Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-avgust oylari mobaynida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi sezilarli darajada o‘sdi. Xususan, mazkur davrda mamlakatning eksport hajmi 23 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu oylariga nisbatan 31,3 foizga yuqori ekanligi qayd etilmoqda.
Rasmiy raqamlar O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi faoliyati tobora kengayib, turli mamlakatlar bilan hamkorlik darajasi mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda. Eksport hajmidagi o‘sish mamlakat iqtisodiy salohiyati hamda milliy mahsulotlarga bo‘lgan talab ortib borayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, qo‘mita O‘zbekiston eksportida yetakchi o‘rinlarni egallagan TOP-10 davlatlar ro‘yxatini ham e’lon qildi. Ular quyidagicha taqsimlandi (AQSH dollarida):
— Rossiya – 2,9 milliard;
— Xitoy – 1,2 milliard;
— Qozog‘iston – 910,8 million;
— Afg‘oniston – 881,6 million;
— Turkiya – 736,4 million;
— Fransiya – 618,6 million;
— Birlashgan Arab Amirliklari – 493,6 million;
— Qirg‘iz Respublikasi – 371,3 million;
— Tojikiston – 338 million;
— Pokiston – 267,9 million.
Mutahassislarning ta’kidlashicha, eksport hajmida Rossiya va Xitoy kabi yirik hamkorlar yetakchilik qilayotgani tabiiy hol. Shu bilan birga, qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikistonning ham yuqori o‘rinlarda turishi mintaqa iqtisodiy bog‘liqliklarining kuchliligini namoyon etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!