19:50 / 02.05.2020
3 679

Qullik psixologiyasi

Qullik psixologiyasi
Epigraf: Bugun “Qulliк psixologiyasi” haqida yozmoqchiman. Yozmasam bo‘lmaydi, aks holda kech bo‘ladi. Yana o‘sha miyamga yog‘ilib kelayotgan savollar menga tinchlik bermayapti. Ularni javoblarini Sizlarga havola qilaman.

Savol: Qul – nima degani?
Javob: Barcha haq-huquqlardan mahrum, birovga qaram va faqat qorni uchun yashaydigan odamga qul deb aytiladi.

Savol: Qullik qachon avj olgan va qaysi davlatlarda qullik rivojlangan?
Javob: Qaysi davlat imperiya yarata olgan bo‘lsa, o‘sha davlatda qullar ko‘p bo‘lgan. Masalan, Rim imperiyasini oling. Tarixiy asarlarda ko‘p o‘qigansiz, kinolarda quyidagi manzarani ko‘p ko‘rgansiz: Rimliklar – shohona yashagan, bosib olingan boshqa davlatlar xalqi qul qilib Rim imperiyasi hududiga olib kelingan. Har bir rimlik xonadonida qanchadan qul xizmat qilganini ko‘pchilik biladi.

Savol: Qulda huquq bo‘lganmi? Qulning asosiy vazifasi nimadan iborat?
Javob: Albatta yo‘q! Qulda hech qanday huquq bo‘lmaydi. Agar bo‘lganida “Qul” degan iboraga to‘g‘ri kelmasdi. Qulning asosiy vazifasi – bu xo‘jayinga tobelik va so‘zsiz itoat qilish.

Savol: Qul fikrlaydimi? Uning miyasiga qanday fikrlar keladi?
Javob: Ha fikrlaydi! Uning miyasiga faqat quyidagi 3 ta fikr keladi: “Men tobeman!", "Men itoat qilishim kerak!”, “Men och emasman!”. Lekin qul qo‘lini ishlatishni ma’qul ko‘radi, miyasini emas.

Savol: Qulni haqorat qilishsa, u nega jim?
Javob: Chunki uning botiniy ongiga “Sen qulsan va haqoratga mahkumsan!. Sen qulsan va haqoratga mahkumsan! Sen qulsan va haqoratga mahkumsan!" degan g‘oya singdiriladi. Buni kim singdiradi? Dastlab mustabid tuzum singdiradi, so‘ngra o‘zinikilar singdiradi.

Savol: Qulda vijdon bormi?
Javob: Bor! Biroq uning vijdoni qo‘rqoqlik zindonida zanjirband bo‘lgan. Bu vijdon dastlab tug‘yon uradi, so‘ngra bitta do‘q-po‘pisadayoq iniga kirib ketadi va alal-oqibat fig‘onga aylanadi.

Savol: Qul qulni yaxshi ko‘radimi?
Javob: Yo‘q! Qul qulni yomon ko‘radi. Qul faqat xo‘jayinni yaxshi ko‘radi. Qul Xo‘jayin qancha tahqirlasa, u undan shunchalik faxrlanib yashaydi. Buning oqibatida xo‘jayinga tobelik va itoatkorlik battar avj oladi va hatto farzandlari geniga o‘tadi.

Savol: Qulning xo‘jayini vafot etsa nima bo‘ladi? Qul ozod bo‘ladimi?
Javob: Yo‘q! Ozod bo‘lmaydi, aksincha ozor chekadi. Kerak bo‘lsa uni qul qilgan o‘sha odamning haykaliga borib sig‘inadi, devorga osig‘liq portretini o‘padi va h.k. Qul hatto Xo‘jayinni o‘ligiga sig‘inadi. U shuning uchun ham qul-da! Aks holda u Hur bo‘lgan bo‘lur edi. Qul bilan Hurni farqi ana shunda. Afsuski, qullar psixologiyasi shunaqa...

Savol: Nega?! Axir qul ham inson-ku?
Javob: Qul inson emas, u ongi qirqilgan odam. Menimcha, hatto u odam ham emas, balki odam ko‘rinishidagi jonli mavjudot. Qul – qo‘l mehnatiga o‘rgatilgan jonli mavjudot.

Savol: Axir uning onggi borku? Hayvonda ong bo‘lmaydi, insonda ong bo‘ladi, deyishadi-ku?
Javob: XX asrning xuddi mana shu davrida buyuk neyrofiziolog Ivan Petrovich Pavlov (1849-1936) yashab o‘tgan. Uni har bir yuqori sinf o‘quvchisi biladi. I.P. Pavlov Oktabr inqilobidan qattiq ranjib shunday deb yozgan: “Eti russkiye nichego ne umeyut krome togo, chtobi ubivat drug-druga... Chto za eto revolyutsiya, daje na ulitse sobak nevozmojno nayti” deb xitob qilgan. Bu ruslar kitob o‘qimaydi va miltiq ushlab bir-birini otishni biladi, xolos. Shu bois olim tadqiqotlar natijasini faqat Yevropa jurnallarida chop qildirgan. Pavlov hatto Nobel mukofoti unga berilishidan bexabar bo‘lgan. Itlarni so‘lagini oqizib Oliy ruhiy funksiyalarni o‘rganish hech qaysi olimning xayoliga kelmagan olamshumul kashfiyot edi.

Savol: Qullik bilan akademik Pavlov ishlari orasida qanday bog‘liqlik bor?
Javob: Bog‘liqlik bor. Pavlovga Nobel mukofoti berish uchun urushdan xonavayron bo‘lib yotgan och va yovuz Rossiyaga kelgan shvetsiyalik olimlar unga quyidagi savolni berishadi: Odam hayvondan nimasi bilan farq qiladi? Kuchugiga suyak berib o‘tirgan Ivan Petrovich bamaylixotir bu savolga bir so‘z bilan quyidagi javobni berdi: “Rechyu”. Demak, odam hayvondan nutqi bilan farq qiladi, degani. Bu javob Nobel qo‘mitasidan kelganlarni qoniqtirmaydi.
- Ha, mayli, Pavlov hazillashdi shekilli, deb ular (adashmasam 3 ta olim) Shvetsiyaga qaytib ketishadi.
- Xo‘sh Pavlov nima dedi? Odam hayvondan nimasi bilan farq qilarkan, deb so‘raydi, Shvetsiyada Nobel komiteti rahbarlari.
- Ha, so‘radik. Pavlov “nutqi bilan” deb javob berdi, xolos. – Boshqa, hech narsa demadimi?
– Yo‘q.
To‘g‘ri, axir hayvonlar gapirmaydi-ku, odam esa gapiradi. Haqiqatdan ham nutq – odamni hayvondan farqlab turuvchi asosiy omil. Ongchi? Ong – nutq orqasidan paydo bo‘lgan ikkilamchi fenomen. Demak, nutq bo‘lmasa, ong ham bo‘lmaydi. Shuning uchun hayvonda ong yo‘q.

Savol: Pavlovni misol keltirishimni ikkinchi sababi nima?
Javob: Itni so‘lagini oqizib, ya’ni oshqozon orqali bosh miya funksiyasini o‘rganishi! Ruslar mendan xafa bo‘lishmasin-u, G‘arbliklar: Rossiyada ilm desa, biz faqat Pavlovni tushunamiz deyishgan. Bu xokisor olimni Yevropa tan olib Nobel mukofoti bermaguncha, Inqilobiy Rossiya unga e’tibor ham qilmagan.

Savol: Qullik – bu shartsiz refleks deganimi?
Javob: Ha! Aynan shunday! Ongsiz ravishda boshqariladigan refleksga shartsiz refleks deyiladi. Qul – o‘z ho‘jayini aytganini hech qanday shartsiz shartta-shartta bajaradigan odam. Xo‘jayin qulga shart qo‘yadi, qul esa unga shart qo‘ya olmaydi. Qo‘ysa kallasi ketadi.

Savol: Oshqozon bilan miya nega misol qilib keltirildi?
Javob: Chunki qul faqat oshqozoni uchun miyani ishlatadi, Hur esa miyasini ishlatish uchun oshqozondan foydalanadi. Qul bilan Hurni farqi ana shunda. Qul fikrlamaydi, o‘ylamaydi va kuymaydi.

Savol: Bugungi kun quli qadimgi quldan nimasi bilan farq qiladi?
Javob: Bugungi davr qulining qadimgi davr qulidan farqi shundaki, u o‘zini qul deb o‘ylamaydi yoki qulligini o‘zi bilmaydi. Yana bir farqi – bugungi qul turli kasb egasi: siyosatchi, deputat, rektor, hokim, shoir, jurnalist, yozuvchi va h.k. Qaysidir kasbni sanab o‘tmagan bo‘lsam, mendan xafa bo‘lishmasin. Bu qullar turli kasb va lavozimlar egasi bo‘lishidan qat’iy nazar ularni birlashtirib turadigan bitta narsa bor. U ham bo‘lsa – so‘zsiz tobelik va itoatkorlik. Yuqorida aytganimdek, qul o‘z fikriga ega emas.

Savol: Nega endi? O‘z fikriga ega-ku? Axir deputat va siyostachilarning fikri bor-ku?
Javob: Yo‘q! Nutq degani, fikr degani emas. Bugungi siyosatchi va deputat nutqi hech kimga ziyon bermaydigan, six ham, kabob ham kuymaydigan va tepani fikrini so‘zsiz ma’qullaydigan maddohlikka burkangan nutq, xolos. Bu fikr emas, bu og‘izdan chiqqan nutqqa o‘xshash tovush! Bu nutqning bir tiyinga qimmatligini qulning o‘zi ham biladi. Nimanidir o‘zgartiruvchi inson nutqiga fikr deyiladi. Masalan, deputat – Hukumatga muxolif degani. Buni oddiy talaba ham biladi. Deputatning mustaqil fikri bo‘lishi kerak. Deputat-qul nima qiladi? Prezident nima desa, Bosh Vazir nima desa, shuni ma’qullab o‘tiraveradi. Chunki u Qul. Fikrni quli. U – qo‘rqoq. U – subutsiz! U – e’tiqodsiz biologik ballast, xolos.

Savol: Ommaviy qullik ham bo‘ladimi?
Javob: Bo‘lgandayam qandoq! Eng dahshatlisi – bu ommaviy qullik! Buyuk psixoanalitik Karl Gustav Yung XX asrning 30-yillarida “Ommaviy ongsizlik” degan ta’limot yaratdi. Bu ta’limotni chuqur tahlil qiladigan bo‘lsak, butun bir boshli millat qanday qilib qulga aylanib qolishini tagiga yetasiz. Buni tasavvur qilishning o‘zi dahshat!

Savol: Ommaviy ongizlik – bu yomon illatmi?
Javob: Ommaviy ongsizlik – o‘ta xavfli illat bo‘lib, har qanday ulug‘ Davlat va jamiyatni katta jar yoqasiga olib kelib qo‘yadi va butun boshli millat o‘sha jarlikka qulaganini o‘zi bilmay qoladi.

Savol: Ommaviy tarzdagi qullik alomatlari qanday namoyon bo‘ladi?
Javob: Ommaviy qullik birinchi navbatda ommaviy tarzda shaxsga sig‘inish bilan namoyon bo‘ladi. Shoh buni xohlamasa-da, hatto unday qilmanglar desa-da, unga sig‘inaveradi, unga tobeligini qayta-qayta isbot qilishga urinaveradi. Chunki qullik uning botiniy ongiga singib ketgan. Har qanday qul, albatta, sotqin bo‘ladi. Astma kasalligi uchun nafas yetishmasligi qanday xos bo‘lsa, qullik uchun sotqinlik shunday xos. Sardoba suv ombori bilan bo‘lgan voqea bunga misol. Uni qurgan bir-ikkita qullarcha fikrlaydigan amaldorlar Prezidentga xiyonat qildi va xalqning shuncha pulini ko‘kka sovurdi. Endi uni tiklash uchun astronomik mablag‘ kerak. Qancha odamlarni uyi vayron bo‘ldi, qancha ekinzorlar payhon bo‘ldi. Buni tasavvur qilib bo‘ladimi? Mana Sizga sotqinlikni oqibati. Sotqinlik va qo‘rqoqlik – bu qullikning asosiy atributlari. Qul Shohni ham sotadi, xalqini ham sotadi va xiyonatkor bo‘ladi.

Savol: Qul qaysi tilda gapiradi?
Javob: Qul uni qul qilgan millat tilida gapiradi. U shu darajada qo‘rqoq-ki, hali tili chiqmagan bolasi bilan ham uni qul qilgan ajnabiy tilda gapiradi. Bu bilan u faxrlanadi ham.

Savol: Qanday qilib o‘z uyida o‘zga tilda so‘zlashib yana faxrlanish mumkin?
Javob: Mumkin. Yuqorida aytdim-ku, qul – bu ongi o‘g‘irlangan jonzot, deb. Bu hali holva! Chunki, qul uni mustabid qilganlar tilida so‘zlab faxrlansa, o‘z tilida so‘zlagandan qahri chiqadi va undan yiroq yurishga intiladi. Bir ko‘z oldingizga keltiring: Qul uyida ham, ishda ham, ko‘chada ham, tug‘ruqxonada ham, majlisda ham, kafedrasida ham uni qul qilgan, bobo va buvilarini ne kuyga solganlar tilida gapiradi. Bu ham yetmagandek, qo‘l ostida ishlaydiganlar ham unga taqlid qilib, unga maddohlik qilib, unga laganbardorlik qilib o‘sha Qul-rahbar tilida so‘zlaydi.

Savol: Ommaviy qullikdan qanday qutulish mumkin? Spartak kerak-mi?
Javob: Yo‘q! Ommaviy qullikdan qutulish uchun Spartak qo‘zg‘oloni kerak emas! Ommaviy tartibsizlar ham kerak emas! Menimcha bu juda oddiy! Qullarni ishdan haydab, ularning o‘rniga haqiqiy millatsevar, ilmli va ziyoli yoshlarni olib kelish kerak. OAV hadeb maddohlik qilavermasligi kerak!Tanqidni xiyonat deb emas, maddohlikni xiyonat deb bilish kerak!

Savol: Qullikdan bizni nima qutqaradi?
Javob: Haqiqat qutqaradi. Faqat haqiqat!

Savol: Haqiqatni nima yuzaga chiqaradi?
Javob: Ommaviy-axborot vositalari! Aynan TV da aytiladigan haqiqat! Aynan “Axborot”, “O‘zbekiston 24”, “Uzreport” va boshqa rasmiy kanallar haqiqiy vaziyatni, har bir poraxo‘rlikni, har bir yutuqni xolisona yoritishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan haqiqatlar, afsuski, yordam bermayapti. Rasmiy kanallarda oddiy odamdan tortib Hukumat qarorigacha xatolarni ko‘rsataverish kerak. Bu bilan Prezidentni obro‘si tushib qolmaydi. Aksincha oshadi. Prezident har bir o‘zbekistonlikning diliga kirib boradi, uni tilda emas, dildan sevadigan bo‘lishadi. Davlat rahbarini o‘rab olgan Maddohlar daf bo‘ladi. Shuning uchun ham OAV – to‘rtinchi hokimiyat deb nom olgan.

Barchaga hurmat va ehtirom ila

Professor Zarifboy Ibodullayev
02.05.2020 yil

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qullik psixologiyasi