date
views 4 169

Qarzdorning zakoti

Qarzdorning zakoti
Bir kishining nisobga yetadigan mablag‘i bo‘lish bilan bir qatorda qarzi ham bo‘lsa, nima qiladi?
“Kitobat qilingan qul va bandadan qarzdorga qarzini miqdoricha molidan zakot vojib bo‘lmaydi. Qarzidan ortgan moli nisobga yetsa, undan zakot chiqaradi” (Roddul muhtor).

Qarzlar ikki qismga bo‘linadi: Alloh taolo tomonidan talab qilingan qarzlar, Bandalar tomonidan talab qilinadigan qarzlar.

Bir kishi biror narsani nazr qilishi, kafforot, sadaqai fitr, tamattu’ haj qilguvchining qurbonliklari, qurbon hayitining qurbonligi kabi zimmasida qarz bor insonlarning zakot nisobiga yetadigan mablag‘i bo‘lsa, zakotlarini ado qiladilar. Chunki, bu qarzlar bandalar tomonidan talab qilinmaydi.

Birovdan olingan qarz, mol sotib olib evaziga berilishi kerak bo‘lgan mablag‘, biror narsaga yetkazilgan nuqsonning jarimasi, biror kishining biror a’zosiga yetkazilgan jarohatning tavoni, ado qilinmagan naqd mahr, berilmagan kelishilgan nafaqa, birovning qarziga kafil bo‘lish bilan qarzdorga aylanish, ado qilinmagan zakot kabilar bandalar tomonidan talab qilinadigan qarz bo‘lganligi uchun nisob miqdoridan chiqarib yuboriladi, ya’ni mavjud mablag‘dan avval ushbular ado qilinadi va qolgan mablag‘ nisobga yetsa, undan zakot beriladi (Umdatul fiqh).

Shu o‘rinda bir nuqtaga e’tibor qaratish lozim. Agar bir insonga zakot berish vojib bo‘lganidan keyin zakotini ado qilmay kechiktirgan bo‘lsa va keyin yuqoridagi qarzlardan birortasiga duch kelsa, avval zakotining qarzini ado qiladi, keyin qolgan qarzlarini beradi. Chunki, zakot vojib bo‘lgandan keyin bu qarzlarga duchor bo‘lish zakotni soqit qilmaydi. Aksincha bo‘lsa, zakotni soqit qiladi (Umdatul fiqh).

Savol: Qarzga berilgan mablag‘larning zakoti kimga vojib bo‘ladi?
Javob: Usuliy qoida shuki, berilgan qarzning zakoti qarz beruvchi zimmasiga lozim bo‘ladi. Qarz oluvchiga emas.

“Bilinki, Imom(Abu Hanifa rahmatullohi alayh)ning huzurlarida qarzlar uch xil bo‘ladi: Kuchli, o‘rta, za’if. Qarzlar nisobga yetib, bir yil to‘lsa, qarzlardan zakot berish vojib bo‘ladi. Lekin, tezda emas. Balki qarz, tijorat molining badali kabi kuchli qarzlardan eng kamida qirq dirham qo‘liga tekkanda (undan bir dirham) zakot beradi. Qachon qirq dirham olsa, undan bir dirham zakot chiqarib boraveradi (Qo‘liga tegmagan qarzlaridan to qo‘liga tegmagunicha zakot bermay tursa bo‘ladi. Qo‘liga tekkach o‘tgan yillarning zakotini beradi)” (Roddul muhtor).

Savol: Qarzi bor kishi zakotini qanday ado qiladi?
Javob: Agar qarzi qo‘lidagi molidan ko‘p bo‘lsa, qo‘lidagi moli o‘ziniki emas, balki haqdorlarniki sanalib, undan zakot berish vojib bo‘lmaydi. Agar qo‘lidagi moli qarzidan ko‘p bo‘lib, qarzisini chiqargandan keyin qolgan mol nisobga yetsa, qolgan moldan zakot beradi. (Roddul muhtor).

Savol: Uzoq muddatli qarzlarni ham zakot berishda chiqarib yuboriladimi? Masalan: Yigirma millionga besh yilda uzib yuborishga uy olsa va qo‘lida o‘n-o‘n besh million puli bo‘lsa, u kishiga zakot vojib bo‘ladimi?
Javob: Qarz ikki turga bo‘linadi. Mu’ajjal (naqd berilishi kerak bo‘lgan) va muajjal (keyinchalik berishga kelishilgan) ya’ni naqd berilishi kerak bo‘lgan va keyinchalik berilishi kerak bo‘lgan. Savoldagi qarz muajjal keyinchalik berilishi vojib bo‘lgan qarzga kirib. U zakot berishni man’ qilmaydi.

Abu Hanifadan qilingan rivoyatda: (Keyinchalik berishga kelishilgan qarz zakotni) Man’ qilmaydi. Sodrushshahid aytadi: Bu borada rivoyat yo‘q, man’ qilish va man’ qilmasligining ham dalillari bor. Ko‘histoniy Javharadan ziyoda qilib: "Sahih gap shuki, muajjal (bir- ikki yilda berishga kelishilgan) qarz zakot berishni man’ qilmaydi"degan (Roddul muxtor. 2 j. 5. s.). “Shuning uchun qo‘lidagi boridan zakot beradi. (Muhammad Taqiy Usmoniy).
Ba’zilar o‘sha yilda berishga kelishilgan qarzini chiqarib yuborib, qolganidan beradi" deganlar. (Xolid Sayfulloh Rahmoniy. Hind fiqh akademiyasi raisi). Avvalgisi ehtiyotliroqdir.

Savol: Zakotni vojib bo‘lishini man’ qiluvchi qarzlar qaysilar?
Javob: Bir kishini ma’lum miqdorda mablag‘i bo‘lib, qarzi ham bo‘lsa, u mablag‘ hojati asliyaga mashg‘ul bo‘lib qoladi va ulardan zakot berish vojib bo‘lmaydi.

Agar qarzi qo‘lidagi molidan ko‘p bo‘lsa, qo‘lidagi moli o‘ziniki emas, balki haqdorlarniki sanalib, undan zakot berish vojib bo‘lmaydi. Agar qo‘lidagi moli qarzidan ko‘p bo‘lib, qarzisini chiqargandan keyin qolgan mol nisobga yetsa, qolgan moldan zakot beradi. (Roddul muhtor).

Savol: Birovga qarz bergan kishi bergan qarzidan zakot chiqaradimi?
Javob: Qarz bergan odam bergan qarzidan butkul umidini uzgan bo‘lsa, undan zakot chiqarmaydi. Mabodo, keyinchalik umidini uzgan qarzi qaytib kelsa, qo‘lliga tekkan yili uchun zakot chiqaradi. Agar umidini uzmagan bo‘lsa, undan zakot chiqaradi. Lekin, qo‘liga tekkunicha zakotni kechiktirishi mumkin. Qo‘liga tekkach o‘tgan yillari uchun ham zakot chiqaradi.

“Qarz olgan kishi inkor qilsa, qarz berguvchida hujjat bo‘lsa, Muhammad rahimahulloh nazdilarida bunday moldan zakot vojib bo‘lmaydi. Shunisi sahih” (Roddul muhtor).

“Rahmatiy bun(zakot bermaslik)ga moil bo‘lib: “Zamonamizda qarzdor qarziga iqror bo‘ladi, mablag‘iga ham, mablag‘i borligiga ham. Lekin, haqdor undan qarzini undirib olishga qodir bo‘lmaydi. Bas, u mol yo‘qning hukmidadir. Hakiymul umma Ashraf Ali Tahonaviy “Imdodul fatavo” asarlarida shunday fatvo berganlar” (Fatvoi Usmoniy).

Savol: Bir kishi o‘n to‘rt milyonga yashash uchun uy sotib olib, yarim narxini to‘ladi. Qolgan yarmini hali to‘lamagani uchun uy uni ixtiyoriga o‘tmadi. Bunday holatda xaridor sotuvchiga bergan yetti milyon pulidan zakot beradimi?
Javob: Sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida oldim-sotdim so‘zlari aytilganidan keyin hali uy xaridor nomiga o‘tmagan bo‘lsa ham bay’ mukammal bo‘ladi va sotuvchiga berilgan mablag‘dan ham zimmasidagi qarzdan ham zakot bermaydi (Fatvoi Usmoniy).

Savol: Taqsit (narxini bo‘lib to‘lash yo‘li) bilan qilingan savdoda qaysi tomon zakot beradi?
Javob: Qoida shuki, zakot hamma vaqt sotuvchining zimmasiga vojib bo‘ladi.

“Bilinki, Imom(Abu Hanifa rahmatullohi alayh)ning huzurlarida qarzlar uch xil bo‘ladi: Kuchli, o‘rta, za’if. Qarzlar nisobga yetib, bir yil to‘lsa, qarzlardan zakot berish vojib bo‘ladi. Lekin, tezda emas. Balki qarz, tijorat molining badali kabi kuchli qarzlardan eng kamida qirq dirham qo‘liga tekkanda (undan bir dirham) zakot beradi. Qachon qirq dirham olsa, undan bir dirham zakot chiqarib boraveradi (Qo‘liga tegmagan qarzlaridan to qo‘liga tegmagunicha zakot bermay tursa bo‘ladi. Qo‘liga tekkach o‘tgan yillarning zakotini beradi)” (Roddul muhtor).

Savol: Bir kishi ulovini har yili uch milliondan to‘lab turish sharti bilan uch yilga to‘qqiz millionga sotsa, sotuvchi har yili qo‘liga tegadigan uch milliondan zakot beradimi yoki hali qo‘liga tegmagan to‘qqiz milliondanmi?
Javob: Sotuvchi ulovni to‘qqiz milyonga sotganida xaridor to‘qqiz million qarzdor bo‘ldi. Qarzga berilgan moldan zakot chiqariladi. Shuning uchun har yili haqqining hammasidan zakot chiqaradi, ya’ni bir kishining oldida besh yuz ming puli bo‘lsa, undan tashqari odamlarda to‘qqiz milyon puli bo‘lsa, u kishi zakotga ega inson sanaladi va uning zimmasiga to‘qqiz yarim milyon pulidan zakot chiqarish vojib bo‘ladi.

“Bilinki, Imom(Abu Hanifa rahmatullohi alayh)ning huzurlarida qarzlar uch xil bo‘ladi: Kuchli, o‘rta, za’if. Qarzlar nisobga yetib, bir yil to‘lsa, qarzlardan zakot berish vojib bo‘ladi. Lekin, tezda emas. Balki qarz, tijorat molining badali kabi kuchli qarzlardan eng kamida qirq dirham qo‘liga tekkanda (undan bir dirham) zakot beradi. Qachon qirq dirham olsa, undan bir dirham zakot chiqarib boraveradi (Qo‘liga tegmagan qarzlaridan to qo‘liga tegmagunicha zakot bermay tursa bo‘ladi. Qo‘liga tekkach o‘tgan yillarning zakotini beradi)” (Roddul muhtor).

Savol: Qarzga berilgan mablag‘ni zakotga hisoblasa bo‘ladimi?
Javob: Zakotning sharti zakot olguvchiga zakotni mulk qilib berish va zakotni ado qilayotgan yoki ajratayotgan paytda zakot ekanligini niyat qilishdir. Avval berilgan qarzni keyinchalik zakotim deb niyat qilish durust emas.

“U(zakot)ni ado qilish sharti ado qilayotgan yoki ajratayotgan vaqtda zakot ekanligini niyat qilishdir. “Kanz”da shunday deyilgan” (Fatvoi Hindiya).

Savol: Qarzga berilgan mablag‘ni zakot o‘rniga hisoblash mumkinmi?
Javob: Mumkin emas. Chunki, zakotning ado bo‘lish sharti zakotni berayotgan vaqtida zakot ekanligini niyat qilishdir. Lekin, faqir qarzdorga qarz berguvchi zakotini mulk qilib berib, so‘ngra undan qarzini qaytarib olsa bo‘ladi. Ammo, qarzdor boy bo‘lsa, bunday qilish durust emas.

“Zakotni qarzdan ado bo‘lish yo‘li, haqdor faqir qarzdorga zakotini berib, so‘ng uni qarzi evaziga qaytarib olishidir” (Roddul muhtor).

Savol: O‘lib ketgan kishining qarzini bir kishi o‘z zakotidan ado qilishi joizmi?
Javob: Joiz emas. Chunki, mayyitga mulk qilib berish degan narsa topilmayapti.

“Zakot bilan mayyitning qarzi to‘lanmaydi. Chunki, unda zakotni rukni bo‘lgan mulk qilib berish yo‘qdir” (Tabyiynul haqoiq sharhu kanzul daqoiq).
“Zakot mablag‘i bilan masjid qurilmaydi, o‘lik kafanlanmaydi. Zakot berguvchidan zakotning farzi bo‘lgan mulk qilib berishlik degan narsa topilmagani uchun” (Javharatun nayyira).

Manba: fiqh.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qarzdorning zakoti