date

Alisher Uzoqov hayotidagi eng katta sinov haqida so‘zlab berdi

Alisher Uzoqov hayotidagi eng katta sinov haqida so‘zlab berdi

Aktyor va xonanda Alisher Uzoqov “O‘zbekiston” telekanalining “Hayot va xayol yo‘llari” ko‘rsatuviga mehmon bo‘lib, hayotida yuz bergan og‘ir sinovlar, eng katta orzulari va onasi tomonidan biror marta maqtov eshitmagani haqida ochiq so‘zladi.

“Hayotimda qattiq sinov yuz berdi”

Alisher Uzoqov bir oy avval xorij sayohatida bo‘lganida salomatligi bilan bog‘liq jiddiy qiyinchilikka duch kelganini ma’lum qildi.

— Yaqinda hayotimda juda og‘ir sinov yuz berdi. Bu haqda deyarli hech kim bilmaydi. Safarda, vatandan uzoqda edim. Sog‘ligimda jiddiy muammo paydo bo‘ldi. Hatto nogironlar aravachasiga o‘tirishga majbur bo‘ldim. Holatimni deyarli hech kimga aytmadim. Lekin sanoqli yaqinlarim qayerdandir xabar olishdi.

“Har bir san’atkor orzu qiladi – mukofotlanishni”

Aktyor ko‘p yillik faoliyatdan so‘ng davlat mukofoti olmoqni kutib kelganini aytib o‘tdi. Biroq og‘ir kunlarda muxlislarning mehri va qo‘llab-quvvatlashi uning uchun eng qimmatli mukofot ekanini anglab yetganini ta’kidladi.

— Shu paytgacha san’at dunyosida yuribmiz. Hamma san’atkorda mukofot olish orzusi bor, deb o‘ylayman. Qilinayotgan mehnatiga munosib baho olish haqiqiy ijodkor uchun eng katta qimmat, deb hisoblayman. Kelgusida xalqimiz uchun ijod qilib, mehnatim e’tirof etilsa yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shu paytgacha men ham mukofotlanishni jiddiy kutib keldim.

— Bir oy avvalgi og‘ir sinovda shunday bir vaziyat yuz berdi: xorij safarida holatim og‘ir bo‘lganida bir hamyurtimiz kelib, mendan hol-ahvol so‘radi. Samarqandlik yigit edi. Oilasini kuzatib, so‘ng faqat men bilan shug‘ullandi. U men ijodimni yaxshi ko‘rib, katta qiziqish bilan kuzatganini aytdi. O‘sha lahzada menga, ehtimol, eng qimmatli mukofot shu ekan, degan fikr keldi. Muxlislarning e’tirofi ham kerak ekan, dedi Alisher Uzoqov.

“Onam meni hech qachon maqtamagan”

— Maqtovlarni yomon ko‘raman. Meni maqtashmagani yaxshi. Hattoki sovg‘a olishni ham yoqtirmayman. Chunki maqtov insonni ko‘pincha buzadi. Maqtovlarga ishonib o‘zligimni yo‘qotmaslik kerak.

“Tanqidni asosiga qarab qabul qilaman”

— Agar tanqid asosli bo‘lsa, qabul qilaman. Chunki bu sohada ancha vaqtdan beri faoliyat qilaman. Kimning fikri o‘rinli, kimning tanqidi joiz emas, ajratish mumkin. Hozir esa barchada mikrofon bor, fikr bildirish imkoniyati ko‘paygan. Bu holatni to‘xtatib bo‘lmaydi, lekin unga qarshi harakat qilish mumkin.

“Hayotdagi yagona orzum – otamni ko‘rish”

— Otasizlik tufayli tez ulg‘aydim. Otam vafot etganda 20 yoshda edim. Safarda bo‘lganim uchun ularni oxirgi manzilga kuzatib yubora olmadim. Shuning uchun hayotdagi yagona arzum shu, boshqa orzularim yo‘q.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » Alisher Uzoqov hayotidagi eng katta sinov haqida so‘zlab berdi