08:57 / 28.03.2018
5 045

TV o‘yinlar yoxud ma’naviy tutqunlikning bir ko‘rinishi

TV o‘yinlar yoxud ma’naviy tutqunlikning bir ko‘rinishi
Televideniye orqali o‘tkaziladigan pul-yutuq o‘yinlari bitta asosiy tizim va maqsad ustiga quriladi – tomoshabinning moddiy orzu “markazlari”ni “qitiqlash” orqali ularni manipulyatsiya qilish.

Bu shoularning standart ssenariysi inson psixologiyasini yaxshi bilgan, ammo bilimini suiste’mol qilganlar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bunday texnologiyalardan bexabar ko‘pchilikning imkon qadar ko‘prog‘idan pul o‘ndirish uchun mo‘ljallangan.

Bosh yutuqni qo‘lga kiritgan “baxtiyor inson”ning chaqnagan ko‘zlarini ommaga ko‘rsatish – bu ssenariyning kulminatsion nuqtasidir. Zero aynan shu lahzada hiylani payqamagan tomoshabin qalbining orzu, havas va istak torlari kuchli chertiladi hamda buning oqibatida hosil bo‘lgan “musiqa” kishi ongini batamom qamrab oladi. Kishi o‘zini o‘sha “baxtiyor”ning o‘rniga o‘zi bilmagan holda qo‘yib ko‘radi, u his etib turgan hislarni tuyadi (bu psixologiya fanida ma’lum bo‘lgan effektdir) va alal oqibat... o‘yinda ishtirokchi bo‘lish uchun talab etilgan pulni u ham to‘laydi.

To‘lov ba’zida katta bo‘lsa, ba’zida arzimas bo‘lib tuyuladi. Biroq har qancha bo‘lsa ham bunday holat kishini noto‘g‘ri holga, salbiy, ruhiy tarbiya ustozlari qalb hastaligi deb atagan tamanniy (havoyi orzu)ga mubtalo qiladi, mehnat qilmasdan narsaga ega bo‘lish xohishidek xavfli ma’naviy virusga chalintiradi. Bu “virus”ni ilintirib olgan kishining voqelikka adolatli (ob’ektiv) baho berish tizimi talofat ko‘radi, zero har bir aqli raso insonga berilgan, voqelikni tahlil qilishdek muhim markazlar tamanniy “virus”i hujumi oqibatida falaj bo‘ladi. Halol topgan puli oilasiga emas, lotereyachilarga ketayotgani, bunday “tadbir”larda to‘planadigan mablag‘larning bir chimdimigina yutuqqa qo‘yilishi, qolgani mo‘may daromad ekanligini anglashdan kishi uzoqlashadi. Bu esa ma’naviy tutqunlikning bir ko‘rinishidir.
Muhammad ShAKUR

Tahririyat izohi: Bunday o‘yinlarda ko‘pchilikning pulini tavakkalchilik ko‘rinishida bir odam olib ketgani uchun qimor hisoblanadi. Qimorning shariatdagi hukmi esa hammaga ma’lum.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » TV o‘yinlar yoxud ma’naviy tutqunlikning bir ko‘rinishi