21:46 / 30.08.2023
210

Ozarboyjonning O‘zbekiston uchun muhimligi nimada?

Ozarboyjonning O‘zbekiston uchun muhimligi nimada?

Ozarboyjon O‘zbekistonning Turkiyaga, Turkiya orqali Yaqin Sharq va Yevropaga bog‘lanish imkoniyatini ochadi. Dunyo dengizlari AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan ko‘proq nazorat qilinar ekan, rasmiy Pekin quruqlik orqali dunyo bozoriga chiqish yo‘llarini izlaydi. Pekinning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining asosiy maqsadi – AQSHdan mustaqil infrastruktura yaratish va Yevropa hamda Osiyoga bog‘liqlikni kuchaytirishdir. Ana shunday ulkan masshtabdagi manfaatlar kesishuvida O‘zbekistonning ham bo‘lishi hamda uning mamlakat uchun foydasi haqida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimovlar bilan suhbat o‘tkazildi.

— O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarining bugungi darajasi qanday? O‘zbekiston va Ozarboyjonning Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani nimani anglatadi?

Farhod Karimov: — O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixan shakllangan. Sobiq ittifoq davrida ham bitta davlat tarkibida edi. Turkiy davlatlar bo‘lganimiz uchun ham munosabatlar iliq bo‘lgan doim. Mustaqillik boshida ham bu ikki davlat o‘rtasida yaxshi munosabatlar o‘rnatilgan. Garchi 1995 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, hamkorlik tez rivojlangan. 1996 yilda O‘zbekistonda Ozarboyjon elchixonasi ochilgan bo‘lsa, 1998 yilda bizning elchixona ochilgan. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov 1996 yilda Ozarboyjonga tashrif buyurgan. Shundan keyin bunday oliy darajadagi tashriflar bir qancha bo‘lgan ikki davlat o‘rtasida.

O‘zaro savdo munosabatlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Asosan qishloq xo‘jaligida hamkorlik kuchli. Oxirgi 2-3 yildagi faol tashqi siyosatimizning bir vektori sifatida Ozarboyjon ham bor. Ozarboyjon orqali o‘rta savdo koridori o‘tgan bo‘lib, Turkiya va Yevropaga chiqish uchun juda qulay. Biz Ozarboyjon bilan bir-birimizni yuridik nuqtai nazardan ham yaxshi tushunamiz, chunki ittifoq davrida 70 yildan oshiq bir xil baza shakllangan bizda. Hozirgi kundagi qonunchilik ham keskin farq qilmaydi. Infratuzilmalarimiz ham bir paytda o‘sgani uchun to‘g‘ri keladi. Ayniqsa oxirgi 1 yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga chiqdi.

— Ikki davlatning munosabatlari o‘zaro qanday manfaatlarga ega?

Kamoliddin Rabbimov: — O‘zaro manfaatlar juda ko‘p. Lekin boshqa tomonni ham gapirib o‘tmoqchiman. O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlari boshqa davlatlar munosabatlarigayam ta’sir qilgan. Qorabog‘ hududi Armaniston tomonidan bosib olingani uchun O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati davridayoq Armaniston bilan munosabatlar pasaygan edi. Ya’ni biz 90 yillar va 2000 yillarda turkiy davlatlar bilan munosabatlarimiz o‘tish davrida edi, masalan, Turkiya bilan, qo‘shni respublikalar bilan har xil munosabatda bo‘ldik. Lekin o‘sha davrlarda ham Ozarboyjon bilan aloqalarimiz yaxshi edi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlari ikkinchi dinamik davrni boshdan kechiryapti. O‘zbekistonda hokimiyat almashgach, 2-3 yil «pauza» davri bo‘ldi.

2020 yilda Qorabog‘ qaytarib olingach, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari Ozarboyjonni qo‘lladi. Xususan, Shavkat Mirziyoyev tashrif doirasida Qorabog‘da ham bo‘ldi va O‘zbekiston xalqi nomidan qurilgan maktabni ochib berdi. Bu ham katta ramziy ma’noga ega.

Ozarboyjon — Kavkaz mintaqasidagi yagona turkiy davlat. Markaziy Osiyo va Turkiyani bog‘lashda xavfsiz bo‘lgan hudud albatta Kavkaz. Eron orqali bog‘lanish mumkin, lekin Eron geosiyosiy silkinishlarga tez-tez tushib turadigan davlat. Shuning uchun Ozarboyjon bilan munosabatlar strategik katta ahamiyatga ega.

Farhod Karimov: — Qorabog‘ masalasida O‘zbekiston pozitsiyasi doim bir xil bo‘lgan. Ya’ni Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini boshidan tan olib, urg‘ulab kelgan. Bugungi kunda ham bu narsa davom etyapti, qurilgan maktab ham bunga ishora.

— Mirziyoyev tashrifi davomida O‘zbekiston Qorabog‘da Ozarboyjon uchun Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabni ochdi, Armaniston tomoni buni normal qabul qildimi?

Kamoliddin Rabbimov: — O‘tgan 30 yil davomida Armaniston bosib olingan tog‘li Qorabog‘ni o‘zlashtirish uchun bor resurslarini ishga soldi, lekin kuchi yetmadi. Armaniston ikkinchi Isroil bo‘lmoqchi bo‘ldi, xuddi Isroil Falastin hududini o‘zlashtirgani kabi. Lekin eplay olmadi, qudrati yetmadi, uning demografik va iqtisodiy resurslari imkon bermadi, aholi soni jihatdan Kavkazdagi eng kichik davlat Armaniston Ozarboyjondan 3 barobar kichik. Aholisi 3,5-4 mln kishi atrofida. Xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham Qorabog‘ni butun dunyo Ozarboyjonniki deb tan olgan. 2020 yildagi urushdan ko‘rindiki, Armaniston bu hududni olishiga toqati ham, resurslari ham yo‘q. Shuning uchun Armaniston siyosiy elitasida normal siyosat olib borganimiz yaxshi, degan tafakkur shakllanyapti endi.

 Farhod Karimov: — Ozarboyjon va Armaniston urushidan so‘ng ikki davlat o‘rtasida shartnoma tuzilgan, ya’ni Armaniston ortiq bu hududga da’vo qilmaydi. Armaniston parlamenti ham buni ratifikatsiya qilgan va xalqaro hamjamiyatga ham o‘z pozitsiyasini bildirdi. Ozarboyjon ham Armanistonga nisbatan ba’zi da’volaridan voz kechdi. Kaspiy va Markaziy Osiyoga tranzit vazifasini bajarishda Armanistonning ham ma’lum qismi qo‘shiladigan bo‘ldi. Bu ikki davlat shunday kelishuvlarga erishgan ekan, bizning u yerda maktab qurishimizga hech qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin emas.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Ozarboyjonning O‘zbekiston uchun muhimligi nimada?