Fransiya va qator ittifoqchi davlatlar Falastin muxtoriyatining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida favqulodda koalitsiya tashkil etganini e’lon qildi. Bu tashabbus milliy ma’muriyatning hududlarni samarali boshqarish, aholiga zarur xizmatlarni taqdim etish va xavfsizlikni ta’minlash salohiyatini saqlab qolish uchun joriy qilindi, deya ma’lum qildi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi.
Yangi tuzilmaga Belgiya, Daniya, Fransiya, Islandiya, Irlandiya, Yaponiya, Norvegiya, Saudiya Arabistoni, Sloveniya, Ispaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar qo‘shildi. Ularning ta’kidlashicha, koalitsiya Falastin milliy ma’muriyati yuz tutgan «misli ko‘rilmagan moliyaviy inqiroz»ga javob sifatida tuzilgan.
Birlashma vakillari qisqa muddatli yordam bilan cheklanib qolish mumkin emasligini, balki xalqaro moliya institutlari ishtirokida shaffof va hisobdor mexanizmlarga asoslangan tizimli, prognoz qilinadigan hamkorlik zarurligini urg‘ulashdi.
Shu bilan birga, davlatlar tashqi ishlar vazirlari Isroil hukumatidan Falastin milliy ma’muriyati faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan, uni zaiflashtiradigan yoki mutlaq qulashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlarni to‘xtatishni qat’iy talab qildi. Ularga ko‘ra, Falastinning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash nafaqat falastinliklar uchun, balki isroilliklar va butun mintaqadagi tinchlik hamda xavfsizlik uchun muhim sarmoyadir.
Hozircha koalitsiyaga a’zo davlatlar Falastinga taqdim etiladigan moliyaviy yordam miqdori haqida ma’lumot oshkor etilmadi. Shu bilan birga, ekspertlar bu qadam Falastin ma’muriyatining moliyaviy tizimini mustahkamlash va mintaqada barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!