Eronda kislotali yomg‘ir kuzatilmoqda

Eron hududida joylashgan neft omborlariga berilgan zarbalardan so‘ng mamlakatning ayrim hududlarida kislotali yog‘ingarchilik kuzatila boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Mutaxassislar bu holat atmosferaga chiqarilgan zararli moddalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, bunday ma’lumotni Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ham tasdiqlagan. Tashkilot vakillariga ko‘ra, neft yoki yonilg‘i saqlanadigan obyektlarda sodir bo‘ladigan portlashlar havoga ko‘p miqdorda zaharli kimyoviy birikmalar chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu esa keyinchalik kislotali yog‘ingarchilik paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar tushuntirishicha, bunday hujumlar natijasida atmosferaga asosan yonish mahsulotlari — oltingugurt dioksidi hamda azot oksidlari kabi moddalar katta miqdorda tarqaladi. Ushbu kimyoviy elementlar havodagi namlik bilan reaksiyaga kirishib, sulfat va nitrat kislotalarining kuchsiz eritmalarini hosil qiladi.
Natijada ushbu moddalar yog‘ingarchilik bilan yer yuziga tushganda, kislotali yomg‘ir shakllanadi. Bunday yog‘ingarchilik tabiat va inson salomatligi uchun muayyan xavf tug‘dirishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kislotali yomg‘ir o‘simliklar o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, binolar va infratuzilma obyektlariga zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, u inson terisida qichishish hissini keltirib chiqarishi va nafas yo‘llariga ham ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!