
Toshkent shahrida yuz bergan yirik moliyaviy jinoyat – 90 ming AQSH dollarini noqonuniy ravishda yechib olish bilan bog‘liq holat butun mamlakatda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tarqatgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur jinoiy guruh a’zolari maxsus texnik va dasturiy vositalardan foydalanib, bank xodimi bilan kelishgan holda yirik summadagi mablag‘ni noqonuniy tarzda naqdlashtirishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 18 iyun kuni Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan. Tenge Bank chakana xizmatlar bo‘limi boshlig‘i IIBga murojaat qilib, noma’lum shaxslar tomonidan bank kassasidan 90 000 AQSH dollari talon-toroj qilingani haqida xabar bergan. Qo‘lga olingan shaxslar tezkor surishtiruv davomida bankka mijoz sifatida kirib, kartalar orqali postterminalga yolg‘on ma’lumot kiritish yo‘li bilan pullarni naqdlashtirishgani aniqlangan.
Jinoiy guruh a’zolari internet orqali tanishib, o‘zaro maxfiy kelishuv asosida bank xodimini ham jalb etishgan. Ular maxsus dasturlar yordamida maxinatsiyalarni amalga oshirib, pulni qonunga zid ravishda yechib olishgan. Tezkor choralar natijasida guruhning barcha a’zolari qo‘lga olindi.
Qo‘lga olinganlarning biri o‘z iqror bayonotida shunday deydi: “Men bir yil oldin Telegram'da turli guruhlarga kirib, xitoyliklar bilan gaplashganman. Ular har xil maxinatsiya va moshenniklik dasturlarini o‘rgatishgan, bank xodimini topib, shundan keyin noqonuniy yo‘lga qadam qo‘ydim. Endi qilgan ishimdan qattiq pushaymonman. Yengil pul hech qachon hech qayerda topilmaydi”.
Tezkor tadbirlar davomida 12 dona telefon, postterminal, 9 dona bank kartasi, 1 670 000 so‘m va 36 495 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda jami 9 nafar shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida ushlangan.
Toshkentdagi bu voqea zamonaviy jinoyatchilikning yangi usullaridan ogoh bo‘lish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Mutaxassislar, ayniqsa, bank va moliya tashkilotlariga xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidlamoqda. Muxlislar esa bu ishning sudda qanday yakun topishini qiziqish bilan kuzatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar