
Joriy yilning noyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 7,5%ni, oylik ko‘rsatkich esa 0,7%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.
Qo‘mita ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha oylik narxlar o‘sishi 0,6%ni tashkil etgan, o‘tgan yilda esa bu ko‘rsatkich 0,8% edi. Hududlar bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlarida Farg‘ona viloyati yetakchilik qilmoqda — yillik o‘sish 8%.
Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida bu ko‘rsatkich 7,8%ni tashkil etgan. Poytaxtda esa inflyatsiya darajasi 7,3%ni ko‘rsatdi.
Hisobotda ko‘rsatilishicha, o‘tgan yil davomida kommunal xizmatlar narxi 17%ga, oziq-ovqat mahsulotlari 5,7%ga, alkogol va tamaki mahsulotlari 6,4%ga, tibbiy xizmatlar esa 6,1%ga oshgan. Bir oy ichida benzin narxi 1,7%ga, yil boshidan buyon esa 9,2%ga ko‘tarilgan.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, AI-80 markali benzinning o‘rtacha narxi bir litr uchun 8,5 ming so‘mdan 9,8 ming so‘mgacha, AI-95 va AI-98 markali benzinlar esa 12 ming so‘mdan 18 ming so‘mgacha o‘zgarmoqda. Yillik hisobda transport narxlari 12,1%ga, restoran va mehmonxona xizmatlari 9%ga oshgan.
Shu bilan birga, moliya va sug‘urta sohasidagi inflyatsiya 1%ga kamaygani qayd etildi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.