Gattuzo qiyin g‘alabani baholab finalga jiddiy tayyorgarlik chaqirdi

Italiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Jennaro Gattuzo JCH-2026 saralashi pley-off bosqichida Shimoliy Irlandiyaga qarshi kechgan bahsdan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 2:0 hisobida yakunlangan uchrashuv tashqi ko‘rinishidan oson tuyulishi mumkin, ammo murabbiy bu g‘alaba juda og‘ir kechganini alohida ta’kidladi.
Gattuzoning aytishicha, raqib jamoa kutilgandan ham jiddiy qarshilik ko‘rsatgan. Ular tez va to‘g‘ridan to‘g‘ri, vertikal uzatmalar orqali hujum uyushtirishga uringan va ayrim holatlarda Italiyani qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Murabbiy o‘z shogirdlari o‘yin sifatini tanqid qilib, jamoa bundan ham yaxshiroq harakat qilishga qodir ekanini qayd etdi.
Xususan, Manuel Lokatellining maydonda orqa chiziqqa yaqin harakat qilgani jamoaning hujumdagi sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Gattuzo ta’kidlashicha, jamoa o‘yinni rejalashtirilgan darajada rivojlantira olmagan, harakatlar sekin kechgan va raqib bosimi ostida qolgan.
Biroq tanaffusdan keyin vaziyat biroz o‘zgardi. Italiyaliklar to‘pni tezroq aylantira boshladi, kombinatsiyalar jonlandi va bu o‘z samarasini berdi. «Eng muhimi — biz g‘alaba qozondik, lekin buni oddiy natija deb qabul qilish xato bo‘ladi», — dedi murabbiy.
Gattuzo, shuningdek, Bergamodagi muxlislarga alohida minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa hatto tanaffusda ham qo‘llab-quvvatlov ostida kiyinish xonasiga qaytgan. «Men tanqidni emas, qo‘llab-quvvatlashni his qildim. Bu biz uchun katta motivatsiya», — dedi u.
Endi Italiyani hal qiluvchi sinov kutmoqda. 31 mart kuni jamoa safarda Bosniya va Hersegovinaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs g‘olibi Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Gattuzo jamoani bu muhim o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi — chunki oldindagi final haqiqiy imtihon bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!