Putin biznes vakillaridan urush uchun ixtiyoriy moliyaviy yordam so‘radi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yirik biznes vakillari bilan yopiq formatda o‘tgan uchrashuvda Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetiga qo‘shimcha ixtiyoriy badallar kiritish masalasini ilgari surdi. Bu haqda The Bell nashri o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Manbalarga ko‘ra, Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi qurultoyi doirasida bo‘lib o‘tgan ushbu muloqotda davlat rahbari urushni davom ettirish va armiyani Donesk viloyatining ma’muriy chegarasigacha ilgari surish rejalari haqida ochiq fikr bildirgan. Shundan so‘ng u tadbirkorlarga davlat xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida byudjetga ixtiyoriy moliyaviy hissa qo‘shishni taklif qilgan.
Nashr suhbatdoshlari Putin nutqini keskin va qat’iy ruhda o‘tganini ta’kidlab, uning mazmunini “oxirigacha boramiz” degan pozitsiya bilan izohlagan. Qayd etilishicha, mazkur tashabbus Igor Sechin tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u davlat rahbariga mamlakat uchun og‘ir davrda biznes resurslarini faollashtirish g‘oyasini taklif etgan. Moliya jalb qilish mexanizmi sifatida harbiy federal zayom obligatsiyalarini chiqarish rejasi ham ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, ayrim yirik tadbirkorlar bu taklifni darhol qo‘llab-quvvatlagani aytilmoqda. Jumladan, biznesmen Sulaymon Kerimov byudjetga 100 milliard rubl miqdorida mablag‘ ajratishga tayyor ekanini bildirgan. Yana bir qator nufuzli tadbirkorlar ham ushbu tashabbusni ma’qullagani qayd etilgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday qadamlar davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi moliyaviy hamkorlikni kuchaytirishi mumkin. Biroq bu jarayon iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatishi va biznes muhiti uchun qay darajada qulay bo‘lishi kelgusida aniq bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!