date

Eronning Pokistondagi elchisi Tramp Tehronga hujum qilmaslikni va’da qilganini aytdi

Eronning Pokistondagi elchisi Tramp Tehronga hujum qilmaslikni va’da qilganini aytdi

Eronning Pokistondagi elchisi Rezo Amiri Mogʻaddam Islomobodga tashrifi chogʻida Tehron va Vashington o‘rtasidagi taranglikka oid bayonot berdi. Uning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron tomoniga urush istamasligini bildirgan va Tehrondan ham vazminlikni saqlashni so‘ragan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Diplomatning ta’kidlashicha, u mazkur xabarni tunda, soat 01:00 atrofida olgan. Xabarda Tramp Eronni nishonga olish niyati yo‘qligi, biroq Tehron ham mintaqadagi Amerika obyektlariga zarba bermasligi kerakligi qayd etilgan.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, bu murojaat AQShning Eron ichidagi namoyishlar fonida harbiy aralashuv ehtimoli haqida yangragan tahdidlar ortidan yangragan. U ichki vaziyatni izohlar ekan, fuqarolarning tinch norozilik bildirish huquqini tan oldi va hukumat namoyishchilar bilan muloqot olib borayotganini aytdi.

Shu bilan birga, Mogʻaddam G‘arb ommaviy axborot vositalari zo‘ravonlikni qo‘zg‘atganini, bu esa mamlakat tarixidagi eng og‘ir voqealarga olib kelganini da’vo qildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, qurollangan guruhlar masjidlarga hujum qilgan va yong‘inlar uyushtirgan.

Tehron rasmiylari vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanini va noroziliklar to‘xtaganini bildirgan. Biroq Eron yuqori jangovar shaylik rejimini saqlab qolgan, shuningdek havo hududini vaqtincha yopgan. Elchi aytishicha, agar Isroil yoki AQSh tomonidan tajovuz bo‘lsa, Eron mintaqadagi ularning obyektlariga javob zarbalari berishga tayyor.

Mogʻaddam Pokistonga har tomonlama ko‘mak uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Uning qayd etishicha, 44 yildan beri davom etayotgan sanksiyalar bosimi sharoitida Tehron uchun moddiy yordamdan ko‘ra musulmon davlatlarining ma’naviy va siyosiy hamjihatligi muhimroq.

Eslatib o‘tamiz, Eronda 28 dekabrdan buyon keng ko‘lamli noroziliklar davom etayotgani xabar qilingan: ularga milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi va yuqori inflyatsiya turtki bo‘lgan. Dastlab Tehrondagi Katta bozorda savdogarlar ish tashlagan, keyin namoyishlar mamlakatning ko‘plab hududlariga tarqalgan.

Avvalroq noroziliklar paytida qariyb ikki ming nafar namoyishchi va xavfsizlik xodimlari halok bo‘lgani aytilgan, biroq Eron tashqarisidagi muxolif guruhlar qurbonlar soni ancha ko‘p ekanini ta’kidlaydi. Jahon OAVlari ham turlicha raqamlarni keltirmoqda: Fox News umumiy tarzda qurbonlar ortayotganini yozsa, The New York Times axborot cheklovlari sabab aniq hisoblash qiyinligini aytib, yuzlabdan minglabgacha bo‘lgan oraliqni tilga oladi. CBS News esa 12–20 minggacha degan eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etadi, ammo bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Eronning Pokistondagi elchisi Tramp Tehronga hujum qilmaslikni va’da qilganini aytdi