Tasavvuf, tariqat nima? Ular zamirida qanday maqsad mujassam? Mohiyatida nima bor?
Aslida tariqat – ruhiy, maʼnaviy poklanishga daʼvat etuvchi, insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etuvchi yoʻnalish boʻlib, islom dini keng tarqalishida tasavvuf ham muhim oʻrin tutadi. Zero, tasavvuf taʼlimoti vujudga kelgan davrda xalqni yagona maqsad atrofida birlashtirgan, jamiyatning turli tabaqalari oʻrtasida doʻstlik, birodarlik rishtalari ildiz otishiga zamin yaratgan.
Markaziy Osiyoda tasavvuf tariqatlari rivojida yurtimizdan yetishib chiqqan Najmiddin Kubro, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Xoja Muhammad Parso kabi allomalarning xizmati katta boʻlgan. Shu jumladan, tasavvuf tariqatida katta oʻrin tutgan Bahouddin Naqshband hazratlari birinchidan, islom shariati mezonlarini mahkam ushlagan va ularning buzilishiga yoʻl qoʻymagan. Ikkinchidan, bu taʼlimot chin insoniy gʻoyalar va fazilatlarni ilgari surgan, jamiyatning turli vakillari oʻrtasida javonmardlik rishtalari paydo boʻlishiga sababchi boʻlgan edi. Buning ortida odamlar bir-birlariga moddiy va maʼnaviy yordam bera boshlaganlar, har qanday qiyinchilikni hamjihatlik bilan yengib, shodliklarni baham koʻrganlar. Shu sabab ularning faoliyati butun islom olamiga oʻz taʼsirini oʻtkazgan.
Ayni vaqtda musulmon dunyosining deyarli barcha mamlakatlarida turli tasavvufiy tariqatlar vakillari faoliyat yuritadi. Biroq ularning koʻpchiligi tasavvuf taʼlimotining ilk gʻoyalaridan ancha uzoqlashib ketganini aytish oʻrinli. Shayxlik maqomi mablagʻ toʻplash manbai boʻlib qolgan holatlar ham yoʻq emas. Baʼzi mamlakatlardagi koʻplab tariqat vakillari tomonidan shayxlarining oʻta mubolagʻa bilan ulugʻlanishi, ularning tavof qilinishi, shayxlarning oʻz tarafdorlari va muassasalari mavjudligi fikrimiz isboti boʻla oladi.
Afsuski, keyingi yillarda ayrim shaxslar tariqatni muridbozlikka, mansab, mol-dunyo orttirish manbaiga aylantirib oldilar. Shu sababli ular haqida soʻz yuritishga majbur boʻlmoqdamiz. Maqsadimiz kimnidir, nimanidir ayblash, uzoq tarixga ega tariqat yoʻnalishini tanqid qilish yoki tasavvufni inkor etish emas. Biroq, muborak dinimizning asl mazmun-mohiyatini buzib, uning hayotbaxsh taʼlimotlarini notoʻgʻri talqin qiluvchilarni koʻrib, tomoshabin boʻlib turish ham insofdan emas.
“Tasavvuf” atamasining kelib chiqishi toʻgʻrisida bir necha qarashlar mavjud. Ularning aksariyatida mazkur atamaning arabcha “suf” – “jun” soʻzidan kelib chiqqani qayd etiladi. Avvalo, bu atama lugʻaviy maʼno jihatidan toʻgʻri. Negaki, koʻp ibodat bilan mashgʻul kishilar kiyimni juda sodda kiyishgan. Odatda ularning kiyimlari faqat jundan iborat boʻlgan. Zero, tasavvufga ergashgan shaxslar tanalarini riyozatga chiniqtirish uchun hamda dunyoning moddiy boyliklari dabdabasidan yuz oʻgirganliklarining isboti sifatida qattiq jundan toʻqilgan libos kiyib yurganlar.
Imom Suxravordiy fikricha, tasavvuf taʼrifining mazmuni – ikki ming atrofida. Yana boshqalari tasavvuf taʼrifining ziyoda boʻlishi yoki xilma-xilligi bu yoʻnalishning kengligini bildiradi, deb taʼriflashgan. Shuni qayd etish lozimki, ularning yoʻnalishlari, tahsillari, koʻrsatmalari shoʻrolar davrida barbod boʻlgan edi. Shuning uchun tasavvuf tariqat yoʻnalishlarida hech qanday adabiyot, maktab, bilim dargohi mavjud emasdi. Shariat bilimlarini oʻrganishda foydalanilayotgan oliygoh va madrasalar kabi bilim dargohlari yoʻq edi.
Bu oʻz-oʻzidan tariqatchilik sohasida ilmiy-amaliy koʻrsatma deyarli yoʻq degani emasmi? Demakki, bu sohaning mutaxassislari hozirda yurtimizda barmoq bilan sanarli holga kelgan. Biroq, moʻʼtabar zotlarning maqom va lavozimlarini davom ettirish daʼvosi bilan yurtimizning bir necha joylaridan pirlik daʼvosini qilayotganlar kishini taajjubga soladi. Ular mashhur tasavvufchilarning yoʻnalishlarini tanlaganliklarini pesh qilib, oʻzlariga muxlis orttirmoqdalar. Bu oʻz navbatida qator savollarni yuzaga keltiradi:
Xoʻsh, tasavvuf yoʻnalishida kim xohlasa pirlik, yana kim xohlasa muridlik daʼvosini qilishi mumkinmi?
Pirlik daʼvo qilayotgan shaxslar qaysi bir tariqat vazifalarini bajarib, zohiriy va botiniy ilmlarga ega boʻlgan shaxslarga bogʻlanishgan?
70 yillik boʻhron davrida shariat ilmiga mohir, har tomonlama yetuk olimni tasavvur qilish qiyin bir paytda qanday qilib inson qalbiga nur bera oladigan tariqat ilmi mutaxassislari yetishib chiqdi?
Hozirgi kunda pirlar oʻzaro bir-birini adashgan, notoʻgʻri yoʻl tanlagan, johil, ilmsiz, deb daʼvo qilib turgan bir paytda qanday qilib ularga ergashish mumkin?
Ayni paytda baʼzi pirlar oʻz muridlariga qator vazifalarni berishda asosan eshitgan, qaysidir “pir” taʼsirida boʻlgan davrlaridagi taassurotlariga tayanmoqdalar. Muridlar ham bu vazifalarni ado etishni vojib oʻrinda koʻrmoqdalar.
Binobarin, baʼzi bir pirlarning oʻzlari bilmagan holda shariat qoidalari buzilishiga olib boruvchi ayrim koʻrsatmalari boʻyicha xalqimiz oʻrtasida eʼtirozlar paydo boʻlmoqda. Misol tariqasida quyidagilarni keltirish mumkin:
– kechasi tahajjud namozini oʻqish farz (yoki vojib) deb taʼkidlash;
– shukri vuzuʼ namozini qay vaqtda boʻlsa ham, yaʼni makruh paytlarda ham oʻqib olish zarur deb bilish;
– pirga qoʻl berganning oldingi gunohlari, shuningdek, qoldirilgan ibodatlari ham kechiriladi, deyish;
– murididan boshqa kishining toʻy-maʼrakasiga bormaslik;
– rasmiy imomlarning amri maʼruflarini mensimaslik;
– oʻzidan boshqa tariqat pirlarini oshkor tanqid qilib, ularning adashganliklarini aytish;
– oʻzgalar (tarafdorlardan boshqalar)ning diniy va dunyoviy mazmundagi marosimlarida ishtirok etmaslik;
– qoplama (tilla, kumush) tish qoʻygan kishining tahorati mukammal boʻlmaydi deyish;
– namozdan keyin ovoz chiqarib duo va tilovat qilishni makruh deb bilish;
– Paygʻambarimiz (s.a.v.) zamonasida boʻlmagan har qanday ishni bidʼat (yangilik), deb bilish va inkor etish.
Bulardan tashqari, ayrim tariqatchilar tomonidan turli mutaassibona xatti-harakatlar namoyon boʻlayotgani taajjublidir. Xususan, ular pirning uyi tomonga oyoq uzatish qiblaga oyoq uzatishdek gunoh boʻladi, deyishadi. Salla kiyishni doimiy sunnat, deb jamiyatimizdagi hozirda kiyilayotgan kiyimlarga rozi boʻlishmaydi. Shariatda ruxsat qilingan qoʻl yuvilgandan keyin qoʻlni yoki yuzni sochiq bilan artishni mumkin emas deb daʼvo qilishadi. Baʼzi birlari esa islom shariatida joriy boʻlib kelgan amallardan koʻra pirlari buyurgan amalni ustun koʻradilar.
Choyni quyishda choynakni ham, piyolani ham oʻng qoʻl bilan ushlamasa, makruh boʻladi deb, shuningdek, boshqalarning chap qoʻlda quygan choylarini ichishmaydi.
Oʻz pirlarini boshqa pirlardan yuqori koʻrishda charchamaydilar. Ayrim muridlar ota-onalari, muqaddas oilalari va farzandlarini tashlab, devonalikni daʼvo qilishadi.
Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, bunday amallar shariat asoslariga ham, tariqat anʼanalariga ham mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.
Tariqat va shayxlik daʼvosini qiluvchi shaxslarning toʻgʻri yoʻlda ekanliklarini aniqlash uchun ular amallari shariatga, maʼrifiy islom dini koʻrsatgan yoʻlga nechogʻlik mos ekanliklarini solishtirish kifoya qiladi. Dindagi gʻuluv koʻp hollarda diniy savodning yetarli emasligi bilan bogʻliq. Har bir ishda ilmning yoʻqligi gʻariblikni keltirib chiqaradi. Naqshbandiya tariqati esa kasb-hunar va mehnatdan ajralmagan holda, ilm-maʼrifatni muttasil ziyoda qilib borishga daʼvat etadi.
Vaholanki, hozirgi vaqtda ayrim tariqat ahli ilmlarini muttasil ziyoda qilib borish oʻrniga oʻzlari ilm-maʼrifatga qiziqmaganlari holda yosh avlodni maktab oʻqishlaridan va zamonaviy fanlarni oʻzlashtirishdan sovutishga jurʼat qilmoqdalar. Zamonaviy ilmlardan bahramand boʻlmagan kishidan komil inson chiqishi mumkinmi?
Ayni paytda ayrim tariqatchilarni oʻzining toʻpiga qoʻshilib olib, koʻchama-koʻcha, xonama-xona xudoyi yeb yurib, bola-chaqaning nafaqasini unutayotgan holda uchratish mumkin.
Naqshbandiya tariqati taʼlimoti boʻyicha halol kasb bilan oilaning nafaqasini taʼminlash muhim ishlardan hisoblanadi. Oila va farzandlarni tark etib, oʻz manfaati yoʻlida uzoq joylarga ketib qolish shariat qonunlariga va tariqat koʻrsatmalariga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Diniy va milliy qadriyatlarga putur yetkazadigan, xalqimiz birligini buzadigan ishlar jamiyatimiz uchun salbiy ishlardir. Ulardan na dinimizga, na tasavvuf tariqatiga biror manfaat bor.
Maqsadimiz maʼrifiy islom va anʼanaviy hanafiy mazhabi yoʻnalishiga ogʻishmay amal qilish va toʻgʻri yoʻlni insof nuqtai nazaridan qabul qilish ekan, tariqat – Alloh va Rasulini sevish, ota-onaga, ustozga, barcha moʻʼmin-musulmonlarga mehr-muhabbat koʻrsatishligini unutmaslik kerak. Tariqat –Xoja Ahror Valiy kabi yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun bor kuch va imkoniyatini baxshida etishdir. Asl tariqatda tarkidunyochilik, oila va farzandlar nafaqasi va tarbiyasiga beparvolik yoʻq. Mavlono Jaloliddin Rumiy ishsizlik, dangasalik, beparvolikka, tarkidunyochilikka qarshi qattiq kurashganlar. U kishi insonlarni harakat va jiddu jahd qilishga, ijtimoiy hayotda faol qatnashishga chaqirganlar. Tariqat xalq bilan birga boʻlishga, xalqning ogʻirini yengil qilishga buyuradi. Tashqi koʻrinish soʻfiynamo boʻlib, badxulq boʻlishni qattiq qoralaydi. Zero, tariqatda soʻz bilan amal bir boʻlmasa, munofiqlik hisoblanadi. Ahmad Yassaviy taʼkidlaganidek,
Har kim qilsa tariqatni daʼvosin,
Avval qadam shariatga qoʻymoq kerak.
Shariatning ishlarini ado qilib,
Andin soʻngra bu daʼvoni qilmoq kerak.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi