08:43 / 21.02.2020
2 118

Paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarda limonzor barpo etiladi

Paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarda limonzor barpo etiladi
O‘zbekistonda limon yetishtirish rivojlantiriladi. Buning uchun paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlar limon uchun ajratiladi.
Bu borada «Limonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan «Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar» uyushmasi nomi «Sitrus, subtropik va tropik o‘simlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar» uyushmasi deb o‘zgartirildi.

Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida davlat-hususiy sheriklik shartlari asosida MCHJ shaklida Sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi.

Qarorga ko‘ra, limonzorlar paxta va g‘alladan bo‘shagan hamda foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarida resurs tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda barpo etiladi.

Yangi limonzorlar «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida ajratiladigan, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan barpo etiladi.

2020 yil 1 martdan boshlab kooperatsiyalarga birlashgan limon yetishtiruvchi fermer va dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlariga:

yangi limonzorlarni barpo etish va ko‘chatlarni xarid qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning har bir gektari uchun 30 mln so‘mdan oshmaydigan miqdori Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan;

limon mevalarining eksporti bilan bog‘liq transport xarajatlarining 25 foizigacha bo‘lgan miqdori Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan subsidiya sifatida qoplab beriladi.

Qaror bilan shuningdek ishga tushadigan limonchilik yo‘nalishidagi loyihalarning manzilli ro‘yxati va limon yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan hududlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Manba: hudud24.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)