
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasi rivojlanib, xalqaro miqyosda ham obro‘ orttirmoqda. Bunda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish istagidagi xorijlik talabalarning soni ortib borayotgani muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, 2024/2025 o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi universitet va institutlarda tahsil olayotgan xorijlik yoshlar soni 12 ming 500 nafarga yetgan.
Ta’kidlanishicha, xorijlik talabalar orasida eng ko‘p sonli mamlakat Hindiston bo‘lib, ushbu mamlakatdan kelgan talabalar soni 6502 nafarni tashkil qilmoqda. Bu esa umumiy xorijiy talabalarning yarmidan ortig‘i demakdir.
Hindistonlik yoshlarning O‘zbekistonni tanlash sababi sifatida ta’limning yuqori sifati, qabul qilish jarayonining qulayligi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaxshi diplomatik va madaniy aloqalar ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, qo‘shni mamlakatlar ham O‘zbekistonning ta’lim tizimiga qiziqish bildirmoqda. Masalan, Turkmanistondan 1430 nafar talaba mamlakatimiz oliygohlarida tahsil olayotgan bo‘lsa, Pokistondan 1250 nafar yosh O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida bilim olmoqda.
Rossiyadan kelgan talabalar soni ham salmoqli bo‘lib, bugungi kunda 732 nafar rossiyalik talaba O‘zbekistonda o‘qiyapti. Qozog‘istonlik talabalar soni esa 639 nafarga yetgan.
Qo‘mita taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijlik talabalar soni bo‘yicha mamlakatlar kesimi quyidagicha shakllangan:
- Hindiston – 6502 nafar
- Turkmaniston – 1430 nafar
- Pokiston – 1250 nafar
- Rossiya – 732 nafar
- Qozog‘iston – 639 nafar
- Qirg‘iziston – 369 nafar
- Xitoy – 325 nafar
- Tojikiston – 322 nafar
- Koreya – 197 nafar
- Afg‘oniston – 157 nafar
- Kanada – 126 nafar
- Boshqa mamlakatlar – 431 nafar
Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistondagi ta’lim sohasidagi islohotlar xorijlik yoshlar uchun mamlakatimizning jozibadorligini yanada oshirmoqda. Bunda mamlakatimizdagi ta’lim sifatining yuqori darajada ekani va o‘quv jarayonlarining xalqaro standartlarga moslashuvi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, kelgusi yillarda ham bu tendensiyaning davom etishi va O‘zbekistondagi xorijiy talabalar soni yanada ko‘payishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarda yuqorilashiga va global nufuzining yanada ortishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Ta’limiXorijlik TalabalarHindiston TalabalariTa’lim SifatOliy Ta’limXalqaro Muloqot O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar