"Galatasaroy" ustozi "Liverpul"ning bo'ydor futbolchilaridan xavotirda

"Galatasaroy" bosh murabbiyi Okan Buruk Chempionlar ligasining nimchorak finalida "Liverpul"ga qarshi kechadigan bahs oldidan o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. U seshanba kuni bo'lib o'tadigan o'yinda muxlislarning qo'llab-quvvatlashi jamoaga katta kuch berishini ta'kidladi. Turk klubi guruh bosqichida Istanbulda ingliz grandini 1:0 hisobida mag'lub etgan va bu muvaffaqiyatni yana takrorlash niyatida. Bu haqda goal.com xabar beradi.

Murabbiyning so'zlariga ko'ra, birinchi uchrashuv juda muhim ahamiyatga ega. "Biz bilan bir xil maqsadda harakat qilayotgan 16 ta kuchli jamoa bor. Barchada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati mavjud. Asosiy maqsadimiz o'z maydonimizda "Liverpul"ga qarshi o'yinda ustunlikka erishishdir", dedi Buruk.
Oldingi g'alabaga qaramay, mutaxassis raqibning qanchalik xavfli ekanini yaxshi anglab turibdi. U "Liverpul" joriy mavsumda ko'plab o'yinlarning so'nggi daqiqalarida gol urib, irodali g'alabalarni qo'lga kiritganini eslatib o'tdi. Shu sababli, jamoa nafaqat taktik, balki ruhiy jihatdan ham jiddiy tayyorgarlik ko'rmoqda.

Okan Burukni eng ko'p tashvishga solayotgan jihatlardan biri bu raqibning standart vaziyatlardagi xavfli harakatlaridir. U ayniqsa Virjil van Deyk va boshqa bo'ydor futbolchilarning havodagi kurashlarda ustunlik qilishini alohida ta'kidladi. "Ular standart vaziyatlarda juda kuchli. Biz o'ta ehtiyotkor bo'lishimiz kerak. Biroq raqib ham ko'p gol o'tkazib yubormoqda va biz bundan unumli foydalanishimiz zarur", deya qo'shimcha qildi murabbiy.
Sentyabr oyida Viktor Osimxenning penaltidan urgan goli evaziga qozonilgan g'alaba hali ham muxlislar yodida. Ammo Buruk bu safar Arne Slot shogirdlari butunlay boshqacha ishtiyoq bilan maydonga tushishini kutmoqda. Pley-off bosqichida xatoga yo'l qo'yib bo'lmaydi, shuning uchun "Galatasaroy" "Enfild"dagi javob o'yinidan oldin o'z uyida ijobiy natijani qayd etishi shart.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!