Navoiy viloyatida 5 oylik chaqaloq otasi ogʻziga paypoq tiqqach vafot etdi

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 5 oylik chaqaloq otasining harakati ortidan hayotdan koʻz yumdi. Maʼlumotlarga koʻra, erkak bola yigʻisini toʻxtatmoqchi boʻlib, uning ogʻziga paypoq tiqqan va bu holat oʻtkir nafas yetishmovchiligiga olib kelgan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Zamon dasturi xabariga koʻra, hodisa 10-yanvar kuni tungi payt sodir boʻlgan. Ona farzandini ogʻir ahvolda koʻrib, uni zudlik bilan shifoxonaga olib borgan. Shifokorlar klinik oʻlim holatini qayd etgan, reanimatsiya tadbirlari orqali yurak faoliyati vaqtincha tiklangan.
Chaqaloq toʻrt kun davomida bolalar reanimatsiyasida mutaxassislar nazoratida qolgan. Biroq tibbiyot xodimlarining barcha urinishlariga qaramay, 14-yanvar kuni biologik oʻlim tasdiqlangan.
Gumonlanuvchining tarjimai holi oʻrganilganda, u avval ham oilada tajovuzkor xatti-harakatlari bilan tilga tushgani aniqlangan. Mahalla vakillari uning birinchi turmushida ham oʻgʻli va qiziga muntazam bosim oʻtkazgani, shu bois u bilan bir necha bor profilaktik suhbatlar oʻtkazilganini bildirgan. Erkak masʼul xizmatlar nazoratida boʻlgan.
Hozirda gumonlanuvchi hibsga olingan. Navoiy viloyati IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan ogʻir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!