date

Namanganda ikki mansabdor pora olayotganida qo‘lga olindi

Namanganda ikki mansabdor pora olayotganida qo‘lga olindi

Namangan viloyatida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida navbatdagi qonunbuzarlik holatlari fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ikki nafar mansabdor shaxs pora bilan ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat tumanlaridan birida faoliyat yuritgan Kadastr bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga tegishli oziq-ovqat do‘konining tashqi qismiga qurilgan bostirma (naves) uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U mazkur ishni hal etish evaziga 5 million so‘m talab qilib, kelishilgan summaning 3 million so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filialining Namangan bo‘linmasiga qarashli Kosonsoy tumani yuriskonsulti ham noqonuniy harakatlari bilan fosh etildi. U mahalliy fuqarodan 2 ming AQSH dollari miqdorida pul mablag‘ini olayotgan paytda ushlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, reyd tadbirlari davomida fuqaroning yashash xonadonida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati aniqlanib, bu asosda 28,6 million so‘m jarima belgilangan. Yuriskonsult mazkur jarimani elektron tizimga kiritmasdan “yo‘qqa chiqarib berish”ni va’da qilib, pul talab qilgan.

Ayni holat yuzasidan unga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mazkur holatlar davlat organlarida shaffoflikni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda ikki mansabdor pora olayotganida qo‘lga olindi