va yangi texnikalardan unumli foydalanish, baqiriq-chaqiriqlar – bir so‘z bilan aytganda tashviqot mashinasi bilan hokimiyatni olishga harakat boshlandi va fashistlar buning mumkinligini keyinchalik isbotladilar. Bir oy ichida 34000 miting o‘tkazish belgilandi. Olmoniya siyosiy sirk tomoshasiga kirishdi. Garchand siyosiy raqiblar bu shovqinni jiddiy qabul qilmagan bo‘lsalar-da, saylov natijalari ular adashganini ko‘rsatdi. Olmoniyaning ikki qutbdagi ekstremistik partiyalari – kommunistlar va fashiyatlar asosiy kuchga aylana boshladilar: kommunistlar to‘rt yarim million ovoz bilan parlamentda 77 o‘ringa ega bo‘lgan bo‘lsalar, natsistlar olti yarim million ovoz bilan 107 mandatni qo‘lga kiritdilar.

Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Zulm texnologiyasi»: natsistlar va kommunistlarning parlamentni egallashi