Kreml Erondan xavotirda: "navbat Rossiyaga kelmaydimi?" degan savol...

Kremlga yaqin mafkuraviy doiralar Tehrondagi inqirozga oddiy “mintaqadagi ittifoqchi zaiflashyapti” degan nuqtayi nazardan emas, balki kengroq qo‘rquv bilan qarayapti. Ya’ni Erondagi ssenariy G‘arb bilan qarama-qarshilik sharoitida bir kuni Rossiyaga ham ko‘chib o‘tishi mumkin, degan fikr Moskvadagi ayrim ta’sirli muhitlarda ochiq muhokama qilinayotgani aytilmoqda. Prezident Putinning oliy rahbarga qilingan suiqasdni qat’iy qoralagani ham shu xavotirning bir qismi sifatida talqin qilinyapti.
Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar aynan shu masalaga to‘xtalib, Rossiyaning reaksiyasi va uning sabablari haqida o‘ziga xos manzara chizib berishdi.
Kamoliddin Rabbimovning qayd etishicha, Putinning bu mavzudagi pozitsiyasi kecha paydo bo‘lgan emas. 2025-yilda jurnalistlar bilan uchrashuvda unga “agar imom Xomanaiy AQSH yoki Isroil tomonidan o‘ldirilsa, qanday baholaysiz?” degan savol berilganida, Putin ikki marta bir xil ma’noda javob qaytargan: “buni hatto izohlashni ham, tasavvur qilishni ham istamayman”. Rabbimovga ko‘ra, Putin dunyoqarashida urush bo‘lishi mumkin, ammo davlat rahbarini bevosita nishonga olish — prinsipial jihatdan qabul qilib bo‘lmaydigan chiziq.
Shu nuqtayi nazardan, Eron rahbariyatiga nisbatan tahdidlar Kreml uchun shunchaki tashqi siyosat epizodi emas, balki “pretsedent” masalasi ham. Ya’ni bu ish “ertaga kimga navbat?” degan fikrni avtomatik qo‘zg‘atadi.
Bu fikrni ommaga chiqarayotgan shaxslardan biri sifatida Aleksandr Duginning bayonoti ham tilga olindi. U “agar Eron yiqilsa, keyin Rossiya navbatda” degan ogohlantiruvni aytgan. Dugin rasmiy lavozimda bo‘lmasa-da, Kreml atrofidagi mafkuraviy muhitga yaqin shaxs sifatida ko‘p tilga olinadi. Ya’ni bu gaplar davlat pozitsiyasi emas, lekin davlat ichida aylanadigan xavotirning “ovozli versiyasi” bo‘lishi mumkin.
Mintaqaviy manfaatlar kesimida esa kartinka tushunarli: Eronning zaiflashuvi Isroil uchun qulay, chunki Tel-Aviv Tehronni asosiy xavfsizlik tahdidi sifatida ko‘radi. Ammo muhokama faqat Yaqin Sharq bilan cheklanmaydi.
Global darajada AQSH va Xitoy raqobati kuchaygan bir paytda, Rossiya va Eron Pekin uchun muhim hamkorlar sanalishi aytildi. Shu fon ortida Kuba va Venesueladagi iqtisodiy qiyinchiliklar ham e’tiborga tushadi: energiya oqimlari qisqarishi Kubada yoqilg‘i tanqisligi, elektr ta’minotida uzilishlar va ijtimoiy infratuzilmada muammolarni kuchaytirgani tilga olindi. Tahlilchilarga ko‘ra, agar Eron ham jiddiy zaiflashsa, Rossiya va Xitoy zimmasiga tushadigan strategik yuk yanada og‘irlashadi.
Biroq asosiy dilemma shunda: Moskva bir tomondan Eronni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga qodir emas, ikkinchi tomondan esa vaziyatni bezovtalik bilan kuzatyapti. Ukrainadagi urush Rossiya resurslarini sezilarli darajada cheklagan, yangi katta geosiyosiy silkinish esa Kreml uchun yana bir qiyin front demak.
Shuhrat Rasul esa Rossiya jamoatchiligida muhokama bo‘layotgan yana bir epizodga e’tibor qaratdi: Mas’ud Pizishkiyon va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbati haqidagi ma’lumotlar. Bu haqda Valeriy Solovey gapirgani aytildi. U ko‘p hollarda muxolif sifatida ko‘rinsa-da, ba’zan Kreml rasmiy ayta olmaydigan tezislarni “aylanma yo‘l” bilan ommaga chiqaradi, degan qarash bor.
Soloveyga tayanib keltirilgan fikrlarga ko‘ra, Kreml ichida yangi tushuntirish uslubi ham shakllantirilayotgan bo‘lishi mumkin: go‘yoki Eron atrofidagi keskinlik Rossiyaga iqtisodiy jihatdan hatto ma’lum ma’noda foydali — chunki energiya narxlari o‘sishi Moskva manfaatiga ishlaydi. Shu bilan birga, “Eron to‘liq harbiy ittifoqchi bo‘lmagan, vaqtida Tehronning o‘zi ham chuqurroq hamkorlikka juda qiziqmagan” degan oqlovga o‘xshash tezislar ham aylanishi mumkinligi aytildi.
Lekin suhbatning eng og‘ir nuqtasi — yordam masalasi. Aytilishicha, Pizishkiyon harbiy ko‘mak so‘ragan, Putin esa resurslar cheklanganini bildirgan. Rossiyaning o‘zida ham qurol-aslaha, o‘q-dori tanqisligi borligi, ayniqsa Eron so‘rashi mumkin bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiyaning o‘ziga ham yetishmayotgani ta’kidlandi.
Xitoy mavzusida ham muhim reallik bor: Rossiya–Xitoy–Eron yaqinligi ko‘proq siyosiy bayonotlar darajasida, ular o‘rtasida “bir-birini urushda majburiy himoya qilish” kabi qat’iy harbiy majburiyat yo‘q. Qurol savdosi bo‘lsa, bu avtomatik ravishda “urushga kirish” degani emas — bu ko‘pincha biznes sifatida talqin qilinadi. Shu sabab tahlilchilar bugungi ziddiyatlarni darrov “jahon urushi” deb atash uchun hali asos yetarli emasligini, bunday ta’rif uchun aniq harbiy bloklar va o‘zaro majburiyatlar shakllangan bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Xulosa qilib aytganda, Moskva Eron masalasida ikki o‘t orasida: bir tarafda mafkuraviy xavotir va “pretsedent” qo‘rquvi, ikkinchi tarafda esa Ukraina urushi tufayli qisqargan resurslar va real imkoniyatlar. Shuning uchun Kreml og‘zidan qattiq bayonot eshitilishi mumkin, lekin amaldagi yordam masalasida “qo‘l qisqaligi” sezilib turibdi. Eng qizig‘i esa shu: urush tugaganda, sukut ham, bayonot ham esda qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!