
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 2024-yil dekabr oyida foydalanishga topshirilgan yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi bo‘yicha o‘tkazilgan prokuror tekshiruvlari davomida 176 million so‘mlik kamomad aniqlangan. Shu sababli qurilish ishlarini bajargan MCHJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tekshiruv ishlari boshlanganini bilgan “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasining bosh yuriskonsulti taftish natijalarini ijobiy hal qilib berish uchun MCHJ rahbaridan 8 400 AQSH dollari talab qilgani aytilmoqda. U buni mansabdor tanishlari orqali amalga oshirishini bildirgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi o‘tkazgan tezkor tadbir davomida bosh yuriskonsult kelishilgan pulni olayotgan paytida ushlangan. Hodisa joyida dalillar rasmiylashtirilgan.
Qayd etilishicha, gumondorga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.