
Namangan shahrida biologik faol qo‘shimchalar niqobi ostida soxta dori vositalari ishlab chiqarilgan sex aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Sexdan 138 ming quti mahsulot va taxminan 30 milliard so‘mlik xomashyo musodara qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona faqat biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ruxsatga ega bo‘lgan, lekin aslida to‘qqiz turdagi soxta dori vositalarini ishlab chiqargan.
Ular orasida mashhur brendlarning soxta nusxalari aniqlangan: “Pikovit” o‘rniga “Pivovit”, “Kanefron” o‘rniga “Kanaseron”, “Espumizan” o‘rniga “Espumetik” va “Nistatin” o‘rniga “Nestitam” mahsulotlari tayyorlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu soxta dori vositalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent va boshqa hududlarga yetkazib berilgan.
Hozirda ekspertiza tayinlangan va tergov ishlari davom etmoqda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.