
Eronda ayol sport murabbiyi Xaniya Shariati Rudposhti omma oldida ro‘molsiz akrobatik harakatlar namoyish etgani uchun qo‘lga olindi, deb yozdi Iran International.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u majburiy hijob qonunlarini buzgani uchun hibsga olingan. Norvegiyada joylashgan “Hengau” inson huquqlari tashkiloti ma’lum qilishicha, sportchi 9 noyabr kuni kechqurun ushlangan va oilasi bilan faqat bir marta telefon orqali gaplashishga imkon berilgan.
Shariatining hozir qayerda saqlanayotgani noma’lum. Shu bilan birga, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari — jumladan, 160 mingdan ziyod obunachiga ega Instagram akkaunti — Eron xavfsizlik xizmati tomonidan nazoratga olingani xabar qilindi.
So‘nggi haftalarda Eron rasmiylari jamoat joylarida kiyinish qoidalariga qattiqroq amal qilishni talab qilmoqda. Bosh prokuror Muhammad Muvahhidi Ozod islomiy me’yorlarga rioya qilish har bir ayolning diniy burchi ekanini ta’kidlab, qonunga zid harakatlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishini bildirgan.
Eronda hijob masalasi yillar davomida bahslarga sabab bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, Xaniya Shariatining holati yana bir bor mamlakatdagi ayollar erkinligi atrofidagi tortishuvlarni qayta jonlantirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.