Foto: RF Davlat dumasi
Rossiya hukumati qurollanish va mamlakatni tashqi olamdan yopish uchun yangi qadamni tashladi — Davlat dumasi xufiyona tayyorlangan qonun loyihasini tezlashtirilgan tartibda qabul qildi. Qonun armiyadagi xizmat va safarbarlikdan qutulib qolishni amalda imkonsiz qiladi.
Harbiy komissariatlarga chaqiruv qog‘ozlari endi elektron ko‘rinishda ham tarqatiladi, chaqirilgan insonga darhol chet elga chiqish taqiqlanadi, xizmatdan bo‘yin tovlaganlar esa mol-mulkka ega bo‘lish huquqidan qisiladi. Yangi qoidalar chaqiruv qog‘ozini olganlargagina emas, Rossiya iqtisodiyoti uchun ham yoqimsiz oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.
Nima bo‘lyapti?
Rossiyada qisman harbiy safarbarlik (uni yakunlash to‘g‘risidagi farmonni Vladimir Putin hanuz imzolamagan va aftidan imzolamoqchi ham emas) e’lon qilinganidan yarim yil o‘tib, Rossiya hukumati xizmatdan bo‘yin tovlovchilar bilan jiddiyroq shug‘ullanish uchun pishib yetildi. «Harbiy majburiyat to‘g‘risida»gi qonunga tuzatishlar kiritish paketi to‘liq maxfiylik sharoitida ishlab chiqildi, bu tuzatishlar borligi e’lon qilinishi va ularning parlamentda uch o‘qishda qabul qilinishi uchun bir sutkadan kam vaqt ketdi. Ertasi kuni Senat — Federatsiya kengashi uni tasdiqladi, juma kuni kechqurun uning ostiga Vladimir Putin o‘z imzosini qo‘ydi.
Qonun loyihasining bosh muallifi mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, ayni damda Davlat dumasining mudofaa ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolovdir. Qonun loyihasini aslida kim yozgani va uni Kreml bilan qanday kelishishgani haqida tafsilotlar ma’lum emas. Demografiya va mehnat bozori uchun mas’ul bo‘lgan hukumat uchun ham bu tuzatishlar syurpriz bo‘lgan, deb yozadi The Bell. «Bu masalada yig‘ilish bo‘lgani yo‘q, emigratsiyaning ehtimolli uchinchi to‘lqini oqibatlarini hech kim hisobga olmagan», — degan nashrga hukumatda ishlovchi manbalardan biri.
Qonunga kiritilayotgan tuzatishlar odamlarga ko‘p ham xush kelmasligini hisobga olib, ular qabul qilingach Kartapolov boshchilik deputatlar rossiyaliklarga uning oqibatlari u qadar qo‘rqinchli emasligini tushuntirishga kirishib ketishdi. Hattoki ochiqdan ochiq yolg‘onlardan ham foydalana boshlashdi, biroq yangi qonunning ko‘plab joylarini turlicha talqin qilish mumkin. Hozircha asosiy me’yorlar haqida quyidagilar tushunarli:
- Elektron chaqiruv qog‘ozlari «Davlat xizmatlari» portali orqali jo‘natiladi va buyurtma xat orqali jo‘natiladigan hamda shaxsan taqdim etiladigan qog‘ozdagi varianti bilan bir xil kuchga ega (shu paytgacha faqat shaxsan taqdim etiladigan qog‘oz qonuniy kuchga ega edi). Agar fuqaro «Davlat xizmatlari» portalidagi akkauntini o‘chirib yuborsa va pochtaga kirmasa ham yozilgan chaqiruv qog‘ozi maxsus yaratilayotgan chaqiruvlar reyestriga kiritilganidan 7 kun o‘tgach yetkazilgan hisoblanadi.
- Chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha harbiy komissariatga bormaslik uchun javobgarlik o‘zgartirilmagan — 500 rubldan 3000 rublgacha ma’muriy jarima (RF MJtKning 21.5-moddasi). Safarbarlikka chaqirilayotgan fuqarodan farqli o‘laroq, muddatli harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan fuqaroni jinoiy javobgarlikka ham tortish mumkin, garchi amaliyotda bunaqasi juda kam uchragan bo‘lsa ham. Endi bo‘yin tovlaganlarga qarshi ularni harbiy komissariatga keltirish uchun «majburlov choralari» qo‘llanadi.
- Bosh «majburlov chorasi» — xorijga chiqish uchun taqiq bo‘lib, chaqiruv qog‘ozi yozilgan vaqtdan avtomatik ravishda reyestrga kiritiladi. Bu punktda bitta «lekini» bor. The Bell nashri suhbatlashgan to‘rt yurist qonunning ifoda etilishidan kelib chiqib, xorijga chiqish uchun taqiq faqat muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotganlar uchun amal qilishi, safarbarlik chaqiruviga amal qilmasligini ishonch bilan ta’kidlashgan. Biroq bu faqat qonunning formal talqini. Ikkinchidan, safarbarlikka chaqirilganlar uchun chegaralar yopilishi to‘g‘risidagi me’yorlar yangi tuzatmalardan avval ham qonunlarda bor edi — shunchaki harbiy komissariatlar ulardan foydalanishmasdi. Endi qanday bo‘lishi noma’lum. «O‘tgan kuzda safarbarlikka chaqirilayotganlarning qandaydir ro‘yxatida bo‘lgan ayrim shaxslarga chegara xizmati Rossiyani tark etishga yo‘l bermagan. O‘shanda bu amaliyotdan tezda voz kechilgan edi. Yangi qonun qabul qilinishi bilan yana unga qaytiladimi-yo‘qmi — noma’lum», — degan The Bell’ga yurist Maksim Olenichev.
- Chaqiruv qog‘ozini olganidan so‘ng fuqaro harbiy komissariatga 20 kun ichida kelmagan taqdirda unga nisbatan quyidagi «majburlov choralari» qo‘llanadi — ko‘chmas mulk va transport vositalarini qayddan o‘tkazishga nisbatan taqiq (bu kvartira yoki mashina xarid qilish va sotish imkonsiz bo‘lishini anglatadi), transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish, kredit olish, xususiy tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida qayddan o‘tishga nisbatan taqiq. Bu yerda endi farq yo‘q — taqiq muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlarga ham, safarbar qilinayotganlarga ham birdek qo‘llanadi, deyishmoqda yuristlar. Ularni qisman aylanib o‘tishning yo‘li — oldindan mol-mulklarni ayol qarindoshlar nomiga o‘tkazib qo‘yish.
- Nihoyat, tuzatmalar o‘tgan yil sentabridan beri ustida ish boshlangan harbiy xizmatga majbur fuqarolarning yagona reyestrini rasman qonuniylashtirmoqda. Formal jihatdan olib qaraganda, qonun bu reyestrsiz ham ishlayveradi. Biroq reyestrning mavjudligi yangi me’yorlarning barchasi ishga tushishi uchun kerak — masalan, harbiy komissariatlarning bazasi chegara xizmati bazasiga integratsiya qilinmasa, mamlakatni tark etishni nazorat qilib bo‘lmaydi.
Iqtisodiyot uchun oqibatlar
Bir qaraganda qonun iqtisodiyot uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri salbiy oqibatlar keltirib chiqarmaydigandek. Lekin u iqtisodiyotga kuchli beqarorlashtiruvchi ta’sir o‘tkazadi: aholi va biznesning bezovtaligi kuchayadi, noaniqlik darajasi oshib berishi investitsiya rejalariga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bundan tashqari, emigratsiyaning uchinchi to‘lqini vujudga kelishi xavfi ortadi, ayniqsa elektron chaqiruv qog‘ozlari jo‘natish jarayoni janjal va ziddiyatlar orqali ro‘y beradigan bo‘lsa.
Fuqarolar va korxonalar uchun ziddiyatning davomiyligi rejalashtirishning asosiy dastlabki sharti bo‘lib turibdi, deydi Bloomberg Economics eksperti Aleksandr Isakov. «Agar qonun qabul qilinishini urush davomiyligi cho‘zilishi uchun signal deb qaralsa, biz iste’molchilik ishonchi pasayishi va aholi o‘rtasida omonat saqlashning yuqori me’yorlariga guvoh bo‘lishimiz mumkin», — deydi u.
Siyosatshunos Grigoriy Golosov qonunni aynan shunday tushunish kerakligiga ishonchi komil. «Agar ushbu qonun qabul qilinishi nimadandir so‘zlashi kerak bo‘lsa, u Rossiya rahbariyatining «maxsus harbiy amaliyot» uzoq davom etishiga o‘zlarini ruhan tayyorlab bo‘lganidir. Ular Rossiyaning ichki ommasini ham, xorijliklarni ham bunga ko‘niktirmoqchi. Chunki boshqa davlatlar uchun bu bildirgi yanada muhimroq. Putin «maxsus harbiy amaliyot» uzoq cho‘zilishiga tayyor ekanini bir necha marta ta’kidlagan, bu qandaydir harakatlar bilan quvvatlanishi ham kerak edi. Bu ana shunday harakatlardan biri», — degan u.
Rossiya hokimiyatining avvalgi xatti-harakatlari singari bu yangi qonun ham eng avvalo mehnat bozoriga zarba beradi. 2022 yilda 35 yoshdan kichik bo‘lgan ishchilar 1,3 million nafarga qisqargan, deyiladi Rosstat ma’lumotlarida. Mehnat bozoridan ayniqsa 25-29 yosh orasidagi yigitlar eng ko‘p «oqib chiqqan». Tadqiqotda aytilishicha, asosiy sabablar — demografik qarish va emigratsiya. Ukraina bilan urush tilga olinmagan, biroq bu — mehnat bozoriga ta’sir o‘tkazayotgan eng muhim omil.
AQSH rezvedkasining sizdirilgan hujjatlarida ta’kidlanishicha, FXX Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlarini 110 ming nafar o‘ldirilganlar va yarador bo‘lganlar sifatida baholagan. Reuters sizdirmalardagi boshqa hujjatga asoslanib, AQSH harbiylarining baholashlariga ko‘ra Rossiya 189,5 mingdan 223 minggacha askar yo‘qotgani, ulardan o‘ldirilganlari soni 35,5–43 ming atrofida ekani haqida xabar bergan. BBC rus xizmati va «Mediazona» ochiq manbalar orqali urushda halok bo‘lganlarni hujjat va dalillar asosida sanab borishmoqda va ularning soni allaqachon 20 451 nafar ekani tasdiqlangan. Nashrlar halok bo‘lganlarning real soni kamida ikki barobar ko‘proq ekanini taxmin qilishadi.
Urushda yarador bo‘lganlar ishchi kuchi safidan ham chiqib ketadi va ularning o‘rnini bosadigan odam yo‘q: mehnat bozorida erkaklar kam, ayrim hududlarda ilgari erkaklar bajargan ishlar uchun ayollarni yollashmoqda.
Endi nima bo‘ladi?
Yangi qoidalar birdaniga va keskin ishga tushmaydi — shu sababli urushga yaroqli insonlar vaqt borida mamlakatni tark etishga tayyorlanaverishi kerak. Xalqqa ma’qul kelmaydigan tuzatmalarni kiritar ekan, Kreml hali uzoq urushish niyati borligini bildirmoqda va xalq fikrini inobatga olishdan tobora uzoqlashmoqda. Bunga ham tayyorlanish kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar