
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston–Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlanayotgani ta’kidlandi. Tashrif doirasida Toshkentda hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi, madaniy tadbirlar va “Qozog‘iston tibbiyoti kunlari” o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yilning o‘tgan davrida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 4 milliard dollarga yetgan. Tomonlar bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga oshirish, shuningdek, yuk tashish va aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha kelishib oldilar.
So‘nggi yillarda 6,5 ming qo‘shma korxona tashkil etilgan bo‘lib, ustuvor tarmoqlarda 8 milliard dollardan ortiq qiymatdagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish taklif etildi.
Muzokaralarda energetika, transport, kimyo, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va ekologiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, hududlararo aloqalarni kengaytirish maqsadida 2026-yilda birinchi Hududlar kengashini Qozog‘istonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro masalalarda ham o‘zaro fikr almashdilar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.