
Davlat moliyaviy nazorat tizimida muhim yangilik amalga oshirildi. Adliya vazirligi tomonidan “Davlat moliyaviy nazorat organlari va ichki audit xizmatlari tomonidan O‘zbekiston Hisob palatasining ‘Davlat auditi’ dasturiy kompleksidan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu hujjat mamlakatda moliyaviy nazorat jarayonlarini yanada ochiq, tartibli va raqamlashtirilgan holatda amalga oshirishga xizmat qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, “Davlat auditi” dasturi nazorat-tekshiruv jarayonlarini yagona elektron maydonda yuritishni ta’minlaydi. Endi barcha nazorat (audit) tadbirlari majburiy ravishda ushbu dasturda ro‘yxatga olinadi va ularni yillik rejaga kiritishdan oldin Hisob palatasi bilan kelishish zarur bo‘ladi. Bu orqali ortiqcha tekshiruvlarning oldi olinib, faoliyatda aniqlik va shaffoflik kuchaytiriladi.
Dasturda qaysi tuzilmalar qanday huquqlarga ega bo‘lishi ham aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan:
• davlat moliyaviy nazorat organlari va davlat tashkilotlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlariga — “tasdiqlovchi” huquqi;
• rahbar o‘rinbosarlari va bo‘lim boshliqlariga — “ma’qullovchi” huquqi;
• ichki audit xizmatlari va nazorat organlari xodimlariga (2 nafargacha) — “operator” huquqi;
• “operator” huquqi berilmagan boshqa xodimlarga — “foydalanuvchi” huquqi ajratiladi.
Ushbu elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli tashkilotlar Hisob palatasiga maxsus so‘rovnoma taqdim etishi shart. Eng muhimi, nizomga muvofiq, dasturda qayd etilmagan har qanday audit tadbiri endi noqonuniy hisoblanadi.
Yangi tizim nafaqat nazorat ishlarini tizimlilashtiradi, balki milliy moliyaviy hisobdorlikni zamonaviy raqamli standartlarga yaqinlashtiradi. Bu o‘z navbatida, davlat idoralarida samaradorlik va javobgarlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.