
O‘zbekiston uglerod tartibotini joriy etishga yaqin bo‘lib, Markaziy Osiyoda "yashil" iqtisodiyotga o‘tishda yetakchilardan biriga aylanishi mumkin. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) va CAREC instituti tomonidan tayyorlangan qo‘shma hisobotda aytiladi.
Hisobot mualliflari O‘zbekiston allaqachon rivojlangan me’yoriy-huquqiy bazani yaratganini va issiqxona gazlari chiqindilarini monitoring qilish, hisobot berish hamda tasdiqlash bo‘yicha milliy tizimni shakllantirishni boshlaganini ta’kidlamoqda. Bu tizim kelajakdagi uglerod kvotalarini savdosi uchun asosiy element hisoblanadi.
2018-yildan boshlab O‘zbekiston iqlim infratuzilmasini faol rivojlantirmoqda. Mamlakat o‘zining milliy darajada belgilangan hissasini taqdim etdi va uni yangiladi.
Ushbu hujjatda 2030-yilga kelib iqtisodiyotning uglerod sig‘imini 2010-yilga nisbatan 35 foizga qisqartirish maqsadi belgilangan. Shuningdek, "O‘zbekiston–2030" strategiyasida iqtisodiyotning har 1 AQSh dollari uchun issiqxona gazlari chiqindilarini 30 foizga kamaytirish vazifasi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Global metan tashabbusiga qo‘shilib, 2030-yilga qadar metan chiqindilarini 30 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda. YeOTB ekspertlarining fikricha, bu kabi qadamlar mamlakatning xalqaro iqlim kun tartibiga tobora ko‘proq integratsiyalashayotganini ko‘rsatmoqda.
Respublika qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, xususan, quyosh va shamol energiyasini rivojlantirishga, energiya samaradorligini oshirishga hamda elektromobil sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu chora-tadbirlar nafaqat dekarbonizatsiyani tezlashtiradi, balki mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini kuchaytiradi.
"O‘zbekiston kelajakdagi uglerod bozori uchun zamin bo‘ladigan tizimlarni yaratishni boshlagan. Bu jarayonda erishilgan yutuqlar uni mintaqada uglerod chiqindilari uchun narx belgilashga eng tayyor davlatlardan biriga aylantiradi", — deyiladi hisobotda.
Yevroosiyo taraqqiyot banki fikricha, uglerod tartibotini joriy etish O‘zbekistonga eksport raqobatbardoshligini oshirish, "yashil" moliyalashtirishni jalb qilish va sanoat rivojlanishidan voz kechmagan holda barqaror iqtisodiy o‘sishga o‘tish imkonini beradi. Hisobotda ta’kidlanishicha, siyosiy iroda, institutsional islohotlar va "yashil" energetikaga faol investitsiyalar uyg‘unligi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning kam uglerodli transformatsiyasida asosiy o‘yinchilardan biriga aylantiradi.
Kursiv Uzbekistan prognoziga ko‘ra, 2030-yilga kelib, CO2 chiqindilari har 1 AQSh dollari uchun 0,67 kilogrammni tashkil etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar