Foto: Yulduzxon Ergashevaning shaxsiy arxividan
Inson qanchalik ko‘p izlanishda bo‘lsa, uning imkoniyatlari shunchalik kengayib boradi. Ayniqsa, ilm-fan, madaniyat, san’at sohasidagi izlanishlar ortidan nafaqat inson o‘zi uchun, balki atrofidagilarga ham makon, zamon tanlamay ko‘makchiga aylanadi.
Farg‘onalik Yulduzxonda ham yoshligidan til o‘rganishga ishtiyoq kuchli edi. Bu qiziqishlari uning Qo‘qon davlat pedagogika universitetining ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishida ta’lim olishiga sabab bo‘ldi. U ilk pedagoglik faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Farg‘onada boshladi. Ota-bobolarimiz «Ikki yoshning yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelsin» deyishadi. Tasodifmi, balki shu hikmatning ro‘yobimi Yulduzxon koreys tili bo‘yicha tarjimon, menejer yigit bilan taqdirini bog‘ladi.
Hozirda ular ikki farzandi bilan Koreyada yashaydi. Yulduzxon Ergashevaning Koreyadagi faoliyati haqidagi ilk tasavvurlarimni uning rasmlari uyg‘otdi. Tasvirlarda uning qalbida tug‘ilib o‘sgan yurtga mehr, vatanparvarlik tuyg‘ulari naqadar chuqur ildiz otganligi ko‘rinib turardi. Keling, yaxshisi qolganini suhbatdoshimiz Yulduzxonning o‘zidan bilib olaylik.
Foto: Yulduzxon Ergashevaning shaxsiy arxividan
Turmush o‘rtog‘im Koreyaning Pusan shahrida menejer-tarjimon bo‘lib ishlaydi. Oilamiz bilan shu sabab Koreyaga keldik. Avvaliga tug‘ilib o‘sgan joy, Vatan, yaqinlar sog‘inchidan qiynalganim rost. Biroz muddat o‘tib, Koreyada ham o‘z o‘rnimni topishga ishondim. Koreys tilini o‘rganishga bel bog‘ladim. O‘qib-o‘rganib, sertifikat oldim. Pusan shahrining Kijang tumanida joylashgan multimediali oilalarni qo‘llab-quvvatlash markazi «Chet el madaniyatini o‘rgatish» loyihasida dastlabki ish faoliyatimni boshladim. Ushbu dastur doirasida maktabgacha ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchilari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga asosan Amerika, Xitoy, Vetnam, Filippin, Laos, Rossiya, Kambodja kabi davlatlarning madaniyati o‘rgatiladi. Men o‘quvchilarga «O‘zbek madaniyati» darslarini olib boraman.
– «O‘zbek madaniyati» dars jarayonlarini qanday tashkil etasiz?
– Mashg‘ulotlar o‘zbek va koreys tillarida bo‘ladi. Bolajonlar dars avvalida qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib o‘zbekcha salomlashishni juda yoqtirishadi. Mashg‘ulotlarda O‘zbekiston ramzlari, milliy urf-odatlar, an’analar, tarixiy shaharlar, xalq cholg‘u asboblari, milliy raqslar va taomlarimiz haqida ma’lumotlar berib boraman. Bolalar madaniyatimizga oid har bir yangilikni o‘zgacha zavq bilan qarshi oladi. «Jo‘jalarim» qo‘shig‘ini yoddan jo‘r bo‘lib aytishadi.
Ayniqsa, dutorda kuy chalib bersam, jon qulog‘i bilan tinglashadi. Yaqinda dutorda «Rohat» kuyini ijro etganimda bir o‘quvchim o‘rnidan turib, kuyga mos ravishda koreys qo‘shig‘ini aytib raqsga tushib ketsa bo‘ladimi! Milliy kiyimlarimizni kiyib ko‘rib, o‘zlarini xuddi o‘zbek bolalaridek his etishadi. O‘yinlarimizdan «Kim oladi, shuginani»ni miriqib o‘ynab, qog‘ozdan o‘z qo‘llari bilan do‘ppi yasab ko‘rishadi. Bayrog‘imizni boshqotirma o‘yini orqali topib quvonishadi. Ta’lim jarayonida bunday interaktiv usullar tez va oson o‘zlashtirish imkonini beradi.
– Qiziquvchan bolaning savollari juda ko‘p bo‘ladi. Shunday emasmi?
– O‘zbeklarning «Kelin salom»i, to‘ylarimizdagi nahorgi osh tarqatish, bolani beshikka solish kabi urf-odatlarimiz ular uchun juda qiziq. Dars jarayonida bolalar ba’zan savol ketidan savol yog‘diradi. Har biriga erinmay javob beraman. Masalan: O‘zbekistonning iqlimi, tarixiy obidalarimizda minoralarning ko‘pligi, nimaga o‘zbeklar bosh kiyimi kiyishini, hatto, cho‘chqa go‘shti yemasligimizning sabablariniyam so‘rashadi.
– Ota-onalarning ushbu mashg‘ulotlarga munosabati qanday?
– Koreya yaqin paytgacha faqat bir millatli jamiyatni ustun ko‘rgan. Hozirgi globallashuv davrida boshqa millat madaniyatidan bexabar bo‘lish o‘z qobig‘ida o‘ralashib qolish kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun Koreyada global yetuklik bo‘yicha boshqa millat madaniyatini o‘rganishni nafaqat ota-onalar, balki hukumat ham qo‘llab-quvvatlab, alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Bundan ota-onalar ham mamnun.
– Koreyada maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘ziga xoslikni qanday ta’riflaysiz?
– Mashg‘ulotlar ikki, ya’ni asosiy va erkin mashg‘ulotlar tarzida olib boriladi. Asosiy mashg‘ulotlar – ingliz tili, jismoniy tarbiya, balet, xavfsizlik qoidalari, ijodkorlik va madaniyat darslariga alohida mutaxassislar jalb qilinadi. Erkin mashg‘ulotlarda esa bolalar o‘zlari qiziqqan burchagiga borib, mustaqil ravishda shug‘ullanadi. Masalan: rasm chizish, blok yig‘ish, rasmli ertak kitob o‘qish, musiqa va raqs, nutq madaniyati va tabiatni kuzatish kabilardan iborat.
Yana bir o‘ziga xos xususiyati, bog‘chalar ertalab 7:30dan kechki 19:30gacha ochiq bo‘ladi. Ota-onalarga qulay bo‘lishi uchun bu davlat tomonidan majburiy belgilab qo‘yilgan. Barcha davlat va xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari uchun to‘lov davlat tomonidan qoplanadi.
– Koreys oilalaridagi bolalar tarbiyasining qay jihatlarini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?
– Koreys oilalarida birinchi navbatda yashash sharoitining zamonaviy, qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi. To‘y va boshqa marosimlar ixcham va kam sonli mehmonlar bilan o‘tkaziladi. Bolalarga kelsak, ularni qo‘shimcha ta’limga juda erta jalb etish uchun alohida mablag‘ ajratish, yoshligidan erkin qilib o‘stirish shakllangan. Ya’ni, bolani yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatolardan shunchaki ko‘r-ko‘rona cheklashdan avval, ishning sababi va oqibatlari qanday bo‘lishini tushuntirish yo‘li bilan tarbiyalaydilar. Bu esa bolaning o‘z fikrini mustaqil va erkin ifodalash imkonini beradi. Ish faoliyatimda shuni kuzatdimki, hatto bog‘cha bolalari ham o‘z fikrini tortinmay erkin bayon etadi. Ota-onalar darsimni kuzatishga muntazam kelib, farzandi haqida o‘zaro fikr almashib turadi. Yana bir jihat: koreys bolalarida o‘qishga ishtiyoq, hozirjavoblik juda kuchli. Ta’limda esa raqobat.
– Ikki xalq o‘rtasidagi o‘xshash va farqli tomonlar nimalarda ko‘rinadi?
– O‘zbek xalqi mehmondo‘stligi, xushmuomalaligi, yaqinlariga mehribonligi, oilaparvarligi bilan koreyslarda ijobiy fikr uyg‘otgan desam mubolag‘a emas. Ayniqsa, ayollarimizning go‘zalligi haqida shunday gap bor. «Kim Tehi (Koreyaning birinchi raqamli, ya’ni eng go‘zal ayoli) O‘zbekistonga borsa, yer chopadi». Bu ibora juda mashhur.
Ikki xalq o‘rtasidagi o‘xshashliklar — mehmondo‘stlik, yoshi ulug‘larni hurmat qilish. Farqli tomonlari koreyslarda vaqtni belgilashda qattiq intizomga rioya qilishadi. Ta’lim tizimida o‘quv yili O‘zbekistonda sentyabrdan, Koreyada mart oyidan boshlanadi.
Yulduzxon Ergasheva o‘z faoliyatining bosh mezonini O‘zbekistonimizning ko‘hna tarixi, buguni kelajagi bilan bir butun holda ko‘rish istagidagi sayyohlar oqimining ortishiga hissa qo‘shish bilan bog‘ladi. Va bu borada u ona Vatan mehrini qalbida ardoqlab, milliy madaniyatimizning eng sara durdonalarini faxr-iftixor va sharaf bilan targ‘ib etmoqda. Zero, ezgu maqsadlar ezgu amallar sari boshlaydi.
Gulnoza Turg‘unboyeva suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gavining qilig‘i Flikka yoqmadi: “Aql o‘rgatishni senga kim qo‘yibdi?”
Qashqadaryoda erkak ayoli va chaqalog‘ini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qildi
27 noyabr kuni kuzatiladigan ob-havo to‘g‘risida ma’lumot
Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi
Oq uy Ukrainaga Rossiya hududiga ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin murabbiy futbolchilarni qamab qo‘ydi
AQSHda amaldorlar Tramp tufayli ommaviy ravishda xususiy sektorga ketib qolmoqda
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi lavozimiga saylandi