16:53 / 25.12.2018
11 148

Shov-shuvli hibslar yettiligi (foto)

Shov-shuvli hibslar yettiligi (foto)
Albatta, kimningdir hibsga olinishi va jazolanishi bu eng kamida bir oilaning fojiasi. Yana bir toifa insonlar – yuqori martabali shaxslar, arboblar borki, ularning panjara ortiga yo‘l olishi jamiyatda katta shov-shuvlarni yuzaga keltiradi, deyarli hamma bu mavzuni muhokama qila boshlaydi.

Bugun biz e’tiboringizga havola qilayotgan o‘ziga xos «reyting» faqat nisbiy ko‘rsatkichlarga, omma orasida ko‘tarilgan rezonansga ham asoslangan. Bunday ma’lumotlar bo‘yicha tabiiyki aniq va rasmiy ro‘yxat tuzilmagan. Ammo so‘nggi yillarda OAVga taqdim etilayotgan axborotlarning nisbatan ochiqligi taxminiy bo‘lsada, shunday ro‘yxat tuzish imkoniyatini yaratadi (ma’lumotlar hibsga olingan shaxslarning so‘nggi ish joylari bilan taqdim etilmoqda).

7. Baxtiyor Abdusamatov, Yunusobod tumani hokimi

Hokimligi paytida Baxtiyor Abdusamatov investorga yer maydoni taqdim etishni va’da qilib, 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Qayd etilishicha, maxsus tadbir Davlat xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.

Ammo keyinchalik bu masala bo‘yicha boshqa ma’lumot tarqatilmadi, tergov jarayoni ham, ishning sudga oshgan-oshmagani haqida ham biror xabar yo‘q. Bosh prokuratura rasmiylari Yunusobod tumani sobiq hokimining ishi borasida shu paytgacha bu holat bo‘yicha birorta rasmiy bayonot bermaganlari vaji bilan izoh berishdan bosh tortishdi.

6. Nodir To‘raqulov, MXX (hozirgi DXX) tergov boshqarmasi tergovchisi

O‘zbekiston MXX tergov boshqarmasi tergovchisi, adliya podpolkovnigi Nodirbek Dilmurodovich To‘raqulov jurnalist Bobomurod Abdullayevni so‘roq qilgani bilan tilga tushga edi. Ammo unga aloqador ma’lumotlar uzuq-yuluq. To‘la va rasmiy axborot e’lon qilinmagan, sud yoki tergov ma’lumotlar oshkor etilmagan.

Hibsga olinishidan oldin Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritgan To‘raqulov tadbirkorlardan muntazam o‘lpon olib turgani, ayniqsa metan yoqilg‘isi quyish shoxobchalarining deyarli barchasini nazoratiga olgani aytiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga qilgan safari davomida To‘raqulov va unga aloqador xodimlarning faoliyati keskin qoralanganidan so‘ng vaziyat jiddiy tus oldi. Bu guruhni javobgarlikka tortish bo‘yicha harbiy prokuratura shug‘ullana boshladi. Ammo ayblovlar va jazo haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

5. Turobjon Jo‘rayev, Samarqand viloyati hokimi

Joriy yilning 13 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev korrupsion tizim yaratgani oshkor bo‘lgani to‘g‘risida xabar bergandi. Uning rahbarligi paytida Samarqand viloyat hokimligida turar joylar qurish uchun ruxsatnoma berish, yer uchastkalarini taqsimlashda o‘ziga xos «stavka» joriy etilgan. Qizig‘i, Turobjon Jo‘rayev bunga qadar Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida ham hokimlik qilishga ulgurgan, korrupsiya va poraxo‘rlikda ayblanib Qashqadarë viloyati hokimligidan bo‘shatilgandi.

Bu ishning eng shov-shuvli qismi hokimning kabinetidagi seyfdan topilgan naqd 1 million AQSh dollari bo‘ldi. Ammo bu fakt borasida ham rasmiy ma’lumotlar cheklandi.

Bosh prokuratura Turobjon Jo‘rayev ishi yakunlanib, sudga oshirilganini ma’lum qildi.

4. Shuhrat G‘ulomov, MXX (hozirgi DXX) raisi o‘rinbosari

«...MXXda yana bitta g‘o‘ddaygani bor edi. Vatan xiyonatchisi bo‘lib, hozir umrbod qamaldi. G‘ulomov degan noinsof (Shuhrat G‘ulomov - MXX raisining sobiq o‘rinbosari, Surxondaryo viloyati boshqarmasining sobiq boshlig‘i). Uning ildizlari bor haliyam. Toshkentda o‘rgandim, bugun kelib odamlarini ishdan oldim. Endi har bittasini o‘zim ishga tayinlayman...», degan edi prezident Shuhrat G‘ulomov faoliyatiga baho berarkan.

Shuhrat G‘ulomovning akasi Baxtiyor G‘ulomov O‘zbekistonning Amerikadagi elchisi lavozimida 4 yil davomida ishlagan.

3. Muidjon Tohiriy, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi

Muidjon Tohiriy 2006-2008 yillarda MXX raisi o‘rinbosari, 2010-2011 yillarda O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi bo‘lgan. 2011 yilda yana MXX raisi o‘rinbosari lavozimiga qaytgan va 2016 yil oxirigacha ishlagan. 2013 yilda Prezident xavfsizligi xizmatini ham boshqarishga ulgurgan.

2016 yil 20 dekabrda Davlat bojxona qo‘mitasi rais etib tayinlangan va 2018 yil 12 fevral kuni ishdan olingan.

Joriy yilning 21 dekabrida uning hibsga olingani to‘g‘risida ma’lumot berildi. Ammo Bosh prokuratura faqat hibs faktining o‘zinigina tasdiqlab, boshqa ma’lumotlarni oshkor etmadi.

2. Rashid Qodirov, sobiq Bosh prokuror, Konstitutsion sud raisi

Rashid Qodirov 2000—2015 yillarda, ya’ni 15 yil davomida Bosh prokuraturani boshqargan, shundan so‘ng Konstitutsion sud sudyasi etib saylangan (2015−2017).

Joriy yilning 23 fevral kuni Rashid Qodirov O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati tomonidan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, xabar berilgandi. Ammo keyinchalik bu xabar o‘chirib tashlandi.

Rashid Qodirov bilan birgalikda yana 21 nafar yuqori mansabdor shaxs hibsga olingani va so‘roq qilinayotgani haqida ma’lumot berilgan.

«Albatta vaqti keladi, tergov yakunlanadi, biz imkon qadar ish tafsilotlarini: qancha pul o‘g‘irlangani, ular qanday ishlarni qilgani, poralar qanday bo‘lganini aniqlashga harakat qilyapmiz, raqamlar juda katta», — degan amaldagi Bosh prokuror Otabek Murodov Qodirov ishi bo‘yicha izoh berarkan.

Prezident esa Rashid Qodirovning o‘zi barcha kirdikorlari haqida televideniye orqali gapirib berishini ma’lum qilgandi.

1. Gulnora Karimova, siyosiy tadqiqotlar markazi direktori

Mazkur o‘ziga xos «reyting»dagi shohsupa shubhasiz Gulnora Karimovaga tegishli. Uning faoliyati nihoyatda keng ko‘lamli bo‘lib, Karimova xonimga tegishliligi aniqlangan «Terra Group» MChJ, «Prime Media» MChJ, «Gamma Promotion» MChJ daromad keltiruvchi deyarli barcha sohalarda ish olib borgan.

Bosh prokuratura tomonidan 28.07.2017 yilda e’lon qilingan maxsus axborotga ko‘ra (eng qizig‘i bu xabar ham hozirgi kunda Bosh prokuratura saytida topilmadi), «...Gulnora Karimovaning nazorati ostida va ko‘magida uyushgan jinoiy guruh a’zolari 2001−2013 yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan.

... — turli korxonalardagi davlatga tegishli aksiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy ob’ektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 mlrd. so‘mlik davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish («O‘zdunrobita» QKdagi 131,9 mlrd. so‘mlik (49 foiz), «Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan LTD» MChJ shaklidagi QKdagi 14,6 mlrd. so‘mlik (67,1 foiz), «Rubicon Wireless Communication» MChJ shaklidagi QKdagi 9,6 mlrd. so‘mlik (30 foiz) davlat ulushi, 20,4 mlrd. so‘mlik 50 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari va boshqalar);

— daromadlarni (1 trln. 570,3 mlrd. so‘m), ko‘rsatilgan xizmatlar, ishlar va sotilgan mahsulotlardan tushumlarni (253,9 mlrd. so‘m) kamaytirib ko‘rsatish, imtiyozlarni noqonuniy qo‘llash (266,2 mlrd. so‘m), tekinga xizmat ko‘rsatish, ortiqcha asosiy vositalar shaklida soliqqa tortish bazasini kamaytirish va boshqa yo‘llar bilan (994,3 mln. so‘m) uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalar faoliyatida 2 trln. 91,4 mlrd. so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;

— jinoiy javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida uyushgan guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalari faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish va ularni yashirish shular jumlasidandir.

... davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so‘m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh doll., 26,1 mln. yevro (milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. so‘m)ni tashkil etadi.

Tergov materiallari bo‘yicha hozirda 12ta xorijiy mamlakat hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd. 394,1 mln. AQSh doll., 63,5 mln. yevro, 27,1 mln. funt va 18,5 mln. frank miqdordagi legallashtirilgan mablag‘lari aniqlangan.

Ushbu epizodlar bo‘yicha G. Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov e’lon qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G. Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan».
Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shov-shuvli hibslar yettiligi (foto)