
Navoiy viloyatida o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirib, ayolni shaxsiy videolari bilan shantaj qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayoz Qosimov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida yashovchi 25 yoshli R.J. ijtimoiy tarmoq orqali navoiylik ayol F.T. bilan tanishib, u bilan ishqiy munosabat o‘rnatgan. Qisqa vaqt ichida ayolning ishonchiga kirgan R.J. uning yarim yalang‘och rasm va videolariga ega bo‘lgan.
Oradan vaqt o‘tib, o‘zaro kelishmovchilik tufayli R.J. o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida ko‘rsatib, ayolni shaxsiy surat va videolarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqita boshlagan. U pul talab qilib, tovlamachilik bilan shug‘ullangan.
“Avvaliga qarindoshlarimdan qarz olib, unga pul bera boshladim. Ammo u kunora yana so‘rab, shantajni davom ettirdi. Oxiri ichki ishlar idorasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim”, — degan jabrlanuvchi F.T. tergov jarayonida.
Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va Navoiy viloyati IIB jinoyat qidiruv xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etilgan va tovlamachilikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingan.
Ushlangan R.J. aybini to‘liq tan olgan:
“Men bu ishlarimni hech kim bilmaydi, deb o‘ylagandim. Endi qilgan ishlarim uchun qattiq pushaymonman”, — degan u so‘rovda.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) asosida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.