
Toshkent shahrida 14–17 noyabr kunlari bir qator yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgani sababli ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi, deb xabar berdi IIB matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, yuk avtomobillarining shaharga kirishi va shahar ichidagi harakati to‘xtatiladi. Harakat butunlay emas, balki ayrim ko‘chalarda ma’lum soatlarda qisman cheklanadi, haydovchilar uchun esa aylanma yo‘llar tashkil etiladi.
15 noyabr kuni soat 14:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy – Ganga ko‘prigi kesishmasidan Zarqaynar ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l yopiladi. Aylanma yo‘l sifatida Sebzor va Nurafshon ko‘chalari tavsiya etiladi.
Shuningdek, 15 noyabr kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha Qorasaroy ko‘chasi bo‘ylab harakat cheklanadi. Haydovchilar Nurafshon va Kichik halqa yo‘li orqali harakatlanishlari mumkin.
16 noyabr kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov – Furqat ko‘chalari oralig‘idagi yo‘l qisman yopiladi. Aylanma harakat Botir Zakirov, Alisher Navoiy va Beshyog‘och yo‘nalishlari orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, 16 noyabr kuni soat 09:00 dan 15:00 gacha Furqat ko‘chasidan Xadra maydonigacha bo‘lgan ikkinchi darajali yo‘l yopiladi.
Poytaxtda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha haydovchilardan harakat cheklovlariga amal qilish so‘ralgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.