Ramazon hayiti sanasi Qirg‘izistonda e’lon qilindi

Qirg‘izistonda 2026 yilgi Ramazon hayiti bayrami 20 mart kuni nishonlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston musulmonlari idorasi rasman xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar muftiylarining fatvo chiqarishga bag‘ishlangan yig‘inida qabul qilingan.
Mazkur Fatvo hay’ati tarkibiga TDTga a’zo davlatlar — Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, shuningdek, TDT kuzatuvchi mamlakatlari hisoblangan Turkmaniston va Vengriyaning rasmiy musulmon diniy idoralari vakillari kiradi.
Eslatib o‘tish joiz, fevral oyida Turkiy davlatlar tashkiloti Musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining Fatvo hay’ati Samarqand shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishida 2026 yilda ramazon oyining birinchi kuni 19 fevral, payshanba kuniga, Ramazon hayiti esa 20 mart, juma kuniga to‘g‘ri kelishi kutilayotgani belgilangan edi.
Shuningdek, 2026 yil 2—4 fevral kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari Musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashi huzuridagi Fatvo hay’atining maslahat yig‘ini bo‘lib o‘tgani qayd etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligida tashkillashtirilgan ushbu tadbirda tashkilotga a’zo davlatlar diniy idoralari vakillari hamda islom ulamolari qatnashgan.