2 927
Abdulla Azizov: «O‘zbekistonda soliq idorasini jazolovchi tashkilot deb tushunishadi – bu munosabatni o‘zgartirmoqchimiz»
25 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev soliq siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi.
3 oktyabr kuni Xalqaro press-klubda shu mavzuga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarligiga yangi tayinlangan Abdulla Azizov ishtirok etib, mavzuga oid bir necha savollarga javob berdi.
Savol: Siz 15 yil Daniyada yashagansiz, shuning 12 yilida ishlagansiz. Yevropa soliq ma’murchiligi bilan O‘zbekiston soliq ma’murchiligi orasidagi eng katta farqlarni aytib bersangiz.
«Daniyada soliq idorasi juda kuchli tashkilot hisoblanadi. Bu mamlakatda ijtimoiy sohaga juda katta e’tibor qaratiladi. Shu tufayli ko‘p narsa soliq tushumiga borib taqaladi. Daniyada QQS 25 foizni tashkil etadi, daromad solig‘i esa 56 foizgacha boradi. Bu mamlakatda soliq stavkalari progressiv xarakterga ega, ya’ni ko‘p pul topgan odam ko‘p soliq to‘laydi. Daniyada ijtimoiy himoya tizimi juda ham kuchli.
Bu mamlakatda bir qiziq ibora bor - «Soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikning jazosi odam o‘ldirgannikidan og‘irroq». Daniyada 60 ming krona (o‘rtacha 10 ming dollar) miqdoridagi soliqni to‘lamagan bo‘lsangiz, o‘sha soliq bilan birga yana 100 foiz miqdorda jarima to‘laysiz. Agar 250 ming kronadan (taxminan 40 ming dollar) ortiq to‘lanmasa, soliq ham undiriladi, jarimaga tortiladi va hatto qamoq jazosigacha qo‘llanishi mumkin. Ammo Daniyada soliq to‘lamaganlar darhol jazoga tortilmaydi. Avvalo buning sabablari o‘rganiladi, ya’ni bilib qilganmi yoki bilmay. Bu narsa Daniyada juda muhim.
Bu mamlakatning soliq tizimida konsalting – maslahat xizmati ham bor. Ular soliq to‘lovchiga maslahat va yordam beradi. Masalan, katta firmalarning soliq hisobotini yuritish juda ham og‘ir. Shuning uchun ham soliq xodimlari borib, ularga yordam berishadi, tushuntirishadi. Ya’ni soliqchi tadbirkorga yordamchi bo‘ladi.
Bu mavzuni O‘zbekistonda ham ko‘taryapmiz. Bizda azaldan soliq idorasini jazolovchi tashkilot deb tushunishadi. Endi soliq idorasiga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishni maqsad qilganmiz. Soliq qo‘mitasi tadbirkorning orqasidan quvib yuruvchi, ushlab olib, jazolovchi sifatida emas, balki maslahat beruvchi, xatolarni oldini olishda ko‘maklashuvchi, ularni to‘g‘rilashga yordam beruvchi tashkilot bo‘lishi kerak. Buni amalga oshirish maqsadida Soliq maslahati boshqarmasini ham ochdik. Bu tizim tez orada soliq qo‘mitalarida ishga tushadi. Tadbirkorlar ularning oldiga borib yoki telefon orqali maslahat olishi mumkin bo‘ladi. Umumiy olganda hozirgi maqsadimiz – boshqacha darajaga ko‘tarilib, xalq bilan birga ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Savol: Soliq idoralari bilan tadbirkorlar o‘rtasida qandaydir ziddiyat, bir-biriga dushmanlik nazari bilan qarash holatlari bor. Buni o‘zgartirish uchun nimalar qilish kerak?
Soliq idoarlari va tadbirkorlar o‘rtasida do‘stona munosabat bo‘lishi kerak. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Soliqlarning undirilishi – mablag‘ni soliqchi tomonidan olib ketilishi deb emas, balki davlatning rivojlanishiga yordam beruvchi omil deb qaralishi kerak. Shuning uchun birga ishlash lozim.
Mening asosiy maqsadim – soliq idorasi va tadbirkorlar orasidagi munosabatlarda axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali odam aralashuvini kamaytirish. Qandaydir korrupsion sxemalar bo‘lsa, ularni o‘rtadan olib tashlash. Hisobotdagi xatolarni qo‘l bilan hisoblab topish emas, balki uni avtomatik tarzda aniqlaydigan, bu haqda shaxsiy kabinetga xabar jo‘natadigan, xato va kamchiliklarni ko‘rsatib beradigan tizimni yaratish.
Hozir bu yo‘nalishda ko‘plab dasturlar joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Soliq to‘lovchining xatolari, kamchiliklari avtomatik tarzda aniqlanib, unga xabar jo‘natilishi, qonunbuzarlikka olib boruvchi holatlar bo‘yicha oldindan signal berilishi lozim. Bu holatda tadbirkorni darhol jarimaga tortmasdan, avvalo ogohlantirish kerak.
Bu narsalar yangi farmonda ham ko‘zda tutilgan. Bundan buyon tadbirkorning hisob raqami soliq idorasi tomonidan yopib qo‘yilmaydi. Biz oldin unga xabar beramiz, ogohlantiramiz, xatosini tushuntiramiz. Agar bunga hech qanday javob bo‘lmasa, 30 kun davomida hisob raqamini yopib turishga huquqimiz bor. Xullas munosabatlar shu tariqa tartibga solinadi», - dedi Abdulla Azizov. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»