18:18 / 12.08.2022
2 388

Madaniyatsizlar tomonidan «xo‘rlangan» madaniy meros ob’ektlari

Madaniyatsizlar tomonidan «xo‘rlangan» madaniy meros ob’ektlari
So‘nggi vaqtlarda davlat tashkilotlari tomonidan million emas milliardlab mablag‘larning talon-taroj qilinayotgani tez-tez qulog‘imizga chalinyapti. Ular orasida afsuski ajdodlarimiz bizga meros qilib qoldirgan va biz kelajak uchun uni asrashimiz shart bo‘lgan madaniy meros ob’ektlari bor. Birovning haqqiga xiyonat qilganimiz yetmaganiday, ajdodlarimiz va avlodlarimizning haqiga ko‘z olaytirganimizni qanday oqlash mumkin? Bu ham yetmaganiday masjid, ziyoratgohlar yaqinida dinimizda harom qilingan spirtli ichimliklar savdosini bemalol olib borayotgan tadbirkorlar ham aniqlangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi brifingida ma’lumot berildi.

Afsuski, o‘rganishlar natijasida 60%ga yaqin holatda madaniy meros ob’ektlarini saqlash, foydalanishga berish va ulardan foydalanish bo‘yicha qoida va talablarni qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlangan. Vaziyatga huquqiy baho berish maqsadida to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgani aytilmoqda.

Bu ko‘rsatkich bugun mamlakatiimzda mavjud madaniy meros ob’ektlarining yarmidan ko‘piga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan zarar yetkazilganini ko‘rsatadi. Buni quyidagi raqamlarda ham ko‘rish mumkin:

Ya’ni, ma’lumotlarga ko‘ra viloyatlarda joylashgan moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini foydalanishga (ijaraga) berish va ulardan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holatini o‘rganish yuzasidan 15 365 019 836,95 so‘m (o‘n besh milliard uch yuzi oltmish besh million o‘n to‘qqiz ming sakkiz yuz o‘ttiz olti so‘m) debitor qarzdorlik aniqlandi. Ish jarayonida shundan 1 226 350 735,36 so‘m (bir milliard ikki yuz yigirma olti million uch yuz ellik ming yetti yuz o‘ttiz besh so‘m) qarz mablag‘lari undirildi.

Bu ma’lumotlarni keltirar ekanmiz ayrim savollar tug‘ilishi tabiiy. Sababi, biz yurtimizdagi Samarqand, Buxoro va Xorazmdagi mashhur tarixiy obidalarnigina bilamiz, xolos. Biroq, bugungi kunda 750 ga yaqin moddiy-madaniy meros ob’ektlari mavjudligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Shuningdek, brifingda aynan qaysi ob’ektlarga zarar yetkazilgani ochiqlandi. Ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tuman “Pastki Novkent” MFY hududida joylashgan “O‘rda tepa” arxeologiya yodgorligiga katta zarar yetkazilgan. Ushbu madaniy meros ob’ektining uch sotix qizil chiziq ostidagi yeri fuqaro tomonidan texnika yordamida kavlanib, o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan. O‘rganishlar davomida, arxeologiya yodgorligi ob’ektining 100 metrlik muhofaza hududiga uy-joy qurib olinganligi ham aniqlandi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilligiga foydalanish uchun berilgan Qarshi shahridagi “Ko‘kgumbaz” jome’ masjidiga ham kam miqdorda zarar yetkazilgan. Mazkur ob’ektda Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi olinmasdan, belgilangan talablarga zid ravishda “metallkonstrutsiya” o‘rnatilgan va masjid hududida qo‘shimcha qurilish ishlari olib borilgan.

Madaniy meros ob’ektlari muntazam monitoring qilib borilishi natijasida, To‘rtko‘l tumani “Kaltaminor” OFY hududida joylashgan miloddan avvalgi IV asrlarga oid “Qo‘yqirilgan qal’a» arxeologiya ob’ektining muhofaza yer chegarasining ichki tomoniga “Nizomiddin Abror” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan o‘zboshimchalik bilan bug‘doy ekilgani aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Bu bo‘yicha Ellikqal’a tuman sudi tomonidan huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Jarimani-ku javobgarlar to‘lar, biroq asrlar osha bizgacha yetib kelayotgan merosimizni kim tiklab beradi?! Axir o‘z tarixiga, madaniy merosiga ega bo‘lmagan qanchadan-qancha xalqlar bor. Tarixi bilan faxrlanib, uni yuksaltirib borayotgan rivojlangan davlatlar qancha?

Shuningdek, tarixdan bizga meros bo‘lib kelayotgan obidalardan “nafsi” yo‘lida foydalangan “olg‘ir” tadbirkorlar ham aniqlandi.

Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumani, “Xonabod” MFYda joylashgan “G‘oyib ota” ziyoratgohi madaniy meros ob’ekti Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 avgustdagi farmoyishiga asosan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga tekin foydalanishga berilgan. Ziyoratgoh hududida mahalliy aholi tomonidan uch tomonlama ijara shartnomasi tuzmasdan, savdo rastalari, savdo do‘konlari, suratxonalar, atraksionlar va tir xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari pullik xizmatlar amalga oshirilib, choyxona tashkil qilinganligi hamda Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashining tegishli ruxsati olinmasdan ziyoratgoh hududida qurilish ishlari amalga oshirilayotganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “foydalanishga olingan ob’ektlardan aynan shartnomada ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanilishi lozimligi” va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra, “davlat mulki bo‘lgan boshqa tashkilotlarga tegishli moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish va chiptalar sotilishidan tushgan pul mablag‘larining 50 foiz miqdori Agentlikning budjetdan tashqari Madaniy meros jamg‘armasiga o‘tkazilishi lozimligi” belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, ushbu qarorlar talablariga zid ravishda “Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi hududidagi “Pahlavon Mahmud” va “Said Alouddin” maqbaralaridagi ziyoratgohlarga mahalliy va xorijiy sayyohlarning kirishi pullik qilib belgilangan.

Har bir huquqbuzarlikning javobi bor. Qonunni bilmaslik hech kimga qonunni buzishga vakolat bermaydi. Yuqoridagi tadbirkorlar va mas’ul idoralar qarorning nomini o‘qishdan u yog‘iga o‘tmagani aniq yoki bo‘lmasa bu kabi qonun hujjatlaridan bexabar.

Yana bir achinarli holat haqida gapirmaslikning iloji yo‘q. Madaniy meros ob’ektlari atrofida spirtli ichimliklar savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

“Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi hududidagi “Polvon darvoza” arxitektura yodgorligida ijara asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan oilaviy korxona tomonidan 10,0 kv.metr savdo do‘koni va 7.30 kv.metr kitob do‘koniga ijara shartnomasi tuzilgan. Biroq oilaviy tadbirkorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Moddiy-madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi talablariga zid ravishda spirtli ichimliklar sotilayotganligi aniqlangan. Shuningdek, 2021 yilda xususiy firmaga ijaraga berilgan “Tolib Maxsum” madrasasi tomonidan ham Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari talablariga zid ravishda alkogol ichimliklar sotilayotganligi, 2022 yil uchun ijara markazi bilan shartnoma tuzmasdan noqonuniy faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangan.

Shu o‘rinda jurnalist sifatida o‘z fikrimni bildirmoqchiman. Ziyoratgohlar, masjidlar atrofida spirtli mahsulotlar sotish yoki bo‘lmasa “shartnoma tuzish” qay darajada to‘g‘ri?! Avvalo, bu ob’etlarning asosiy qismi Islom dinimizga xizmat qilgan aziz-avliyolarning hoki yotgan tuproq. Alloh harom qilgan amalni bajarish insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Bu masalada shartnoma yoki kelishuv haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2022-2023 yillarda muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq “Madaniy meros kodeksi”ni ishlab chiqish belgilandi.

Unga ko‘ra Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi tashabbusi bilan Madaniy meros agentligida tegishli vazirlik va idoralar, sohaning yetuk mutaxassis olimlari, xorijiy ekspertlar ishtirokida “Madaniy meros kodeksi”ning dastlabki loyihasi ko‘rib chiqildi. Ishlab chiqilayotgan kodeks loyihasi 6 ta bo‘lim, 23 ta bob va 154 ta moddadan iborat bo‘lib, xorijiy tajriba va milliy qonunchilikni uyg‘unlashtirgan holda ishlab chiqiladigan kodeks loyihasi xalqimiz fikrini o‘rganish maqsadida kelgusida jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinishi rejalashtirilmokda.

Kamola Adashboyeva

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Madaniyatsizlar tomonidan «xo‘rlangan» madaniy meros ob’ektlari