14:48 / 15.12.2020
2 058

«Do‘st huzuriga safar» yohud Turkiyadagi «Shabi arus» kechasi qanday bayram sanaladi?

«Do‘st huzuriga safar» yohud Turkiyadagi «Shabi arus» kechasi qanday bayram sanaladi?
Ona tomonidan Xorazmshohlar avlodiga mansub bo‘lgan mavlono Jaloliddin Rumiy, ma’lumotlarga ko‘ra, 1207 yilda Balx shahrida tavallud topgan. Tarixchilarning aytishicha, ul zot buyuk sarkarda Jalolidin Manguberdining jiyani bo‘lgani bois, ota-onasi kichik shahzodaga havas qilib, o‘g‘illariga uning ismini berishgan. Rumiy va Manguberdi orasidagi farq 7-8 yilni tashkil qilgan. Rumiyning otasi Bahouddin Valad o‘z zamonasining yetuk donishmandi, fiqh va tasavvufning zukko namoyandalaridan edi.

O‘sha paytda yurtda hukm surgan siyosiy beqarorlik, shuningdek Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar ta’qibi bu oilani muhojirlikka undadi. Bahouddin Valad o‘z oilasini olib, haj ziyorati bahonasida Rumga ko‘chib ketishadi.

Yo‘lda ularga buyuk mutafakkir Fariduddin Attor duch keladi. Bu paytda Jahloliddin o‘n-o‘n ikki yoshlar chamasidagi o‘smir edi. Ulug‘ mutafakkir yosh Jaloliddinni ko‘rishi bilan uning buyuk inson bo‘lib yetishishini karomat qilgan va unga oq fotiha bergan ekan.

1220 yilda Rumiy o‘z oilasi bilan Kichik Osiyodagi Konya shahriga keladi. Avval shu yerda, keyin Halab, Damashq va Bag‘doddagi madrasalarda tahsil oladi va talabalarga saboq beradi. Rumiyning kamolot cho‘qqisini zabt etishida o‘z zamonasining buyuk allomalaridan biri shayx Shams Tabriziy bilan uchrashuvi juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu tarixiy voqea milodiy 1244 yilning kech kuz oylarida Konya shahrida yuz beradi.

Hazrat Navoiy «Nasoiymul-muhabbat» asarida Rumiy va Tabriziy uchrashuvini quyidagi rivoyat bilan bog‘laydi: Mavlono Rumiy Konyada bir hovuz bo‘yida ko‘p kitoblarni mutolaa qilib o‘tirganida, Shams Tabriziy bir darvesh qiyofasida uning yoniga keladi va «bu qanday kitoblar?» deb so‘raydi. Shunda mavlono «bu qiylu qoldir, bu bilan sening nima ishing bor» deya tanbeh beradi. Shunda Shams Tabriziy bu kitoblarni hovuzga tashlaydi.

Rumiy g‘azab ila qo‘zg‘olib, «nima qilib qo‘yding, bu kitoblarning ko‘pchiligi otamdan menga yodgor bo‘lib qolgan edi, endi ularni qanday topaman» deya faryod soladi. Shunda Shams Tabriziy hamma kitoblarni qup-quruq holatda suvdan chiqarib beradi. Rumiy hayratlanib, «bu ne sinoatdur» deya so‘raydi. Shunda Shams Tabriziy «Buni zavqi hol derlar, bu bilan sening ne ishing bor» deya javob qaytaradi. Shundan so‘ng bu ikki buyuk zot o‘rtasida unsiyat yuzaga keladi.

Chindan ham Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, ustoz va shogirdlik munosabatilari ulug‘ mutafakkir hayoti va ijodida katta burilish yasadi. U Tabriziydan tasavvuf, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta o‘rgandi. Ma’naviy jihatdan yuksak kamolot cho‘qqisini zabt eta oldi. Rumiy o‘z ustoziga shu qadar ixlos qo‘ygan ediki, hatto o‘z g‘azallarida ham uning taxallusini qo‘llay boshlaydi. Shu bois Rumiyning she’riy to‘plami «Devoni Shams Tabriziy» nomi bilan shuhrat qozongan.

Konyadagi Mavlono turbasi yaqinidagi bir maqbarani ham Shams Tabriziyga nisbat berishadi.

Mavlon Rumiy maqbarasi ertayu kech dunyoning turli burchaklaridan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum. Mazkur yodgorlik majmuasi Mavlononing hayotlik chog‘ida makon tutgan xonaqohlari, muzey, masjid va maqbarani o‘z ichiga oladi. Maqbaraga kiraverishda bu maskan xususidagi bir bayt darj etilgan:

Ishq elining ka’basidur bu maqom,
Bunda har dard chorasin topgay tamom.


Majmuani kezarkansiz, har qadamda bir hikmat mag‘zini chaqqandek bo‘laverasiz. Muzey eksponatlari orasida Mavlono Rumiyga tegishli bo‘lgan shaxsiy ashlar, qo‘lyozmalar, kiyim-kechaklarni ham uchratish mumkin. Bu dargohni ixlos bilan ziyorat qilar ekansiz, shu atroda baayni buyuk mutafakkirning pok, uyg‘oq ruhi kezib yurgandek tuyuladi.

Rivoyat qilishlaricha, Mavloo Rumiy vafot etayotgan chog‘larida ul zotning shogirdlari, muxlislari qayg‘uga tushishadi. Shunda Mavlono «nega sizlar xafa bo‘lyapsizlar? Axir do‘st huzuriga ketyapman-ku? Bu aza emas, balki to‘ydir, chunki, men do‘st vasliga yetishish uchun ketyapman-ku?» degan ekanlar. Shu so‘zlarni aytib, ulug‘ mutafakkir ulug‘vor tabassum ila jon taslim qilgan ekanlar.

Bu voqea milodiy 1273 yil 17 dekabrda yuz bergan edi. Mana, oradan salkam yetti yarim asr o‘tibdiki, Mavlono Rumiyning izdoshlari bu kunni Do‘st huzuriga safar tantanasi sifatida nishonlaydilar. Mavlaviya tariqatida bu marosim «Shabi arus» deb nomlanadi. Bu so‘z tarjima qilinganda, «to‘y oqshomi», «visol kechasi» kabi ma’nolarni anglatadi.

Konya shahrida ushbu tadbir har yili alohida taraddud va ko‘tarinkilik bilan boshlanadi. Dunyoning turli hududlaridan Mavlono Rumiyning ixlosmandlari Mavlaviya tariqati vakillari, olim va mutaxassislar, san’at va madaniyat namoyandalari to‘planadilar. Rumiy hayoti va ijodining insoniyat taraqqiyotidagi o‘rniga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkaziladi.

«Shabi arus»ning o‘ziga xos tadbirlaridan biri mavlaviy darvishlarning «Samo» raqsiga tushib, gir aylanib muqobalaga kirishishidir. Bu raqs hatto YUNЕSKOning Butunjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Joriy yilda butun dunyoda koronavirus pandemiyasi hukm surayotganiga qaramay, Turkiya hukumati bu tadbirni karantin talablaridan kelib chiqqan holda, munosib tarzda nishonlashni maqsad qilgan.

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)