Oksfam hisoboti: milliarderlar boyligi rekord, tengsizlik yana kuchaydi

Dunyo elitasi 19–23 yanvar kunlari Davosda o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumiga jamlanar ekan, Oxfam yangi yillik hisobotida 2025 yilda global tengsizlik yanada keskinlashganini urg‘uladi. Tashkilotga ko‘ra, 2025 yil davomida milliarderlar jami boyligi 16 foizga o‘sib, tarixiy maksimum — 18,3 trillion AQSH dollariga yetgan.
Hisobotda aytilishicha, 2025 yilning o‘zida milliarderlar boyligi 2,5 trillion dollarga ko‘paygan — bu esa sayyora aholisining eng qashshoq 4,1 milliard qismiga tegishli jami boylik bilan deyarli teng. Shu manzara fonida dunyo aholisining qariyb yarmi qashshoqlikda yashashda davom etayotgani ta’kidlanadi.
Oxfam alohida xavotir sifatida “pul — ta’sirga, ta’sir — qoidaga” aylanayotganini ko‘rsatadi: hisobotda milliarderlar oddiy insonga nisbatan siyosiy lavozimni egallash ehtimoli 4000 marta yuqori ekani qayd etilgan. Ya’ni gap faqat boylikda emas — qaror qabul qilish tizimida ham “og‘irlik markazi” bir tomonga surilayotgani haqida ketyapti.
Hisobotda 2025 yildagi boyish sur’atiga ta’sir qilgan omillar sifatida, xususan, AQSHdagi soliq-iqtisodiy siyosat yo‘nalishlari va sun’iy intellekt kompaniyalari baholarining o‘sishi orqali aktivlar qimmatlashgani tilga olinadi.
Yevropada ham vaziyat diqqatga sazovor: Germaniya milliarderlar soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda ekani, 2025 yilda ular soni uchdan birga ko‘payib 172 nafarga yetgani aytilgan. Shuningdek, nemis milliarderlarining umumiy boyligi 2025 yilda sezilarli o‘sgani qayd etiladi.
Oxfam’ning asosiy da’vati oddiy: katta boyliklarga nisbatan qat’iyroq soliq siyosati, tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha milliy rejalar, hamda oliy qatlamning siyosiy ta’sirini cheklaydigan qoidalar. Chunki “tengsizlik” uzoq davom etsa, u iqtisodiy muammo bo‘lib qolmaydi — ijtimoiy ishonch va siyosiy barqarorlikka ham bosim qiladi. Keyingi yillarda ko‘p davlatlar uchun asosiy savol shu bo‘ladi: iqtisodiy o‘sishdan kelgan foyda kimga va qay darajada yetib borayapti?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!