15:58 / 13.10.2018
24 143

“Usmoniylar imperiyasi tarixi” turkumidan: “Sulton Sulaymonning otboqar kuyovi”

“Usmoniylar imperiyasi tarixi” turkumidan: “Sulton Sulaymonning otboqar kuyovi”
Rustam poshsha… Bu obraz “Muhtasham yuz yil” koʻp qismli televizion serialda ham keng qamrovda ochib berilgan. Tarixda esa Rustam hali bolaligida Xorvatiyadan Turkiyaga kelib qolgan, ajoyib kunlarning birida sulton Sulaymonga bosh otboqar sifatida yollangan shaxs sifatida taʼriflangan. Tarixchilar qoldirgan maʼlumotlar haqiqat edi. Bu shaxs yetimlikning barcha qaltis, oʻnqir-choʻnqir koʻchalariga kirib chiqqan.

Koʻcha hayoti uni sovuqqon, shafqatsiz, olgʻir, olchoq, oʻz maqsadi yoʻlida odam oʻldirishdan ham tap tortmaydigan bir marazga aylantirgan. Hayot ekan-da, oddiy otboqardan usmoniylar imperiyasining bosh vaziriga aylanishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagan. Ammo bu haqiqat. Rustam poshsha otboqarlik paytidayoq sulton Sulaymonning eng sodiq qullaridan biri sifatida nazarga tushdi. Xurram sultonning bekitiqcha “oʻyin”larida bosh “qahramon”ga aylandi. Xurram ne ish buyurmasin, kutilganidan ham aʼloroq ado eta oldi. Qarabsizki, ajoyib kunlarning birida otboqarning yelkasiga oftob tegdi. 1539 yili sulton Sulaymon yolgʻiz qizi Mehrimohni xuddi shu otboqarga uzatishni maʼqul koʻrdi.

Toʻgʻri, Mehrimoh bilan Rustamning yoshi oʻrtasida juda katta farq bor edi. Lekin u paytlarda hatto shohlar ham qiz bolaning koʻngliga qarab oʻtirmasdi. Xurram sulton oʻzining xavfli dushmanlaridan oʻch olishda Rustam juda asqotishini oldindan koʻra bildi va Sulaymonshohni bu nikohga rozilik bildirishga koʻndirdi. Umuman, Sulaymonshohning oʻzi ham bu qulga nisbatan beeʼtibor emasdi. Uning rosmana sadoqat bilan xizmat qilishi sultonga maʼqul tushgandi. Shunday qilib, Mehrimohdek otasining yakkayu-yagona, suyukli qizi bosh otboqarga nikohlab qoʻyildi.

Shu bahonada Xurram sulton va Rustam oʻrtasidagi ittifoq mustahkamlandi. Uning maqsadi qanday qilib boʻlmasin, Rustam ishtirokida Sulaymonning toʻngʻich oʻgʻli Mustafoni oʻldirib, oʻz oʻgʻillariga imperiya taxtini naqd qilib qoʻyish, Rustamning niyati esa sultonga kuyov boʻlish bahonasida boyib ketish edi. Va ikkovlari ham yovuz niyatlariga yeta olishdi. Kunlarning birida sulton Sulaymon toʻngʻich oʻgʻli Mustafoni qatl ettirdi. Rustam esa toʻydan keyinoq yuqori lavozimga ega chiqqandi. Poraxoʻrlik natijasida boyib ketdi. Kechagina otboqarlik qilgan xorvatlar bolasi endi imperiyaning eng badavlat poshshalaridan biriga aylandi. Hali Mustafo qatl etilmay turib, sulton Sulaymon uni bosh vazir lavozimiga tayinladi.

Biroq Mustafoning tarafdorlari qatlda Rustam poshshaning qoʻli borligini bilishardi. Harbiylar toʻsatdan qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻzgʻolonchilar sultondan Rustamni bosh vazir lavozimidan olib tashlashni talab qila boshladi. Sulton Sulaymon vaziyat chigallasha borayotganini sezdi va vaqtinchaga boʻlsa-da, Rustamni bosh vazir lavozimidan boʻshatdi. Oradan bir yil oʻtib esa, qaynonasi Xurram sulton uni yana shu lavozimga qayta tayinlanishini taʼminladi. Shunday qilib Rustam to oʻlimiga qadar bosh vazir lavozimida faoliyat yuritdi. Poraxoʻrlik, boylik toʻplash amali ham qayta jonlandi…

Sulton Sulaymon Xurramdan tugʻilgan marhum oʻgʻli Mehmedning xotirasini abadiylashtirish niyatida meʼmor Sinanga alohida mavzoley bunyo etishni buyurgandi. Mavzoley machitdan, madrasadan iborat ajoyib kompleks sifatida qad koʻtardi. Rustam ham oʻlimidan soʻng oʻz mavzoleyiga ega boʻlish niyatida qancha pul ketmasin, Mehmed mavzoleyining shundoq yoniga sakkiz burchakli ajoyib bino bunyod ettirdi. Bu mavzoley oʻrta asrning eng qimmat kompleksi sifatida tilga tushdi. Rustam niyatiga yetdi. Oʻlimidan soʻng uni xuddi oʻsha mavzoleyga dafn etishdi.

Eslatib oʻtamiz, Rustam poshsha tanasiga suv yigʻilishi tufayli olamdan oʻtgan.
Olimjon HAYIT tayyorladi

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Usmoniylar imperiyasi tarixi” turkumidan: “Sulton Sulaymonning otboqar kuyovi”